O‘zbekiston | 14:16 / 10.08.2019
8821
3 daqiqa o‘qiladi

ArMI-2019. «Individual mahorat» shartida jamoalar haqiqiy mahoratini namoyish etdi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

“Individual mahorat” – ushbu shart V “Xalqaro armiya o‘yinlari – 2019” doirasida “Forish” tog‘ poligonida o‘tayotgan “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovi ishtirokchilarining kasbiy mahorati, aniq va tezkorligini yuzaga chiqargani bilan ishtirokchilar va mutaxassislar diqqat markazida bo‘ldi.

Kecha, 9 avgust kuni erkaklar va ayollar “Individual mahorat” ko‘nikma namoyishi bo‘yicha maxsus mashqlarni bajardilar, deb xabar qilmoqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.

Unda 11 mamlakat sharafini himoya qilgan harbiy xizmatchilar ikki yo‘lakchada, qisqa masofadagi startdan finishgacha: shartli yarador bemorning qo‘lini jgut bilan bog‘lash va belgilangan marragacha sudrab borish; o‘pka-yurak reanimatsiyasida yurak yopiq massaji maxsus manekenga sun'iy nafas berish hamda shartli bemorning qo‘lini bog‘lagan holda, xavfsizlik qoidalariga rioya etib, uni ko‘targancha hududdan evakuatsiya qilish vazifalarini bajardi.

Nufuzli tanlov nizomiga ko‘ra, ayollar o‘rtasida shartli bemorning og‘irligi – 62 kilogramm bo‘lsa, erkaklar o‘rtasida – 70 kilogrammni tashkil etdi (bronejiletdan tashqari!). Natijalar bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Shifokorlar o‘rtasida:

1. Elmurod Bobojonov (1178 ball) — O‘zbekiston;
2. Andrey Malaxov (990 ball) — Rossiya;
3. Nurjan Kapezov (929 ball) — Qozog‘iston.

O‘rta va kichik tibbiy personali o‘rtasida:

1. Valijon Begaliyev (1101 ball) — O‘zbekiston;
2. Shoxruh Ibrohimov (1062 ball) — O‘zbekiston;
3. Xokimbek Madaminjonov (1050 ball) — O‘zbekiston.

Ushbu yo‘nalish bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan mazkur shart natijalari:

1. Oydin Ubaydullaxujayeva (802 ball) — O‘zbekiston;
2. Liliya Manasypova (781 ball) — O‘zbekiston;
3. Saidaxon Abdumo‘minova (777 ball) — O‘zbekiston.

Barcha bosqichlar natijasiga ko‘ra O‘zbekiston 5635 ball to‘plab, hozircha birinchilikda ketmoqda. Ikkinchi o‘rinda Qozog‘iston 4913 ball bilan odimlayotgan bo‘lsa, kuchli uchlikka Rossiya (4808 ball) yakun yasamoqda.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 10 avgust kuni “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovining “Eng yaxshi haydovchi” sharti bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid