Jahon | 07:27 / 30.06.2019
57457
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda mahalliy va xorijlik ishchilar o‘rtasidagi mojaroda 30 kishi jabrlandi

Qozog‘istonning Atirau viloyatida joylashgan Tengiz neft konida qozog‘istonlik va xorijlik ishchilar o‘rtasidagi mushtlashuvda 30 kishi jabrlandi.   

Mojaroga esa Sohsolited Contracting Endihering and Prourement S.A.L Offshore (CSeR) kompaniyasining liviyalik ishchisining qozoq qiz bilan tushgan nojo‘ya surati sabab bo‘lgan. Mahalliy ishchilar ushbu suratni haqoratomuz deb topib, xorijlik hamkasblarini do‘pposlashgan.    

Ta'kidlanishicha, tibbiy punktda 30 kishiga yordam ko‘rsatilgan. Halok bo‘lganlar yo‘q.

Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi vaxta posyolkasida yuz bergan voqea yuzasidan bezorilik moddasi bo‘yicha sudgacha taftish boshlagan. “Ichki ishlar idoralari xodimlari voqea ishtirokchilari bilan profilaktika ishlari olib borishdi. Ayni vaqtda mojaro hal qilindi”, deb aytilgan xabarda.    

Voqea joyiga viloyatning mansabdor shaxslari kelib, ishchilar bilan maishiy mojaroning avj olishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida suhbat o‘tkazishgan. Shuningdek, konda mehnat sharoitlarini tashkillashtirish masalasi muhokama qilingan. Uchrashuvdan keyin ishchilar joylariga tarqalishgan, vaziyat barqarorlashgan.

Ma'lum qilinishicha, mushtlashuvni boshlaganlarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Mojaroga sabab bo‘lgan surat muallifi videomurojaat orqali Qozog‘iston xalqidan uzr so‘ragan. U o‘z qilmishi bilan biror kimga ziyon yetkazishni istamagani va shunchaki hamkasbi bilan tushgan suratni e'lon qilinganini aytgan.

Mavzuga oid