O‘zbekiston | 22:28 / 27.06.2019
252588
7 daqiqa o‘qiladi

Yulduz Usmonova: «Gulnora Karimovani sog‘inib qolganlar, ko‘zlaringni ochinglar!»

Internetda O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning shou-biznes olamining qator vakillariga qilgan murojaati paydo bo‘ldi. Unda san'atkor Gulnora Karimovaning ozod qilinishini yoqlab chiqqan shou-biznes vakillarini qoralab, ulardan ko‘zlarini ochishni so‘ragan.

«Bir gapirishgandi, indamadim, lekin bu safar juda haddidan oshib ketishdi. San'atkorlarimiz judayam qattiq sog‘inib, yuraklari ezilib ketibdi. «Biz sog‘indik, qachon chiqasiz» deyishibdi. Chiqadi, boshinglarga balo bo‘lgani chiqadi, gap yo‘q! Yo judayam yaqindan tanirdinglarmi? Mendan so‘rasalaring bo‘ladi, yonlarida xizmatlariga chaqirsa, ertalabgacha uxlamay, pullarimni ololmay o‘tirgan kunlarim bo‘lgan.

Qachon ko‘zlaring ochiladi, musulmonlar?!

Sizlar bugun mikrofonni ushlab ashula aytyapsizlar, ertaga hech kim emassiz. Nega xalqning boshini aylantiryapsizlar? Gulnora Karimova?! Gulnora Karimovani davlat bilgan, tanigan, 1 milliardi tashqarida. 1 millard dollar, 1 milliard so‘m emas. Davlatning 1 tiyini ham xalqniki, Haqniki. Tushundilaringmi? Hali bilmaganlar qancha? Kim nima desa orqasidan ergashib ketaverish kerakmi, bo‘ldi qilinglar endi. Oldin siyosatchilar bizga tegardi, bugun sizlar nimaga tegyapsizlar? U pulni kim qaytaradi, u xalqning puli, saniki bilan maniki emas-ku? U davlatning puli (stolni mushtlab).

Shuncha beva-bechoralarga uylar berildi, yordam ko‘rsatildi. Qachon shunaqa bo‘lgandi? Nima uchun bu pulni so‘ramasligimiz kerak, so‘raymiz. Men o‘sha pullar qaytib kelishi tarafdoriman.

Xalqning puli xalqqa qaytsin. U pulga bilasizlarmi nimalar qilsa bo‘lardi, bog‘chalar, oilasini zo‘rg‘a tebratayotganlar bor. Mayli-da, orzu-havasda yurganlar bor, oylikdan oylikkacha zo‘rg‘a yashaydiganlar bor. Ota-onasi ishga ketib, o‘lib ketganlar qancha, o‘shalarga pul kerak, yetim-yesirga kerak, bog‘cha kerak, maktab kerak, bilim kerak, kitob kerak. Ha bu qayerdan keladi, aytinglar-chi? Siz o‘g‘irlab qochsangiz, men qaysi o‘g‘rini sog‘inishim kerak? O‘g‘ri-yu u! Yig‘ishtiringlar bunaqa xom-xatala gaplarni. Ijodni qilinglar, mikrofonni tuzukroq olib, ashula aytishni o‘rganinglar. Bugun sizlarning kamchiliklaringizni aytmayotgan bo‘lsak, bu haddilaringdan oshish kerak deganimas.

Siyosatchilar bizga tegardi, biz xafa bo‘lib intervyu berardik, bugun siyosatchilar tegmayapti bizga, nega sizlar tegyapsizlar siyosatchilarga? Shunga achchig‘im kelyapti. Boshidan suv tommagan odam bilmaydi-da, nimaligini.

Men yaxshi bilaman u kunlarni, yilning yarmi xizmatida «shuvoq edi», hozir pul ishlayapmiz-ku o‘rtoqlar! Men hozir endi sizlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri savol beraman – sizlarga javob bo‘lsin, nima bo‘lyapsizlar sizlar? Sog‘inayotganlar – Jahongir akaning qo‘lidan chiqqan san'atkorlar, sizlaram sog‘inyapsizlar. So‘ranglar-chi, Jahongir aka sog‘inyaptimikan? Shahar hokimi. So‘ranglar-da. Hech kim sog‘inib o‘layotgani yo‘q. Chunki uning boshidan tegirmon toshi o‘tdi, boshiga qor tushganda o‘zi kuradi. Va kimdan qor yoqqaniniyam yaxshi biladi. Sizlar bilib-bilmasdan hammayoqqa burnilaringni tiqaverasizlarmi? Bu yoshlarga qachon aql kiradi?

Men hozir bitta-bitta otingni aytadigan bo‘lsam, xalq bitta-bitta tupursa, la'natning ichida qolib ketasizlar. Nima qilasizlar hozir bilib-bilmay hammayoqqa burnilaringni tiqib. «Zapret» bo‘lganlardan so‘ranglar. Bugungi kun, bugungi davr, xalqning davri. Xursand bo‘linglar. Omon-omon zamonda yashayotganlaringga Allohga shukrona qilib, xalqni etagini o‘pib, xizmat qilinglar...», deya so‘zlarini yakunlagan Yulduz Usmonova.

Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida, birinchi prezident Islom Karimov davrida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.

U O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan trillionlab so‘m daromadni soliqdan yashirganlik, o‘zgalarning trillionlab so‘mlik mulkini tovlamachilik bilan tortib olish va qariyb 2 milliard AQSh dollarini xorijda berkitish kabi jinoyatlarda ayblangan.

Keyinroq Gulnora Karimovaga nisbatan firibgarlik, xorijiy valutani yashirish, bojxona qonunchiligini buzilishi bo‘yicha yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

2017 yilning 18 dekabrida 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Gulnora Karimovaga jazo 2018 yilning 1 iyulida 5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.

Lekin uy qamog‘ida o‘tirgan Gulnora Karimova O‘zbekistonga yetkazilgan zararni qoplashga faol qarshilik qilgani, shuningdek cheklovlarni buzgani uchun 2019 yilda yana qamoqxonaga qaytarilgan.

Gulnora Karimova endi unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddatini - 4 yilni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi kerak.

23 iyun kuni Gulnora Karimovaning qizi Instagramdagi sahifasida onasining navbatdagi murojaatini e'lon qildi.

«Birinchi so‘rovlardanoq mablag‘larim mamlakat rivoji uchun xizmat qilishi maqsadida hamkorlik qilishni boshlaganman. Bu pullar O‘zbekiston uchun naf keltiradigan loyihalarda salmoqli o‘rin tutadi, degan umiddaman. Prokuratura davlat foydasiga musodara qilingan mol-mulk va vositalarni aniq hisoblab bo‘lmasligini da'vo qilgan bo‘lsa-da, O‘zbekiston hududidagi 1,2 milliard dollar miqdoridagi shaxsiy aktivlarim menga tegishlilikdan chiqqani va respublika budjeti uchun ishlayotganini bildirmoqchiman. Bu holat bir necha mahalliy tekshiruvlar davomida o‘z tasdig‘ini topgan.

Men va advokatlarim 131 million AQSh dollari miqdoridagi pullar qaytarilishi uchun qo‘limizdan kelganini qilyapmiz. 555 million dollarlik boshqa summa uchun ham harakatni boshlaganmiz», — deyilgan bayonotda.

Uning bu bayonotidan keyin Jahongir Poziljonov, Xalima Ibragimova, Ziyoda Qobilova kabi shou-biznes vakillari o‘z sahifalarida Gulnora Karimovaga nisbatan iliq so‘zlar bildirib, uning tezroq ozodlikka chiqishini tiladi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ayni vaqtda Zangiotadagi ayollar qamoqxonasida jazo muddatini o‘tayotgan Gulnora Karimova yaqinda ozodlikka chiqishi haqida xabarlar tarqaldi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi bir necha manbalarning Kun.uz’ga bildirishicha, bu ham haqiqatdan yiroq bo‘lgan taxminlardir va Gulnora Karimova ozodlikka chiqishi kutilmayapti.

Ma'lumot uchun, Yulduz Usmonova 2013 yilda Gulnora Karimovaga bag‘ishlab, "Gulisan" nomli qo‘shiq kuylagan edi. 

Mavzuga oid