O‘zbekiston | 18:45 / 24.07.2019
4299
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston jurnalistlariga huquqiy yordam beradigan klinika ochildi

O‘zbekistonda jurnalistlarning huquqiy savodxonligini oshirishga xizmat qiluvchi yana bir loyiha ish boshladi. «Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi» - ZJRM (MJDC) nodavlat notijorat tashkiloti Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida mazkur Huquqiy klinikaga asos soldi, deb xabar qiladi Kun.uz muxbiri.

Xo‘sh, mazkur klinikaga kimlar, nima maqsadda tashrif buyurishlari mumkin va ularga qanday xizmat ko‘rsatiladi?

MJDC direktori Saida Sulaymonovaning so‘zlariga ko‘ra, klinika quyidagi yo‘nalishlarda og‘zaki maslahatlar beradi:

•  OAV to‘g‘risidagi qonunchilik, shu jumladan ro‘yxatga olish, muvaqqat to‘xtatish, OAV faoliyatini to‘xtatish, akkreditatsiya va jurnalistikaga oid boshqa masalalar;
•  Jurnalistlarning kasbiy faoliyati, ularning kasbiy etikasini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik;
•  Intellektual mulk huquqi;
•  Axborot olish erkinligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari (umumiy foydalanishdagi va foydalanishi cheklangan ma'lumotlar);
•  Diffamatsiya masalalariga oid qonunchilik.

Klinika yuristi Ilhom Hamidovning alohida ta'kidlashicha, mazkur Huquqiy klinika yordam bera olmaydigan jihatlar ham bor. Xususan, klinika jurnalistlar manfaatlarini sudlarda himoya qilmaydi, hujjatlar (xatlar, shartnomalar, e'tirozlar, da'vo va boshqa turdagi bayonotlar, oilaviy mojarolar va shu kabilar uchun) tayyorlamaydi. Bundan tashqari, telefon orqali huquqiy maslahat ham berilmaydi. 

Brifingda qayd etilganidek, Klinika huquqiy maslahatlari faqat oldindan ro‘yxatdan o‘tib, shaxsiy qabulga kelganlarga, shuningdek klinikaning sayti – www.legalclinic.uz saytiga onlayn murojaat qilingan taqdirda mutlaqo BePUL taqdim etiladi. 

«Huquqiy klinika jurnalistlar uchun OAV xodimlarini himoyasiga ko‘maklashib, ularning huquqiy savodxonligini oshirib, o‘zlarining qonuniy huquq va manfaatlarini o‘zlari himoya qilishlari uchun bilim berib, yuridik yordam yo‘qligi muammosini hal qilishi kerak», -deya ta'kidladi ZJRM nodavlat notijorat tashkiloti direktori Saida Sulaymonova. 

Ma'lum qilinishicha, jurnalistlarni qabul qilish haftada 6 kun soat 15-00dan 18-00gacha Toshkent shahri, Sh.Rashidov ko‘chasi, 16-uy manzilidagi «Poytaxt» biznes markazining 8-qavatida, 807A xonasida bo‘lib o‘tadi. 

Mazkur loyiha 9 oyga, 2019 yil iyun-2020 yil fevral oyilarida davom etadi. Biroq, Saida Sulaymonovaning aytishicha, bu muddat tugagach, Buyuk Britaniya elchixonasi tashabbusini davom ettirish istagini bildirgan tashkilotlar yo‘q emas. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid