Jamiyat | 20:00 / 29.07.2019
63780
3 daqiqa o‘qiladi

«Uxlab qolgan abituriyentlar». Andijonda OTMga kirish imtihonlarining birinchi kuni

Bugun, 29 iyul kuni tong sahardan Andijon shahrining ikki manzili – olimpiya zaxiralari maktab-internati sport majmuasi hamda Andijon davlat universiteti horijiy tillar fakulteti zalida, 16 kun davom etishi ko‘zda tutilayotgan mas'uliyatli tadbir -  oliy ta'lim muassasalariga  kirish imtihonlari boshlandi.

Har ikki ta'lim muassasasida test sinovlari ikki smenada tashkil etilgan bo‘lib, maktab-internat sport majmuasida bir smenada 1800 nafardan kuniga 3600 nafar abituriyent, ADUning xorijiy tillar fakulteti sport zalida esa har bir smenada 600 nafar, ikki smenada jami 1200 nafar abituriyent uchun joy hozirlangan.

Imtihon o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan har ikki muassasada abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun shart-sharoitlar to‘kis yaratilganiga guvoh bo‘ldik. Kun issiq bo‘lgani hisobiga birga kelganlarga salqin joy va «Suvoqova» tashkiloti tomonidan bepul ichimlik suvi tarqatish tashkil etilibdi.

Test sinovlarning birinchi kunida 4672 nafar abituriyent imtihonlarda ishtirok etdi. Qatnashmaganlar soni 128 nafar. Ulardan 68 nafari test sinovlariga kelmagan, 60 nafari imtihonlar o‘tkazilayotgan obektga kiritilmagan. 10 nafar abituriyent esa test zalidan chetlatildi.

Ertalabki smenada imtihonlar boshlanib bo‘lganidan keyin, kech kelgan abituriyentlarning qiliqlari kishini hayron qoldiradi. Ikki imtihon olinayotgan joydan olingan ma'lumotlarga ko‘ra jami 37 nafar talaba bo‘lishni orzu qilgan yosh «uxlab qolgan». Ular orasida imtihon boshlanganidan bir soat so‘ng kelganlari ham bo‘ldi.

O‘z hayoti davomida kamdan-kam sodir bo‘ladigan mas'uliyatli imtihonga kech qolib kelgan abituriyentlarning ichki ishlar xodimlari va mas'ullar bilan tortishgani va baqir-chaqir qilgani ham hayron qoldirdi. Ma'lumki, ertalabki test sinovlari soat 8:00da boshlanadi. Har bir abituriyent bu haqda ko‘p bora ogohlantirilgan.

Umuman olganda, Andijonda birinchi kungi imtihonlar juda tartibli tarzda o‘tdi.

Test sinovlari 13 avgustgacha davom etadi. Abituriyentlarga omad tilaymiz.

Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid