O‘zbekiston | 20:30 / 07.07.2019
16561
3 daqiqa o‘qiladi

«Yoshlar akademiyasi tashkil etiladi» - prezident maslahatchisi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tashabbusi bilan ikkita o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda. Fundamental tadqiqotlarda budjetga o‘tish, bundan tashqari, yangi kengash tashkil qilinadi va Yoshlar akademiyasi tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov Xalqaro press klubda ma'lum qildi.

Uning ta'kidlashicha, Fan va texnologiya kengashi bu yo‘nalishlarni belgilab beradi. 

«Yoshlar robototexnika, mexatronika, sun'iy intellekt va boshqa masalalarda ancha ishlashi mumkin. Akademiklarning o‘rta yoshi bugungi kunda 77 ga chiqdi. Shu ustozlarga yoshlar kerak. Ularning ustozlar bilan qiladigan ancha ishi bor», —  deydi u.

Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshlig‘i Olim To‘ychiyev Yoshlar akademiyasini tuzish masalasiga to‘xtalib o‘tdi. 

«Respublikamizda 22 mingdan ortiq ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan yosh olimlar mavjud. Ularning olib borayotgan tadqiqotiga to‘xtaladigan bo‘lsak, 69ta ilmiy tadqiqotlar ishlari olib borilyapti. Ularning umumiy qiymati 3,5 mlrd. so‘mdan oshiq. 

Yoshlar akademiyasi haqida qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, avvalambor, bu har joyda tarqoq holda olib borilayotgan kichik-kichik ishlanmalarini bir yerga to‘plash, ular uchun haqiqiy zamonaviy platforma yaratish maqsadida tashkil etilmoqda. Va hozirgi kunda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar bilan hamohang ravishda ularni davom ettirgan holda bugungi kunda zamon talabiga javob beradigan yangi tadqiqotlarni amalga oshirish imkoniyatlarini yaratadi», —  deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hozirda real iqtisodiyot sektorining talablari bo‘lgan 3D modellashtirish, robototexnika, mexatronika, sun'iy idrok va shu kabi yangi-yangi sohalarni tadqiq etishga imkoniyat yaratadi.

Olim To‘ychiyev yangi yoshlar tashkilotining tarkibiy tuzilishi haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

«Yoshlar akademiyasi 4ta platformada tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu, avvalambor, yangi zamon olimlarini yaratish uchun mo‘ljallangan. Birinchi platforma g‘oyalar generatori, ikkinchisi startaplar, biznes bilan shug‘ullanadigan yosh olim, innovatsion tadbirkor va shu kabi bo‘lajak akademiklar platformamiz mavjud», — deya ta'kidlagan u .

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid