Sport | 21:20 / 02.07.2019
5286
2 daqiqa o‘qiladi

«Tottenhem» Ndombeleni transfer qildi – klub rekordi yangilandi

«Lion» yarimhimoyachisi Tanguy Ndombele faoliyatini «Tottenhem»da davom ettiradi.

London klubi rasmiy tvitterida ma'lum qilinishicha, fransiyalik xavbek bilan 2025 yilgacha muddatga shartnoma tuzilgan.

The Telegraph ma'lumotiga ko‘ra, transfer qiymati 55 mln yevroni tashkil etgan, lionliklar jamoasi keyinchalik bonuslar tariqasida yana 9 mln yevro olishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Bu esa Ndombele «Tottenhem» tarixidagi eng qimmatbaho futbolchiga aylanganini bildiradi. 2017 yilda «Ayaks»dan 42 mln funtga sotib olingan Davinson Sanches hozirgacha «shporlar»ning eng qimmat xaridi bo‘lib qolayotgandi.

Tanguy yangi jamoasida yanvarda Xitoy chempionatiga o‘tgan Musa Dembelening o‘rnini to‘ldirishi kutilyapti.

22 yoshli Ndombele Fransiya chempionatining o‘tgan mavsumida 34ta turda maydonga tushgan va 1ta gol urib, 7ta golga hammuallif bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, YeChL finalchisi bugun «Lids Yunayted»dan yosh yarimhimoyachi Jyek Klarkni sotib olganini ham tasdiqlagan edi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid