Sport | 22:31 / 21.07.2019
30994
7 daqiqa o‘qiladi

«Zidanga uyat». Beyl «Real»ga kerak emas

Garet Beyl va «Real» o‘rtasida «sovuq urush» davom etmoqda: Zidan uelslik futbolchi klubga kerakmasligi haqida ochiq gapirdi.

«Beyl tez orada ketishiga umid qilamiz, bu hamma uchun yaxshi bo‘ladi. Garetga qarshi hech qanday shaxsiy adovatim yo‘q, lekin shunday vaqtlar bo‘ladiki, nimanidir o‘zgartirish kerak. Men qaror qabul qilishim kerak, o‘zgarmasak bo‘lmaydi. Transfer – bu murabbiyning hamda vaziyatni tushunib turgan futbolchining qaroridir. 24 soatdan keyinmi yoki 48 soat ichida, uni bilmadim, ammo vaziyat o‘zgaradi. Hamma tomon uchun shunisi yaxshi», – dedi murabbiy jamoa mavsumoldi yig‘inini o‘tkazayotgan Monrealdagi matbuot anjumani vaqtida.

Futbolchining agenti Jonatan Barret esa fransiyalik mutaxassisning so‘zlariga keskin munosabat bildirdi. «Zidan — sharmanda. U «Real» uchun juda ko‘p ish qilgan insonga hurmatsizlik qildi. Agar bu transfer amalga oshsa ham, bu futbolchining xohishi va manfaatlari evaziga bo‘ladi, bu aslo Zidanga bog‘liq emasligi aniq. Biz bu ish ustida ishlayapmiz», dedi u.

Hammasi qachon boshlangandi?
Bahorda jamoaga qaytgach Zidan Beylni ikki marta o‘yinga zayavka qilmadi, mavsumning oxirgi turida esa futbolchi 90 daqiqa davomida zaxira o‘rindig‘ida o‘tirdi. Aniqki, futbolchini bunday holat ranjitdi: hakam hushtagi yangrashi bilan jamoaning barcha futbolchilari muxlislar qarshisiga minnatdorchilik uchun borishganida u namoyishkorona tarzda kiyim almashtirish xonasiga yo‘l oldi va hech kimga churq etmadi.

Garet OAV vakillari bilan gaplashmadi, o‘yindan keyin Radioestadio nashri u go‘yoki kiyim almashtirish xonasida jamoadoshlariga aytgan so‘zlarni keltirdi: «Mening 3 yillik shartnomam qolgan. Agar ular men ketishimni istashsa, ular menga har mavsum uchun 17 million yevrodan to‘lashlari kerak. Agar bunday qilishmasa men shu yerda qolaman va golf o‘ynayman».

Zidan esa boshqacha fikrda edi. U o‘zi jamoada ko‘rishni istagan futbolchilari ro‘yxatini tuzgan va bu futbolchilar transferi uchun 300 millionga yaqin mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan, buning uchun esa jamoa 200 million yevroga yaqin mablag‘ga futbolchi sotishi talab etilardi. Beyl Zidanning «ketuvchilar ro‘yxati»da birinchi raqamda edi.

«Ha, bizning g‘oyamiz keyingi mavsumga kuchli hujum chizig‘i bilan kirib borishga asoslangan. Ko‘ramiz, qanday bo‘larkan. Menda qanday futbolchilarni olib kelish bo‘yicha aniq tushuncha bor. Ammo menda transferlar ustidan to‘liq nazorat yo‘q. Men murabbiyman, klubda esa jiddiy hokimiyat instituti bor - prezident va boshqa muhim shaxslar. Ammo biz barcha ishni birgalikda qilamiz», degandi murabbiy yoz boshida.

O‘shandayoq Zidan Beyldan qutulish va unga o‘rinbosar olib kelish payiga tushgandi. Ammo 2022 yilgacha shartnomaga ega bo‘lgan Garet ham, uning agenti ham muzokaralar stoliga o‘tirmadi. Murabbiy futbolchini Monrealdagi yig‘ingacha sotishga ulgurishni istagandi, ammo jiddiy takliflar yo‘qligi va Beylning o‘zi oyoq tirab olishi vaziyatni qiyinlashtirdi. U 30 yoshda va jarohatlarga moyil, shunday ekan unga Madriddagi kabi maoshni boshqa klub berishi dargumonligini o‘zi ham yaxshi tushunib turadi.

Vaziyat hozir qanday tus oldi?
Birinchidan, Beylning transfer narxi o‘tgan yilgiga qaraganda 30 million yevroga kamaydi - uni hozir 60 million yevroga baholashmoqda. Ikkinchidan, Beyl va uning agenti Barret klub uni tekinga qo‘yib yuborishini so‘rashmoqda.

«Real» esa o‘z navbatida Beylni «MYu» 170 million yevroga baholagan Pogbaning transferiga qo‘shishni istamoqda. Ammo ayni vaqtda muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qolgan, chunki klub prezidenti Florentino Peres Zidandan Beylni jamoada o‘ynatishni so‘ragan.

Beylning kelajagi uchun qanday variantlar bor?
«Tottenhem». London klubi Beylni qaytarish uchun 60 million yevro to‘lashga tayyor. Ammo bu variantda futbolchi maoshining yarmini madridliklar to‘lashi talab etiladi. «Real» esa futbolchisini sotganidan keyin unga yiliga 8,5 million yevro to‘lab yurishga rozi emas.

«Manchester Yunayted». Metro ma'lumotiga ko‘ra, «Real» manchesterliklarga Pogba uchun 80 million yevro va Isko yoki Beyldan birini olishni taklif qilmoqda. Ammo «MYu»ni bu variant qiziqtirmayapti va ular fransuz futbolchisini tarkibda saqlab qolmoqchi. Lekin Pogbaning agenti Mino Rayola bir necha marta mijozi uchun yangi jamoa axtarayotgani haqida ochiq gapirdi.

Xitoy. Nomi hech qayerda aytilmagan noma'lum jamoa Beyl uchun oyiga 1,3 million yevrolik maosh taklif qilgani haqida xabarlar tarqaldi. Lekin Xitoydagi klub futbolchini tekinga qo‘lga kiritishni istaydi, tabiiyki madridliklarni bunday kelishuv qanoatlantirmaydi.

«Inter». Italiyaliklar Beylni «Real»dan ijaraga olmoqchiligi va bu borada muzokaralar boshlangani to‘g‘risida ham mish-mishlar yuribdi, ammo hozircha hech kim bu haqda ochiq gapirmadi.

«PSJ». So‘nggi xabarlarga ko‘ra vaziyatga parijliklar ham aralashdi. The Independent nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, ikki klub Neymarni Madridga Garet Beyl va qo‘shimcha to‘lov evaziga transfer qilish ehtimolini muhokama qilishgan.

Klub rahbariyati vakillari bilan munosabatlariga darz ketgan braziliyalik futbolchi «PSJ»ni tark etishni istamoqda, bu vaziyatda «qaymoqranglilar» murabbiylar shtabi rejalariga kirmagan 30 yoshli futbolchi uchun Fransiya poytaxtida omadini sinab ko‘rish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid