Sport | 20:40 / 04.07.2019
7579
2 daqiqa o‘qiladi

Aren Robben faoliyatini yakunladi

Niderlandiyalik vinger Aren Robben faoliyatiga yakun yasaganini e'lon qildi.

«Oxirgi bir necha hafta davomida ko‘p o‘yladim. «Bavariya»dagi oxirgi o‘yinimdan keyin bir qarorga kelish uchun o‘zimga vaqt bergan edim. Professional futbolchi sifatidagi kareramga nuqta qo‘yishga qaror qildim.

Bu, shubhasiz, faoliyatim davomida men qabul qilishimga to‘g‘ri kelgan eng qiyin qaror bo‘ldi. Bunda aqlim va ko‘nglim bir-biriga qarshi edi.

Futbolga muhabbat va hamon hammasi qo‘lingdan keladi degan ishonch bir tomonda bo‘lsa, unga qarshi tomonda – endi hamma narsa ham sen istagandek bo‘lavermasligi, jarohat nimaligini bilmaydigan 16 yoshli yigit emasligingni eslatuvchi reallik», – deyiladi Robbenning Ziggo Sport`da e'lon qilingan bayonotida.

19 yillik faoliyati davomida «Groningen», PSV, «Chelsi», «Real» va «Bavariya» jamoalarida o‘ynagan 35 yoshli yarimhimoyachi klub futbolida 606ta o‘yin o‘tkazib, 210ta gol muallifi bo‘ldi.

Robben faoliyati davomida jami 29ta sovrin qo‘lga kiritdi.

U – 8 karra Germaniya chempioni bo‘lgan, 2 marotaba Angliya chempionatida zafar quchdi; bir martadan esa Ispaniya va Niderlandiya chempionligiga erishdi. 2013 yilda «Bavariya» safida Chempionlar ligasida g‘olib chiqdi.

Aren Niderlandiya milliy jamoasida 96ta o‘yin o‘tkazib, 37ta gol urdi hamda JCh-2010da kumush, JCh-2014da bronza medali sohibi bo‘ldi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid