O‘zbekiston | 01:14 / 12.07.2019
24145
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish nima uchun kerak?

11 iyul — Xalqaro aholishunoslik kuni. 1969 yili shu sanada Birlashgan Millatlar Tashkilotining reproduktiv salomatlik, oilani rejalashtirish, aholi holatini o‘rganish bo‘yicha aholishunoslik fondi (UNFPA) tashkil etilgan edi. Fondning 50 yilligi munosabati bilan BMT va hukumat vakillari ishtirokida anjuman bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman doirasida 2022 yil kuzida O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan yirik miqyosli tadbir — aholini ro‘yxatga olish va uning ahamiyati xususida ham so‘z bordi.

Anjumanda qayd etilgandek, aholini ro‘yxatga olish muayyan vaqt ichida mamlakatdagi barcha shaxslarga taalluqli demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma'lumotni to‘plash, birlashtirish, baholash, tahlil qilish va tarqatish jarayonidir. U aholi to‘g‘risidagi eng ishonchli manba hisoblanadi.

2019 yil 5 fevralda «O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni qabul qilingan.

Davlat statistika qo‘mitasi rais o‘rinbosari Mahmudjon Ziyodullayevning bayon qilishicha, mazkur tadbirni amalga oshirishda joylarda komissiyalar ish boshlagan, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining qariyb 40 foizi bevosita aholi bilan bog‘liq. Shu bois aholini ro‘yxatga olish tadbiri mamlakatning rivojlangan va orqada qolayotgan sohalarini, yutuq va kamchiliklarini ham aniqlashda muhim rol o‘ynaydi.

O‘zbekiston mustaqil davlat sifatida ilk bor o‘z aholisini ro‘yxatdan o‘tkazmoqda.

Mahmudjon Ziyodullayevning ma'lumot berishicha, O‘zbekiston hududida ilk bor aholini ro‘yxatga olish tadbiri 1897 yilda amalga oshirilgan. Unda mavjud aholi soni, yoshi, tarkibi, oilalar soni, etnik guruhlar, tug‘ilish va o‘lim ko‘rsatkichlarini jamlash maqsad qilingan. Shundan so‘ng 1926, 1939, 1959, 1970, 1970, 1980 yillarda hamda eng oxirgi marta 1989 yilda aholi ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

1926 yilda aholi soni 4 mln 600 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda 33 mln.dan ortiqroqni tashkil etadi.

So‘nggi ro‘yxatga olish tadbiridan beri hozirga qadar demografik holat haqidagi ma'lumotlar Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlaridagi tug‘ilish va vafot etish ko‘rsatkichlari, Ichki ishlar vazirligi boshqarmalarining mamlakatga ko‘chib kelganlar va ko‘chib ketganlar haqidagi axboroti asosida yig‘ib kelingan.

— Aholini ro‘yxatga olish ma'lum bir sanada O‘zbekiston aholisining soni, yoshi, jinsi, diniy va etnik tarkibi, oilaviy ahvoli, ma'lumot darajasi, uy-joy bilan ta'minlanganligi, iqtisodiy faolligi, daromad olish manbalari, nogironligi xususida batafsil ma'lumot olishga yordam beradi. Shuningdek, aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning taqsimlanishini hisoblashda ishlatiladi, migratsiya holatini, mehnat resurslari taqsimotini aniq ko‘rsatib beradi.

Hududlarni rivojlantirish, ayollar va bolalar salomatligini saqlash bo‘yicha ishlarning manzilli amalga oshirilishi uchun ham axborot manbasi bo‘lib xizmat qiladi.

Milliy barqaror rivojlanish maqsadlarining qay darajada amalga oshirilayotgani bo‘yicha monitoring yuritish bu statistik ko‘rsatkichlar muhim hisoblanadi. Xalqaro reytinglardagi mamlakatning o‘rni ham shu ko‘rsatkichlar asosida belgilanadi. Butun dunyo bo‘yicha demografik ko‘rsatkichlarni qayd etishda ham hissa qo‘shadi, — deya qo‘shimcha qildi Davlat statistika qo‘mitasi rais o‘rinbosari.

UNFPA'ning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Kamolxon In'omxo‘jayevning bayon qilishicha, aholini ro‘yxatga olish butun dunyo bo‘yicha raundlar doirasida amalga oshiriladi. Butun dunyo aholisining 24 foizi qamrab olingan 2010 yilgi raundda O‘zbekiston ishtirok etmagan edi. 2020 yilgi raudda sanoqli davlatlardan tashqari barcha dunyo mamlakatlari, shuningdek, O‘zbekiston ham ishtirok etmoqda, bu raundda aholining 97.5 foizini qamrab olish rejalashtirilgan.

UNFPA O‘zbekistonda 2022 yilda o‘tkaziladigan aholini ro‘yxatga olish tadbirining yuqori darajada o‘tishi uchun quyidagi yordamlarni ko‘rsatadi:

  • AQSh aholini ro‘yxatga olish byurosining metodologiyasiga asoslanib, qo‘llab-quvvatlanishi talab etiladigan sohalarni aniqlash;
  • aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi qonun loyihasining ro‘yxatga olish va rejalashtirish bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqilishi;
  • aholini ro‘yxatga olish rejasi Rossiyaning statistika agentligidan aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha xalqaro ekspert ko‘magida ishlab chiqilishi.

Mavzuga oid