Sport | 10:55 / 07.08.2019
15794
8 daqiqa o‘qiladi

80 millionlik «ayiqpolvon». Maguayr «MYu»ga nega kerak bo‘lib qoldi?

Harri Maguayr 80 million funt evaziga «MYu»ga o‘tdi va shu tariqa futbol tarixidagi eng qimmatbaho himoyachiga aylandi. Uni «Yunayted»ga olib kelishni o‘z vaqtida Mourino ham xohlagandi. Xo‘sh, «MYu» nega Maguayrni naq 80 million funt to‘lab bo‘lsa-da sotib oldi? Arzonroqqa boshqa himoyachi olishi mumkin emasmidi? Angliyada beso‘naqayligi hazil qilinadigan Maguayr nega «MYu»ga kerak bo‘lib qoldi?

Qimmat bozorda narx-navo ham qimmat bo‘ladi

Futbol tarixidagi eng qimmatbaho himoyachilar ro‘yxatiga qarasangiz, ularning aksari oxirgi yillarda ingliz grandlari xarid qilgan futbolchilar. Angliyada oddiy futbolchilar uchun ham 30-40 million funtni ayamay sarflashayotgan bir vaqtda APLda qimmatbaho futbolchilarning ko‘p bo‘lishi tabiiy. Chunki APL bugun eng qimmat futbol bozori va turgan gapki bu yerda narx ham yuqori bo‘ladi.

Masalan, Maguayr ishonchli o‘yin ko‘rsatishda Bonuchchi, Ramos yoki Pikega yaqinlasha olmasligi ham mumkin, ammo u uchun Angliyada bir vaqtlar Ronalduning transfer qiymatiga teng bo‘lgan summani ham to‘layverishadi. Chunki ingliz klublarida pul juda-juda ko‘p. Pul ko‘p bo‘lganidan keyin boshqalar uchun juda qimmat ko‘ringan narsa ular uchun oddiy hol bo‘lib tuyulaveradi. Masalan, bizda benzin narxi «atigi» 57 sent va bu odamlarga qimmatlik qilmoqda. Aytishlaricha, BAAda benzin 62 sent va bu narx ular uchun «sariq chaqa». Chunki bizda yarim dollar topish BAAdagiga qaraganda qiyin.

Mana shu mantiqdan kelib chiqsak, «MYu» ayni damda Angliyaning eng zo‘r himoyachisi uchun 80 million funt to‘laganini normal qabul qilish mumkin. «MYu»ga aynan Maguayr toifasidagi himoyachi juda kerak edi. Katta klublar o‘zining nozik nuqtasini yopish uchun katta pullarni ayamay sarflashadi va ular shuning uchun ham katta klub.

«Katta kalla», «ayiqpolvon», beso‘naqay...

Maguayrning laqabi ko‘p va ularning barchasi beso‘naqayligi bilan bog‘liq. Uni endilikda sobiq jamoadoshi Jyeymi Vardi «katta kalla» deb atardi. Bir kuni Vardidan bu haqda so‘rashganida: «Axir uning boshi chindan ham katta, qarang», degandi. Vardi o‘zi «Lester»da hammaga laqab qo‘yib chiqadigan futbolchi hisoblanadi. Maguayrga ayniqsa «ayiqpolvon» degan laqab loyiq tushadi. «Yunayted»da bu laqabga mos yana bir futbolchi bor. Bu – Fil Jons, ammo ser Alekc davridan buyon o‘ynab kelayotgan kam sonli futbolchilardan biri bo‘lgan Jons bu transferdan so‘ng zaxirada qolish ehtimoli yuqori.

Birinchi uzatmaning samaradorligi, ishonch va yetakchilik

Maguayrning o‘z qiymatidan qimmat transfer qilingani haqida ko‘p gapirishmoqda, ammo uning ustun jihatlari ko‘p. Birinchidan, Maguayr hujumni boshlashni yaxshi uddalaydi. Uning birinchi uzatmasi yaxshi. Mourino klub rahbariyatida birinchi pasi bo‘lgan himoyachi kerakligini aytib, bekorga ularni bezor qilmadi, chunki jamoaga chindan ham birinchi uzatmasi yaxshi bo‘lgan himoyachi kerak edi. Smolling, Jons, Lindelyof bu xislatlari bilan maqtana olishmaydi.

Bundan tashqari, Maguayr ko‘p xato qilmaydi. Uning ishonchli o‘yini tayanch zonasi vakillariga bemalol o‘ynash imkonini beradi. Futbolda o‘yinning poydevori aynan himoya hisoblanadi va poydevor mustahkamligi oldingi chiziq vakillariga xotirjamlik beradi. Masalan, «Liverpul» o‘tgan mavsumlarda van Deyk hamda Alisson uchun katta pul sarflab, eng nozik nuqtasini to‘ldira olgandi. Evaziga esa Klopp jamosi Chempionlar Ligasini yutdi. Ayniqsa Virjiyl van Deykning transferi juda muhim bo‘ldi. Maguayr ham «Yunayted» uchun mana shunday burilish nuqtasiga aylangan futbolchi bo‘lishiga umid qilamiz, chunki Angliyaning eng sovrindor jamoasi Yevropa grandlari qatoridan keragidan ortiq vaqt chiqib bo‘ldi...

Maguayrning yana bir xislati yetakchilik. U maydonda futbol tili bilan aytganda «ko‘p gapiradigan» futbolchilardan hisoblanadi. Bunday futbolchilar himoyadagi balansni ushlash uchun juda muhim. «MYu»da doim top darajadagi himoyachilar bo‘lgan. Ferdinand, Vidich kabi «boks tu boks» himoyachilar oxirgi yillarda yetishmayotgandi va Maguayr aynan shunday futbolchi. Ha, siz uchun har qancha g‘alati tuyulmasin, 2016 yilgi Yevropa chempionatida do‘stlari bilan Angliya milliy jamoasiga muxlislik qilgan Maguayr bugun Yevropaning top-himoyachilaridan. Agar Maguayr «MYu» uchun jamoaning van Deykiga aylana olsa, bu butun jamoa o‘yiniga ijobiy ta'sir qiladi.

Maguayrda boshqa jamoalardan ham takliflar bor edi. Masalan, «Manchester Siti» ham unga jiddiy qiziqayotgandi, ammo Harri Manchesterning «qishloqdagi jamoasi»ni tanladi. Garchi jamoa Chempionlar Ligasida qatnashmasa ham.

Ser Aleksning 8 yil oldingi qo‘ng‘irog‘i

Maguayr bundan 8 yil avval kimsan ser Aleksning e'tiboriga tushgan. O‘shanda Angliyaning yoshlar o‘rtasidagi eng mashhur ligasi finalida «MYu» hamda «Sheffild» o‘ynagan. Birinchi o‘yinda 2:2 hisobi qayd etilgach, «Old Trafford»dagi javob bahsida «MYu» 4:1 hisobida g‘alaba qozonadi. O‘sha o‘yinda Maguayr 57-daqiqada miya chayqalishi sabab maydonni tark etadi.

Jarohati sabab tunni Manchesterda o‘tkazgan Maguayrga o‘yinni stadionda ko‘rgan ser Aleks Fergyuson telefon qiladi va hol-ahvol so‘raydi. Ser Maguayrga o‘z ustida ishlasa, top-darajada o‘ynay olishini aytadi. Shunday bo‘ldi ham. Harri bugun ser Aleksning tavsiyasi bilan dunyoning eng top-klublaridan birida o‘ynamoqda.

Maguayr o‘z mehnati evaziga porlagan futbolchi. Agar u «Lester»ning chempionlik mavsumida ko‘zga tashlanganida, balki bugungi kabi qimmatga transfer qilinmasdi. U «Tulkilar»ning chempionlikdan keyingi mavsumida «Hall Siti»dan olib kelindi va chempionlik mavsumidagi Morgan va Hutni zaxirada qoldirdi. Darvoqe, uni aynan «MYu»ga urgan golidan so‘ng ko‘pchilik eslab qolgandi. Chempionat doirasidagi o‘yinda «Lester» 2:1 hisobida g‘alaba qozongan, o‘yinning 90+5-daqiqasida Maguayr gol urgandi. Endi navbat «MYu»ga emas, uning raqiblariga gol urishda. Nima deb o‘ylaysiz, Maguayr «MYu»ning chinakam tayanchiga aylana oladimi?

O‘tkir Jalolxonov

Mavzuga oid