Toshkentda «snos»: Uy egalari shahar hokimiga o‘z shartlarini aytishdi
Qayerga qaramang, bunyodkorlik ishlari boshlangan. Shu bilan birga, buzish ishlari ham avj olgan. Murakkab va ko‘p bosqichli jarayondan ayrim viloyat va tumanlar hokimlari bir zumda sakrab o‘tayotgan bo‘lsa, yana boshqalariga oson bo‘lmayapti. Axir, inson va mulk huquqini himoya qilish buzilishlar markazida turibdi.
13 iyul kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Parkent 2 ko‘chasida yashovchi aholi vakillari bilan ayni shu masalani hal qilish uchun uchrashdi. Avvaldan aytaman, uchrashuv hech kimning manfaatiga xizmat qilmadi, tomonlar biroz muddatdan so‘ng oxirgi qarorga kelishi belgilab olindi.
Video: Youtube
Video: Mover (tas-ix)
Ta'kidlanishicha, «Ali Akbar stroy servis» MChJ Parkent 2 ko‘chasidagi aholi yashash joyida buzish ishlarini yakunlab, barcha xonadon egalarini rozi qilgan holda ularni boshqa uy-joy yoki shunga teng qiymatdagi mablag‘ bilan ta'minlasa, qurilish kompaniyasiga shaharning boshqa hududidan bo‘sh maydon ajratib berilishi kelishilgan.
Qurilish kompaniyasi ishonchli vakili Sanjar Isroilovning so‘zlariga ko‘ra, 64ta xonadondan teng yarmi shu paytgacha rozi qilindi va boshqa joyga ko‘chirildi.
Toshkent shahar hokimi masalaga qanday qo‘shildi? Gap shundaki, aholi buzish ishlarini davom ettirishga to‘sqinlik qilib, ko‘p narsadan norozi bo‘lmoqda. Avvalo, kompensatsiya pul kamligi, bundan tashqari uy-joy maydoni aniq o‘lchanmayotgani vaj qilib keltirilmoqda.
Demak, ishlarni davom ettirishga ikkita omil to‘siq bo‘lmoqda: o‘zboshimcha qurilish uchun mulk huquqini e'tirof etish to‘g‘risidagi hokim qarori bekor qilindi, tabiiyki, aholining uy-joyi maydoni kadastr hujjatlari bo‘yicha birmuncha qisqardi. Ayni paytda aholi hokimiyat qarori yuzasidan sudlashmoqda.
Boshqa masala esa uy-joy uchun haddan tashqari yuqori miqdorda tovon puli talab etilayotganidadir. Shunga qaramay, uy uniki, o‘z istagi bo‘yicha sotishga haqli ekanini ta'kidlamoqchi bo‘lamiz-ku, ammo baholash firmalari xizmatidan foydalanib, quruvchi kompaniya tovon puli qiymatini tushirmoqchi. Hokim Ortiqxo‘jayev esa bunga qarshi. Nega? Buni kuzatib, tushunishga harakat qildik.
Birinchi masala — aksiya qarori bekor qilindi.
Hukumatning 2018 yilgi «Ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida ko‘chmas mulklarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq, Parkent 2 ko‘chasida yashovchi aholining bir qismi o‘zboshimcha qurilishlarni qonuniylashtirish bo‘yicha murojaatlar qilgan. Masala ijobiy hal qilingan.
Keyinroq, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish hamda mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi qarori bekor qilinadi. Toshkent shahrining sobiq prokurori Sherzod Obloqulov joriy yilning 15 may kuni tuman hokimi qaroriga protest keltirib, qaror bandlari bekor qilinishini so‘ragan.
«O‘tkazilgan tekshirish davomida qayd etilgan xonadonning kadastr yig‘ma jildi o‘rganilganda, xonadon ko‘p kvartirali uy tarkibiga kirishi va 163-sonli qaror (tuman hokimining muhokamali qarori - tahr.) qabul qilinishidan oldin uning yuridik hujjat bo‘yicha yer maydoni mavjud bo‘lmagani ma'lum bo‘ldi», — deyiladi prokuror protestida.
Ta'kidlanishicha, yuqorida qayd etilgan nizomning 1-bandiga ko‘ra, mazkur nizom turar joylarga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida jismoniy shaxslarning qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida yoki imorat qurish uchun ruxsatnoma olmasdan qurilgan yakka tartibdagi uy-joyiga nisbatan mulk huquqini e'tirof etish tartibini belgilaydi.
Prokuror esa protest matnida xonadonni ko‘p qavatli emas, ko‘p kvartirali uy tarkibiga kirishini bildirib, chalkash holatni keltirib chiqarganday ko‘rinadi. Bu masalada aholi sudga murojaat qilgan. Negaki, hokim qarori bekor qilinishi bilan uy-joy maydoni kamayib qolgan, kompensatsiya to‘lanayotgan paytda aynan shu omilga ko‘ra pul to‘lanishi ta'kidlanmoqda.
Mojaroninig bu jihati haqida batafsil keyingi maqolada bayon etiladi.
Keyingi masala — kompensatsiya puli.
Kompaniya vakillari mulkning bozor narxini aniqlashni vaj qilib, baholash firmasiga murojaat qilishni rejalashtirgan.
Ishonchli vakilning aytishicha, Parkent 2 ko‘chasida joylashgan, buzilishi lozim bo‘lgan uy-joylarning 1 kv.m bozor narxida 500 dollarga qiymatlanadi. Masalan, 100 kv.m uy-joy 50 ming dollar bo‘lishi mumkin. Kompaniya xonadon egalariga kompensatsiya sifatida tayyor uy-joyni taqdim etishga tayyorligini bildirmoqda.
«Uyning kvadrat metriga mos, o‘zi yashab turgan hududdan uzoq bo‘lmagan, masalan Parkent bozori yo metro yaqinidan tayyor uy-joy ko‘rsatilmoqda. O‘zingiz istagan uyni ham ko‘rsatishingiz mumkin. Markazdan uzoqroqda joylashgan, lekin kvadrat metri ko‘proq bo‘lgan uy-joyni olib berishga ham tayyormiz», — deydi tadbirkor aholi bilan muloqot vaqtida.
Qurilish kompaniyasi uylar holati, qurilish muddatiga e'tibor qilib, kompensatsiya pulini 1 kvadrat metr uchun 500 dollardan oshirmasligini aytmoqda. Jahongir Ortiqxo‘jayev esa bunga qarshi chiqmoqda.
«Bu odamlarni rozi qilib, ko‘chirish uchun boshpanaga boshpana berib, keyin biznes reja tuzing. Ko‘r-ko‘rona buzishga hujjat tayyorlab, odamlarni uydan chiqarish tadbirkorga xos emas. Yetarlicha investitsiyaga ega bo‘lmasangiz, ishni tashlang, odamlarni sarson qilmang», — deydi u.
Gap shundaki, aholi qurilish kompaniyasi vakillari ustidan bir necha marta shikoyat qilgan. Go‘yoki, ular buzish ishlarini noqonuniy boshlab, xat yo hujjatsiz aholi mulkiga tahdid qilgani aytiladi. Masalan, hududda yashovchi aholining hojatxonasi ruxsatsiz, ogohlantirishsiz buzib tashlashga harakat qilingani tasvirga tushgan.
«Aslida bizning uy-joy uchun 1 kv.metrga 250 dollardan kompensatsiya puli taklif qilindi. Bu pulga yaqin atrofdan uy sotib olish imkoni yo‘q», — deydi aholi vakillaridan biri.
Shahar hokimining aytishicha, buzilishi rejalashtirilgan hudud o‘rnida Mudofaa vazirligi tuzilmasi uchun bino quriladi. Shu tufayli, buzish ishlarini paysalga solmay, masala ijobiy hal etilishi, o‘z navbatida xalq rozi qilinishi lozim. Aytish joizki, uylarning orqasida Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurti joylashgan.
Parkent 2 ko‘chasida 119 kvadrat metrga uy-joyi mavjudligini ta'kidlagan ayol 320 ming dollar kompensatsiya pulini rad etib, quyidagi fikrni bildirdi:
«Mana shu mahallada 1 qavatdan 119 kvadrat metr maydonga teng uy-joy olib bersa, roziman. Yoki pulini bersin. 320 mingga (dollar - tahr.) bu mahallada kim beradi», — deydi u kinoya bilan.
Boshqa bir xonadon egasi 38 kvadrat metr uy uchun 2 xonali va 1 xonali ikkita uy taqdim etilishini talab qilmoqda. Chigal vaziyatda bir haqiqatni anglash qiyin: aholi uy-joy buzilishiga qarshimi yo ko‘proq kompensatsiya puli evaziga yangi joyga ko‘chadimi?
Shahar hokimi masalani ijobiy hal etish uchun tadbirkorga 20 iyulga qadar muddat belgiladi. Shu vaqt oralig‘ida u qolgan xonadon egalari bilan shaxsan muzokara o‘tkazib, yakuniy yechimni taklif etishi kerak bo‘ladi. Biz kelgusi maqolada turli tomonlarning pozitsiyasini batafsil bayon qilib, sud jarayonini kuzatib boramiz.
Alisher Ro‘zioxunov
Mavzuga oid
16:21
Toshkent shahri havosini eng yomon deb ko‘rsatgan stansiya buzilib qoldi
14:14 / 24.10.2024
Poytaxt drenaj tizimini yaxshilash uchun 6 mlrd so‘m ajratildi
13:30 / 20.08.2024
Toshkent propiskasi haqidagi qonun bekor qilinadi
07:29 / 08.07.2024