O‘zbekiston | 20:20 / 18.07.2019
8657
4 daqiqa o‘qiladi

2019 yilda gilos hosildorligi 50 foizga pasaygan

Bugun, 18 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror ijrosini ta'minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, respublikadagi barcha toifadagi xo‘jaliklarda jami 269,5 ming gektar bog‘larning 118 ming gektar yoki 44 foizini olma bog‘larni tashkil etadi. Bugungi kunda dunyo bozorida asosiy talab gilos, shaftoli, o‘rik, olxo‘ri, xurmo va limon kabi bog‘dorchilik mahsulotlariga bo‘lmoqda. 2019 yil 1 iyul holatiga ko‘ra gilos 17 ming tonna, shaftoli 8,3 ming tonna, o‘rik 50 ming tonna, olxo‘ri 15 ming tonna eksport qilindi. Shu bilan birga, limonga (2,6 ming tonna) ham yil sayin talab oshib bormoqda.

Oxirgi 3 yilda respublikamizga bog‘dorchilik sohasiga 750 million AQSh dollari miqdorida investitsiyalar jalb etilgan.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida meva-sabzavotchilik sohasini rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda joriy yilning shu davrigacha 56ta meva-sabzavot klasterlari tashkil etilib, ularga 23,7 ming gektar yer maydonlari ajratib berilgan.

2016-2019 yillarda jami 293 ming gektar past hosilli paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, ularning o‘rniga qo‘shimcha eksportbop ekinlar, jumladan 93,7 ming gektar sabzavot, 37,5 ming gektar dukkakli, 15,1 ming gektar poliz, 55,6 ming gektar ozuqa, 3 ming gektar sholi va 19,1 ming gektar moyli ekinlar ekiladi hamda 27,5 ming gektar intensiv bog‘lar va 11 ming gektar tokzorlar barpo etilgan, 568 gektar maydonda issiqxonalar tashkil etilgan.

Tadbirda gilos eksporti bo‘yicha xabarlar, xususan, o‘zbek gilosi ayrim davlatlar bozorida raqobatchilarni deyarli butunlay siqib chiqargani to‘g‘risida xabarlar qay darajada asosli ekani, ishlab chiqarish va eksportning raqamlardagi ifodasi so‘raldi.

«2018 yilda jami 170 ming tonna gilos ishlab chiqarilgan bo‘lsa, shundan 34 ming tonnasi eksport qilindi. Shu 34 ming tonnaning 33 ming tonnasi kalibrovka usulida saralangan. Biz bu ko‘rsatkichni 2021 yilda 250 ming tonnaga yetkazmoqchimiz, shundan 100 ming tonnasi eksportga mo‘ljallanmoqda. Endi aynan 2019 yil hosiliga kelsak, yakuniy natijalar to‘rtinchi chorakda ma'lum bo‘ladi, chunki tog‘oldi hududlarda hali hosil bor, shuningdek muzlatkichlardagi mahsulot eksport qilinishi davom etmoqda. Lekin ob-havo noqulay kelishi tufayli taxminan 50 foiz mahsulotni yo‘qotdik. Kelgusida faqat may oyida emas, sal keyinroq yetiladigan navlarni yaratish va bozorga ko‘proq mahsulot chiqarishni rejalashtiryapmiz», deya Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Saidkarim Mahmudovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid