Light | 23:07 / 01.07.2019
11066
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng gavjum vokzallari

Butun dunyodagi iqtisodiyotning rivojlanishi mamlakatdagi transport infratuzilmasining holatiga ham bog‘liq. Infratuzilmasi yaxshi rivojlangan mamlakatlar bu sohada muammoga ega bo‘lganlarga qaraganda ustunlik qiladi.

Transportning ishonchli turlaridan biri temir yo‘l transporti hisoblanadi. AQSh va Yaponiya kabi rivojlangan mamlakatlarda har kuni millionlab yo‘lovchilar ishga borish va ishdan qaytish uchun poyezddan foydalanishadi. Temir yo‘l transportiga ortib borayotgan talabni qondirish uchun yirik vokzallar qurilgan va eskilari qayta ta'mirlangan.

Foto: Wikipedia

Sindzyuku vokzali (Shinjuku Station)

Tokioda joylashgan Sindzyuku vokzali dunyodagi eng band vokzal hisoblanadi. Yo‘lovchilar oqimi kuniga 3,6 million kishini tashkil etadi. U Tokioning g‘arbiy qismidagi Sindzyuku va Sibuya tumanlarini birlashtiradi.

Stansiya yer usti va yer osti arkadlar bilan qo‘shib hisoblaganda 36 platforma, 200 dan ortiq chiqish joylari va bir necha tunnellarga ega. Sindzyuku beshta, jumladan, JR-East, Tokyo Metro, Odakyu, Toei Subway va Keio Corporation stansiyalaridan iborat. JR-East stansiyasi ular orasida eng band stansiya hisoblanib, kuniga yarim millionga yaqin kishiga xizmat ko‘rsatadi.

Foto: Wikipedia

Gar-dyu-Nor (Gare du Nord)

Gar-dyu-Nor yoki Shimoliy vokzal Parijda joylashgan va Yevropada yo‘lovchilar miqdori bo‘yicha yetakchi sanaladi. U har kuni 214 millionga yaqin kishiga xizmat qiladi. Stansiya ilk marta 1846 yilda ochilgan, 1864 yilda esa vokzal kengaytirilgan.

Gar-dyu-Nor 44 ta platformaga ega va Yevropada kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rindagi temir yo‘l vokzali sanaladi. Unga uchta asosiy tranzit tizimlari, Parij metrosi tranzit tizimi, RER temir yo‘l tizimi va avtobus marshrutlari tomonidan xizmat ko‘rsatiladi. Shimoliy vokzal ikkita yo‘ldan iborat, ulardan biri Parijning shimolidan janubga o‘tadi. Vokzal xalqaro yo‘nalishlar – Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Belgiyaga ham xizmat qiladi.

Foto: Wikipedia

Howrah Junction vokzali

Howrah Junction bu — Hindistondagi yirik vokzal.  Howrah Junction Xugli daryosining g‘arbiy qirg‘og‘idagi Xovrax shahrida joylashgan va butun Hindiston bo‘ylab 1273 ta stansiya bilan bevosita bog‘langan. Stansiya 1905 yil dekabr oyida ochilgan, ilk poyezd esa Nyu-Deliga 1969 yilda kelgan. Howrah Junction 23 ta platforma va 2 ta terminalga ega. 1-terminal Sharqiy va Janubi-sharqiy marshrutlarga xizmat qilsa, 2-terminal asosan uzoq yo‘lga yuradigan poyezdlarga xizmat ko‘rsatadi.

Foto: Wikipedia

Nyu-Yorkning Markaziy vokzali (Grand Central Terminal)

Markaziy vokzal Nyu-Yorkning 42-ko‘chasida joylashgan. G‘aroyib arxitektura va interer Grand Central Terminal vokzalining AQSh milliy tarixiy obidalari ro‘yxatida joy egallashini ta'minladi. Markaziy vokzal 44 ta platforma va 56 ta yo‘lga ega. Biroq hozirda ularning bor-yo‘g‘i 43 tasidan foydalaniladi. Vokzalda «sirli» 61-platforma mavjud bo‘lib, undan bor-yo‘g‘i bir marta prezident Franklin Ruzveltni bevosita Waldorf Astoria mehmonxonasiga olib borishda foydalanilgan.

Mavzuga oid