O‘zbekiston | 11:26 / 10.07.2019
10446
2 daqiqa o‘qiladi

121 nafar desantchi parashyut bilan 164ta sakrashni amalga oshirdi

Mudofaa vazirligiga qarashli Toshkent viloyatida joylashgan Nurafshon tumani Arancha qo‘rg‘oni desantlashtirish dala-o‘quv maydonida 121 nafar desantchi 164 ta sakrash amaliyotini muvaffaqiyatli bajardi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar qilmoqda.

Ta'kidlash kerakki, desantchilar ichidan 24 nafari ilk bor “parvoz” qildi. Ular joriy yilning sentyabr oyida Qurolli Kuchlar miqyosida “Farg‘ona” poligonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan parashyut sporti musobaqasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda. “D-6”, “Berkut-2”, “Malva aksioma” kabi parashyutlarda bajarilgan sakrash amaliyoti ko‘ngildagidek o‘tdi.

“Parashyut kiyish chizig‘i”, “Guruh komandiri tekshirish chizig‘i”, “Vzvod komandiri tekshirish chizig‘i”, “Havo-desant ofitseri tekshirish chizig‘i”... Bu ketma-ketlik desantchilarni Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli Mi-8 harbiy vertolyoti tomon tobora yaqinlashtirib boraveradi. Guruh komandirlari harbiy vertolyotga chiqish oldi so‘nggi ko‘rsatmalarni berdi.

Shundan so‘ng desantchilar guruh-guruhga bo‘lingan holda navbatma-navbat belgilangan hududga parashyut bilan sakrash vazifasini bajarishga kirishdi.

Ushbu mashg‘ulot davomida ilk bor parashyut bilan sakrayotgan desantchilar ham mavjud. Ularning ko‘nikma va imkoniyatlarini kengaytirish, har qanday vaziyatda yuksak ruhiy va jangovar barqarorligini ta'minlashga xizmat qiladigan mashg‘ulot, ayniqsa, sakrash borasida “debyut” qilgan harbiylar uchun katta sinov bo‘ldi.

So‘ng desantchilar uchun dala sharoitida hozirlangan axborot ma'lumot markazi, psixologik zo‘riqishlarni bartaraf etish punkti, tibbiy xizmat xonasi, ma'naviy hordiq chiqarish xonasi, yuvinish joyi va dala oshxonasi ko‘zdan kechirildi.

 

Mavzuga oid