Jamiyat | 15:25 / 05.07.2019
57697
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda MIB xodimlari do‘pposlandi. Ikki nafar shaxsga jinoyat ishi ochildi

Foto: Majburiy ijro byurosi

To‘lov intizomini mustahkamlash orqali qarzdorlikni kamaytirish, energiya tarmoqlariga noqonuniy ulanish, sud va boshqa organ hujjatlarining ijrosini ta'minlash kabi vazifalarini bajarish Byuro xodimlariga ham oson kechmayapti, deyiladi Majburiy ijro byurosi saytida joylashtirilgan xabarda.

Qayd etilishicha, Byuroning Surxondaryo viloyati Sherobod tuman bo‘limi davlat inspektorlari A.Eshonqulov, S.Fozilov va P.Taylanovlar birgalikda 2019 yil 29 iyun kuni soat taxminan 11:05lar chamasi tumandagi «G‘o‘rin-Gilambob» mahallasi «Do‘stlik» ko‘chasi 112-uyda yashovchi B.Normurodovning yashash xonadonida iste'mol qilingan elektr energiyasi bo‘yicha qarzdorligini aniqlash yuzasidan ko‘rik (obxod) o‘tkazayotgan vaqtida, xonadon egasining farzandlari E.Berdimurodov, U.Normurodov va L.Normurodovlar birgalikda xizmat vazifasini bajarayotgan bo‘lim davlat inspektorlarining qonuniy faoliyatiga faol qarshilik qilishib, davlat inspektorlari A.Eshonqulov va P.Taylanovlarning duch kelgan joylariga urib, tan jarohati yetkazishib, xizmat faoliyatini bajarishdan voz kechishga majbur qilgan.

Hodisa joyiga tuman prokurori S.N.Maxmanov, tuman prokuraturasi tergovchisi X.Azimov, tuman IIB boshlig‘i M.Qo‘ng‘irotov, tuman IIB EKG eksperti X.Xudoyarov va boshqa tergov tezkor guruhi a'zolari chiqishgan.

Tuman sud-tibbiyot ekspertizasining 03.07.2019 yildagi 334-sonli xulosasiga ko‘ra, davlat inspektori A.Eshonqulovga «Sog‘likning buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil tan jarohati» va 335-sonli xulosasiga ko‘ra, davlat inspektori P.Taylanovga «Yengil» tan jarohati yetkazilganligi aniqlangan.

2019 yil 3 iyul kuni mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan fuqarolar E.Berdimurodov va L.Normurodovlarga nisbatan JKning 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid