Jamiyat | 14:08 / 11.08.2019
32097
22 daqiqa o‘qiladi

Qurbon bayrami, qurbonlik va uni o‘tkazish odoblari

Qurbonlik Alloh taologa atab qilingani uchun uni sog‘-salomat, hech bir nuqsonsiz bo‘lishiga urinish Alloh taologa nisbatan yuksak odobni ko‘rsatadi. Qurbonlikning go‘shti ham, qoni ham Alloh taologa kerak emasligi va yetmasligi aniq. U zotga faqat taqvo yetadi, xolos. Go‘shti va qoni yetmasa ham, qurbonlik qilinadigan hayvonning aybu nuqsonsizini topish esa, taqvoning barkamolligi uchun urinishdir...

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining hadislarida:

«Qurbonlik qilinglar! Chunki, u otangiz Ibrohimning sunnatidir», deganlar.

Imom Ahmad ibn Hanbal, Ibn Moja va al-Hokimlar rivoyat qilgan hadisda esa: «Kim imkonga ega bo‘lib turib, qurbonlik qilmagan bo‘lsa, zinhor namozgohimizga yaqinlashmasin», deyilgan. Boshqalar qurbonlik qilishni «sunnati muakkada» deganlar.

Payg‘ambarimiz alayhissalom sahobai kiromlarga Islom ta'limotlaridan tushuntirish olib boruvchi suhbatlaridan birida Qurbon bayrami, uning musulmon ummati hayotida tutgan o‘rni haqida so‘z yuritib quyidagilarni aytdilar: «Qurbonlik kunini iyd qilishga amr qilindim. Uni Alloh bu ummat uchun qilgandir», dedilar».

Demak, Qurbonlik kunini bayram qilishni Alloh taolo amr qilgan ekan. Odamlar o‘zlaricha maslahat qilishib qaror qilmagan ekanlar. Hattoki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘zlarining fikrlari yoki qarorlari ham emas, balki, Alloh taoloning Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga qilgan amri ekan. 

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamzot so‘yish kuni qon chiqarishdan ko‘ra Allohga mahbubroq ish qilgan emas. Albatta, u(hayvon)lar qiyomat kuni shoxlari, junlari va tuyoqlari bilan kelurlar. Albatta, qon yerga tushishidan oldin Allohning huzuridagi makonga yetur. Uni chin ko‘ngilla chiqaringiz», dedilar». Termiziy rivoyati.

Sharh: Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatlarini qurbonlik qilishga targ‘ib qilmoqdalar.

«Odamzot so‘yish kuni qon chiqarishdan ko‘ra Allohga mahbubroq ish qilgan emas».

«So‘yish kuni» arabchada «Yavmun Nahri»—nahr kuni deb aytiladi. «Nahr» tuya so‘yishga ishlatiladigan so‘z ekanini oldin o‘rganganmiz. Arablarda qurbonlikka odatda ko‘proq tuya so‘yilgani uchun ushbu istiloh ishlatiladigan bo‘lib qolgan.

Demak, qurbon hayitining birinchi kuni Alloh taolo uchun eng mahbub ish-qurbonlik so‘yish ekan. Bu kuni qurbonlikka so‘yilgan hayvonlar esa, shundoqqina so‘yilib ketavermas, balki, «Albatta, u(hayvon)lar qiyomat kuni shoxlari, junlari va tuyoqlari bilan kelurlar».

Va qurbonlik qilgan banda foydasiga guvohlik berurlar. Ammo, bu qilingan qurbonlikning savobi qiyomat kuni aniqlanadi degani emas.

«Albatta, qon yerga tushishidan oldin Allohning huzuridagi makonga yetur».

Qurbonlik qilinayotgan hayvon tomog‘iga pichoq tortilganda chiqqan qon yerga tushmasdan turib uning savobi Alloh taoloning huzuridagi makonga yetib boradi. Bas, shundoq ekan, «Uni chin ko‘ngilla chiqaringiz».

O‘sha qon chiqarishni sidqi dildan, ixlos ila amalga oshiringiz.

Ushbu hadisi sharifda har bir imkonini topgan mo‘min-musulmon qurbonlik qilishi naqadar savobli ish ekani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi.

QURBONLIKKA KIFOYa QILADIGAN VA KIFOYa QILMAYDIGAN NARSALAR

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikkita shoxli ola qo‘chqorni qurbonlik qildilar. Ularni o‘z qo‘llari bilan so‘ydilar, tasmiya aytdilar, takbir aytdilar va oyoqlarini bo‘yniga qo‘ydilar». Beshovlari rivoyat qilgan.

Sharh: Ushbu rivoyatda vasfi kelayotgan hayvonlar qurbonlik uchun eng munosib hisoblanadi. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qilganlari shundoq.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam ikkita shoxli ola qo‘chqorni qurbonlik qildilar».

Ilojini topgan odam shoxli ola qo‘chqor qurbonlik qilsa yaxshi. Bo‘lmasa, kifoya qiladigan qanday hayvon bo‘lsa ham, bo‘laveradi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning nima uchun bitta emas ikkita qo‘chqorni qurbonlik qilganlari hikmati keyinroq ayon bo‘ladi.

«Ularni o‘z qo‘llari bilan so‘ydilar»

Demak, so‘yishni biladigan odam qurbonligini o‘z qo‘li bilan so‘ymog‘i afzaldir.

«tasmiya aytdilar, takbir aytdilar»

So‘yish paytida, «Bismillahi, Allohu Akbar!» demoq kerakdir. Chunki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shundoq qilganlar.

«va oyoqlarini bo‘yniga qo‘ydilar».

Ya'ni, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam muborak oyoqlarni qurbonlikka so‘yilayotgan qo‘chqorning bo‘ynining o‘ng tomoniga qo‘ydilar. Chunki, so‘yiladigan hayvonni sekin, lutf ila chap biqiniga yotqiziladi. So‘yuvchi o‘ng qo‘li bilan pichoqni, chap qo‘li bilan hayvonning boshini ushlab turib so‘yadi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam qora bilan bosadigan, qora bilan cho‘kkalaydigan va qora bilan nazar soladigan qo‘chqor olib kelishga amr qildilar. Bas, uni qurbonlik qilish uchun keltirildi va U zot: «Ey, Oisha, pichoqni keltir! Toshga qayrab yubor!» dedilar. Men o‘shandoq qildim. Bas, u zot uni oldilar. So‘ngra qo‘chqorni yonboshiga yotqazib, so‘ydilar va: «Bismillahi! Ey, bor Xudoyo! Muhammaddan, oli Muhammaddan va ummati Muhammaddan qabul qilgin», dedilar va uni qurbonlik qildilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.

Sharh: Bu hadisi sharifdan qurbonlikka oid bir necha masalalarni o‘rganamiz.

1. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam qora bilan bosadigan, qora bilan cho‘kalaydigan va qora bilan nazar soladigan qo‘chqor olib kelishga amr qildilar».

Rivoyatdagi «qora bilan bosadigan, qora bilan cho‘kkalaydigan va qora bilan nazar soladigan» degani, oyog‘i qora, qorani qora va ko‘zining atrofi qora, deganidir. Demak, ushbu vasfga ega qo‘chqorni qurbonlik qilish afzaldir. Shuningdek, o‘sha vasfdagi hayvonni izlab topishga urinish ham afzal. 

Rivoyatdagi «amr qildilar» degan iboradan qurbonlikni birovga aytib oldirish mumkinligi chiqadi.

2. «Bas, uni qurbonlik qilish uchun keltirildi»

Muqtado, mashg‘ul kishilarning qurbonliklarini qo‘lidan shu ish keladigan kishilar keltirib berishlari mumkinligi ushbu iboradan anglanadi.

3. «U zot: «Ey, Oisha, pichoqni keltir! Toshga qayrab yubor!» dedilar».

Ayollarga qurbonlik so‘yishda kerak bo‘ladigan pichoqni qayrab, olib berishni topshirish mumkinligi. Shuningdek, jonliq so‘yishdan oldin pichoqni qayrab olish lozimligi.

4. «Men o‘shandoq qildim. Bas, U zot uni oldilar».

Muslima ayollar erlariga boshqa ishlarda bo‘lgani kabi, qurbonlik so‘yishda ham faol yordam berishlari.

5. «So‘ngra qo‘chqorni yonboshiga yotqizib, so‘ydilar»

Qurbonlikka so‘yiladigan hayvonni yonboshiga yotqazib so‘ymoq kerakligi.

6. «Bismillahi! Ey, bor Xudoyo! Muhammaddan, oli Muhammaddan va ummati Muhammaddan qabul qilgin», dedilar».

Qurbonlik so‘yadigan kishi boshqa vaqtlardagi so‘yishdagi kabi «Bismillahi»ni aytmog‘i shartligi.

Qurbonlik qiluvchi kishi Alloh taolodan o‘z qurbonligini qabul etishni so‘ramog‘i kerakligi.

Qurbonlik qiluvchi kishi ahli ayolining nomidan ham qilsa yaxshi bo‘lishi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatlari nomidan ham qurbonlik qilganlari.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Musinnadan boshqani so‘ymanglar. Faqat sizga qiyin bo‘lib qolgandagina qo‘yning jaza'asini so‘ysangiz bo‘lur», dedilar». Muslim, Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilgan.

Sharh: «Musinna» tuyadan bo‘lsa, besh yoshli, qoramoldan bo‘lsa, ikki yoshli, qo‘y-echkidan bo‘lsa, bir yoshli bo‘lganidir. 

«Jaza'a» Abu Hanifa rahmatullohi alayhining aytishlaricha, qo‘y-echkidan bo‘lsa, olti oyligi bo‘ladi.

Demak, imkoni bor odam kamida bir yoshli qo‘y yoki echki qurbonlik qilishi kerak. Agar kambag‘alligi tufayli, qo‘li qisqalik qilib, bir yoshli qo‘y-echkining ilojini qila olmasa, olti oylik bo‘lsa ham, kifoya qilaveradi.

Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Hudaybiyada bir tuyani yetti kishi nomidan, bir sigirni yetti kishi nomidan so‘ydik». Abu Dovud, Muslim va Termiziylar rivoyat qilgan.

Sharh: «Hudaybiya» Makkai Mukarramaga yaqin bir joyning nomi bo‘lib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam boshliq sahobalar Madinai Munavvaradan umra uchun kelganlarida mushriklar yo‘lni to‘sganlari uchun o‘sha yerda turib qolganlar. Orada sulh tuzilib, unda bu yil musulmonlar Makkai Mukarramaga kirmay qaytib ketadilar, degan band bo‘lgani uchun, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam atalgan qurbonliklarini shu yerning o‘zida so‘yib, sahobalarni ham shundoq qilishga amr etganlar.

Ana o‘shanda Jobir roziyallohu anhuning aytishlaricha, yetti kishidan bitta tuya yoki qoramol so‘yilgan ekan. Ana o‘sha narsa shariatimiz hukmidir. Tuya va qoramol qurbonlik qilinadigan bo‘lsa, ulardan har biriga yetti kishi sherik bo‘lsa, bo‘laveradi.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan safarda edik. Qurbon bayrami kelib qoldi. Bas, sherik bo‘lib bir qoramolni yetti kishi va bir tuyani o‘n kishi so‘ydik». Termiziy va Nasaiy rivoyat qilgan.

Sharh: Bu rivoyatda bir sigirni yetti kishi sherik bo‘lib qurbonlik qilishi durust ekanligi ta'kidlanmoqda. Ammo, bir tuyada o‘n kishi sherik bo‘lishini mo‘tabar mazhablardan birortasi ham olmagan.

«To‘rt narsa qurbonlikka joiz emas»

Ya'ni, to‘rt xil aybga ega hayvonlarni qurbonlik qilib bo‘lmaydi.

1. «G‘ilayligi ochiq-oydin hayvon». Demak, ko‘zida ochiq-oydin bilinib turadigan g‘ilayligi bor hayvonni qurbonlik qilib bo‘lmaydi. Agar sezilar-sezilmas bo‘lsa, mayli, deydi ulamolarimiz. Modomiki, sezilarli darajada g‘ilay bo‘lgan hayvonni qurbonlik qilib bo‘lmas ekan, undan ko‘ra kattaroq aybga ega bo‘lgan, misol uchun, ko‘zi ko‘r bo‘lgan hayvonni qurbonlik qilib bo‘lmasligi turgan gap bo‘ladi.

2. «Bemorligi ochiq-oydin hayvon». Ya'ni, ko‘rganda kasalligi bilinib turadigan hayvonni ham qurbonlik qilib bo‘lmaydi. Bas, shundoq ekan kasalligi tufayli o‘rnidan tura olmay qolgan va shunga o‘xshash holdagi hayvonlarni qurbonlik qilib bo‘lmasligi aniq bo‘ladi.

3. «Cho‘loqligi ochiq-oydin hayvon». Yurishidan cho‘loqligi aniq bilinib turadigan hayvonni qurbonlik qilib bo‘lmaydi. Agar cho‘loqligi bilinar-bilinmas bo‘lsa, qurbonlik qilsa bo‘laveradi. 

Hayvonning oyoqlaridagi nuqsoni ochiq-oydin cho‘loqlikdan yuqori, misol uchun, bir oyog‘i kesik bo‘lsa, mutlaqo qurbonlik qilib bo‘lmaydi.

4. «Miyasi chatoq hayvon». Miyasida nuqsoni bor hayvonni ham qurbonlik qilib bo‘lmaydi. Ko‘pincha chorvadorlar bundoq hayvonlarni «aylanbosh» deb ataydilar.

Demak, qurbonlik qilish uchun hayvon tanlash paytida mazkur kamchiliklar bo‘lmasligiga alohida e'tibor bermoq lozim ekan.

Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni ko‘z va qulog‘ini yaxshilab ko‘rib olishimizga; g‘ilayni, muqobalani, mudobarani, xarqoni va sharqoni qurbonlik qilmasligimizga amr qildilar. Men: «Muqobala nima?» dedim. «Qulog‘ining bir tomoni kesilgan», dedi. «Mudobara nima?» dedim. «Qulog‘ining uchi kesilgan», dedi. «Sharqo nima?» dedim. «Qulog‘i yorilgan», dedi. «Xarqo nima?» dedim.

«Qulog‘i belgi uchun yirtilgan», dedi». Sunan egalari rivoyat qilgan.

Sharh: Qurbonlik qilinishi ko‘zlangan hayvonning ko‘zidagi aybi qanchalik e'tiborda ekanini avval gapirib o‘tildi. Bu hadisi sharifda asosan qurbonlik qilishga olinadigan hayvonning qulog‘idagi ayblariga e'tibor berish haqida ketmoqda. 

Ulamolarimiz, agar qurbonlik qilinadigan hayvon ushbu hadisi sharifda zikr qilingan barcha ayblardan xoli bo‘lsa, ayni muddao bo‘ladi, qurbonlik barkamol bo‘ladi, deganlar. 

Shu bilan birga, mazkur ayblardan ba'zisi bor hayvonlarni qurbonlik qilsa, bo‘ladi, ham deganlar. Barkamol bo‘lmaydi-yu, lekin qurbonlik o‘rniga o‘tadi.

Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam qulog‘i kesik va shoxi siniqlarni qurbonlik qilishdan qaytardilar». Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan. 

Sharh:Bu masalaga muhaddislar, agar qulog‘ining yarmidan ko‘pi kesik va shoxining yarmidan ko‘pi siniq bo‘lsa, degan izohni kiritishgan. Faqihlar esa, bu hadisi sharifda gap barkamollik haqida ketmoqda. Shuning uchun ham kifoya qilsa, bo‘ldi, deydigan bo‘lsak, qulog‘i kesik va shoxi siniq ham kifoya qilaveradi, deydilar. Ushbu, qurbonlikka tanlangan hayvonning barkamol bo‘lishi lozimligi haqidagi hadisi shariflardan ikkita hikmatni mulohaza qilamiz.

Birinchi hikmat: Musulmonlarning Allohga nisbatan yuksak odoblari.

Qurbonlik Alloh taologa atab qilingani uchun uni sog‘-salomat, hech bir nuqsonsiz bo‘lishiga urinish Alloh taologa nisbatan yuksak odobni ko‘rsatadi. Qurbonlikning go‘shti ham, qoni ham Alloh taologa kerak emasligi va yetmasligi aniq. U zotga faqat taqvo yetadi, xolos. Go‘shti va qoni yetmasa ham, qurbonlik qilinadigan hayvonning ayb-u nuqsonsizini topish esa, taqvoning barkamolligi uchun urinishdir.

Ikkinchi hikmat: Kambag‘allarning ko‘ngillarini ko‘tarish. Ularga yaroqsiz bo‘lib qolgan, nuqsonli hayvonlar go‘shtini emas, eng afzal hayvonlar go‘shtini sovg‘a qilish yaxshi ish. Bunda kambag‘allarning ko‘ngillari ko‘tariladi. O‘zlarini muhtaram kishilar sifatida his etadilar.

QURBONLIKNING ODOBLARI VA UNI SAQLASh JOIZLIGI HAQIDA

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam so‘yish kuni ikkita shoxli, ola, bichma qo‘yni so‘ydilar. Ikkisini yuzlantirganlaridan so‘ng: «Albatta, men yuzimni osmonlaru yerni yaratgan Zotga, Ibrohimning millatida bo‘lgan, to‘g‘ri yo‘lga moyil bo‘lgan holimda yuzlantirdim va men mushriklardan emasman. Albatta, mening namozim, ibodatlarim, hayot va mamotim olamlarning Robbi Alloh uchundir. Uning sherigi yo‘q. Ana shunga buyurilganman. Va men eng avvalgi musulmonlardanman. Ey, bor Xudoyo, bu Sendan va Senga Muhammaddan va uning ummatidan. Bismillahi va Allohu Akbar», dedilar so‘ngra so‘ydilar». Abu Dovud va Ibn Moja rivoyat qilgan.

Sharh: Bu hadisi shirifdagi yangilik gaplardan bichilgan hayvonni ham qurbonlik qilish mumkinligi haqidagi hukmni ta'kidlashimiz lozim.

Ikkinchi narsa esa, qurbonlik so‘yish vaqtida o‘qiladigan duo. Ana o‘sha duoni o‘rganib olib qurbonlik so‘yayotganda o‘qilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kimning so‘yadigan qurbonligi bo‘lsa, Zul-Hijjaning oyi ko‘ringandan boshlab, to qurbonlik qilgunicha, sochidan ham, tirnog‘idan ham hech narsani olmasin», dedilar». Beshovlaridan faqat Buxoriy rivoyat qilmagan.

Sharh: Qurbonlik so‘yishni niyat qilgan odam va uning oila a'zolari Zul-Hijja oyi kirgan kundan boshlab, to qurbonlik qilinguncha sochlari va tirnoqlarini oldirmay yurishlari lozim. Kim bu ishni, ya'ni, soch va tirnoq oldirishni qilsa, makruh ishni qilgan bo‘ladi. Zul-Hijja oyining birinchi o‘n kunida soch va tirnoqlarni olmay yurishning sababi esa, qurbonlik qilganda undan ko‘proq a'zo ishtirok etsin, toki, qiyomatda Alloh taolo qurbonlik sababidan uni do‘zaxdan ozod qilganda ko‘proq a'zosi ozod bo‘lsin, degan yaxshi umiddir.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Hech bir kishi o‘z qurbonligidan uch kundan so‘ng yemasin», dedilar». Muslim va Termiziy rivoyat qilgan.

Sharh: Bu hadisi sharif vaqtinchalik va ma'lum sababga ko‘ra aytilgan bo‘lib, qurbonlik qilgan kishi uch kun ichida o‘zi yemasa, qurbonlik go‘shtini sadaqa qilib yuborishni taqozo qiladi.

Salama ibn al-Akva' roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim qurbonlik qilsa, uchinchi kundan keyin uyidan undan biror narsa bo‘lgan holida tong otdirmasin», dedilar. Kelasi yili bo‘lganda: «Ey, Allohning Rasuli, o‘tgan yili qilganimizdek qilaylikmi?» deyildi. U zot: «Yenglar! Taomlantiringlar! Saqlab qo‘yinglar! U yili odamlar qiyinchilikda edilar. Ularga yordam berishingizni xohlagan edim», dedilar». Beshovlari rivoyat qilgan. 

Sharh: Demak, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam musulmonlar ocharchilik tufayli qiyinchilikka duchor bo‘lgan yillari qurbonlikning go‘shtini uch kundan ortiq saqlab turishni ma'n qilganlar. Mazkur holat o‘tib to‘qchilik bo‘lganda esa, ham o‘zlari yeb, ham o‘zgalarga berib, ham saqlab qo‘yishga ruxsat berganlar. 

Ushbu hadisi sharifga binoan, ulamolarimiz, oddiy holatlarda Qurbonlikning go‘shtini uchga bo‘lib, bir qismini yegani, ikkinchi qismini kambag‘allarga bergani, uchinchi qismini saqlab qo‘ygani yaxshi, deydilar.

Muhtojlar ko‘payganda esa, ularning rioyasini qilish zarurdir.

QURBONLIK HAQIDA QO‘ShIMChA MA'LUMOTLAR

Qurbonlik qurbon hayiti kunlari so‘yiladigan hayvondir.

Fuqaholar istilohida qurbonlik «Maxsus hayvonni maxsus vaqtda so‘yishdir».

Qurbonlik shariatga ikkinchi hajriy sanada kiritilgan.

Hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish vojibdir.

Qurbonlik qilish hur, balog‘atga yoshiga yetgan, oqil, muqim va zakot nisobiga molik bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Hanafiy mazhabi bo‘yicha musofirga qurbonlik qilish vojib bo‘lmaydi. 

Qurbonlik qilishning vaqti hayit kunining tongi otish bilan kiradi va uchinchi hayit kunining quyoshi botishi bilan chiqadi. Faqat qurbonlikni hayit namozini o‘qib bo‘lgandan keyingina qilina boshlanadi.

Agar qurbonlikka atalgan hayvon qochib ketib o‘rniga boshqasi olingan bo‘lsa, keyin avvalgisi ham topilib qolsa, ikkisini ham so‘yiladi.

Qurbonlik qilinadigan hayvonlar mol, qo‘tos, tuya, qo‘y va echkilardan iboratdir. Bu hayvonlarning erkagi ham, urg‘ochisi ham, bichilgani ham, bichilmagani ham qurbonlik qilinsa, bo‘laveradi. Boshqa hayvonlarni qurbonlik qilib bo‘lmaydi.

Mavzuga oid