O‘zbekiston | 08:40 / 11.08.2019
32518
14 daqiqa o‘qiladi

UNESSO ro‘yxatida turish nimani anglatadi? Buning bizga keragi yo‘qmi?

O‘zbekistonning asosiy brendlaridan biri hisoblangan Samarqand shahri UNESCO ro‘yxatidan chiqarilishi mumkinligi haqidagi gaplar tarqalgani mamlakat, millat taqdiriga befarq bo‘lmaganlarni xavotirga solgani aniq. Shaharning tarixiy qismida amalga oshirilgan, amalga oshirilayotgan va to‘xtaydiganga ham o‘xshamayotgan qurilish ishlari chindan Samarqand madaniy meroslar bilan bog‘liq eng obro‘li ro‘yxatni tark etishiga sabab bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, UNESCO ro‘yxatida turish nimani anglatadi? Bu ro‘yxatda bo‘lish bizga kerak emasmi?

UNESCO hech kimga buyruq bermaydi, qurilishlarni ham to‘xtatmaydi

So‘nggi vaqtlarda Samarqandning tarixiy qismida amalga oshirilayotgan qurilishlar to‘xtashiga UNESCO sabab bo‘layotgan ekan, bu xalqaro tashkilot qurib bo‘lingan uylarni buzishni talab qilyapti degan gaplar tarqaldi. Bu esa xato tushuncha. UNESCO hech qachon biror mamlakatga borib, falon binoni buzasan, pisdon binoni qurmaysan demaydi. Agar etika me'yorlariga amal qilmasa, tashkilot bu qadar obro‘ga ega bo‘lmasdi. UNESCO shunchaki o‘z ro‘yxatiga kiritilgan mamlakatdagi tarixiy bino oldida boshqa qurilish bo‘lsa, o‘sha yangi qurilish tarixiy binoga xalaqit bersa (ya'ni unga soyasi tushsa yoki tarixiy binodan baland bo‘lib qolsa), «Janoblar, mana bu qurilish sabab sizning shahringiz bizning ro‘yxatdan chiqishi mumkin», deb ogohlantiradi xolos.

UNESCO biror mamlakat, shahar yoki obekt o‘z ro‘yxatida turishi uchun qo‘pol qilib aytganda «o‘lib-tirilmaydi». Aksincha, mamlakatlar xalqaro madaniy meroslarni himoya qiladigan bu tashkilot ro‘yxatidan o‘rin olish uchun yillar davomida harakat qilishadi, buni sharaf deb bilishadi. Masalan...

Iroq Vavilonni (Bobil) UNESCO ro‘yxatiga kiritish uchun 40 yil harakat qildi

Bugungi Iroq hududida joylashgan ko‘hna Vavilon shahri xarobalari 40 yil deganda UNESCO’ning elit ro‘yxatiga kiritildi. Shu yil 5 iyul kuni Bokuda o‘tkazilgan UNESCO yig‘ilishida Vavilon xarobalari rasman tashkilot ro‘yxatiga kiritildi. Vaholanki, Vavilon ko‘hna dunyo uchun muhim shahar bo‘lgan. Ammo shunday ko‘hna shahar ham Iroqning uzoq yillik sa'y-harakatlaridan keyingina UNESCO ro‘yxatiga kiritilyapti. Bizda esa odamlar bu ro‘yxatda turish bizga nima beradi deb yurishibdi.

Keling, o‘sha bir guruh odamlar orasida tarqalgan «Bu ro‘yxatda turish bizga nima beradi?», degan savolga javob berishga harakat qilib ko‘ramiz. Birinchidan, butun boshli shaharning UNESCO himoyasida bo‘lishi bu o‘sha shaharning tarixiyligini isbotlovchi hujjat! Ertaga biror sayyoh zamonaviylik joniga tegib, tarixga sayohat qilishni istab qolsa, UNESCO ro‘yxatiga qaraydi. Dunyo tan olgan bu tashkilot bejiz bu shaharlarni o‘z ro‘yxatiga kiritmaganini esi joyida sayyoh tushunadi.

Bundan tashqari, UNESCO ro‘yxatida turishning moddiy manfaatdorligi ham bor. Masalan, Suriyaning vayrona bo‘lgan shahri Alepponing (Halab) qayta tiklanishi uchun UNESCO katta pul ajratdi (rus nashrlari buni rad etganiga qaramay). Tashkilot o‘zining juda katta qamrovli mediamakonida tasarrufidagi shaharlar, mamlakatlar va obektlarni reklama qiladi.

Qachon obektlar UNESCO ro‘yxatidan chiqariladi?

Tarixiy obektlar bir nechta sababga ko‘ra UNESCO ro‘yxatidan chiqarilishi mumkin. Ulardan biri yangi binolar tarixiy obektlarga xalaqit berishidir. Bundan tashqari, mamlakatlar tarixiy obektlarga e'tibor berishmasa, UNESCO o‘sha mamlakat rasmiylari bilan uchrashadi va shunda ham yetarli chora ko‘rilmasa, obektlar ro‘yxatdan chiqariladi. UNESCO’da o‘ziga xos «qizil ro‘yxat» bor. Bu ro‘yxatga xarob va ta'mirtalab ahvolga kelib qolgan tarixiy joylar kiritiladi. Agar bu ro‘yxatdagi binolarni ta'mirlash chorasi ko‘rilmasa, ular ro‘yxatdan chiqariladi.

UNESCO ro‘yxatidan chiqarilish holati ko‘p kuzatilmagan, chunki bu jiddiy jarayon. Birinchidan, tashkilot binolarni o‘z ro‘yxatiga olishi murakkab jarayon va unga oson chiqarib yuboriladigan binolar kiritilmaydi. Ikkinchidan, UNESCO o‘z ro‘yxatidan binolar va shaharlar kamayishini xohlamaydi, chunki bu tashkilotning maqsadi jahondagi madaniy meroslarni himoya qilish, ularni ro‘yxatdan o‘chirish bilan qo‘rqitish emas.

Kreml ham ro‘yxatdan chiqishi mumkin bo‘lgan...

UNESCO’ning elit ro‘yxatidan chiqish xavfi Rossiyaning «yuragi» Kremlni ham chetlab o‘tmagandi. 2016 yilda ochilgan knyaz Vladimirning Moskvada o‘rnatilgan haykali sabab Kreml UNESCO tasarrufidan chiqishi mumkin bo‘lgan obektlar qatoriga kirib qoladi. Haykalning balandligi dastlabki loyihaga ko‘ra 24 metr edi, ammo UNESCO bunday balandlikdagi haykalning soyasi Kremlga tushishi bois uni pasaytirishni tavsiya qildi. Rossiya hukumati esa UNESCO so‘rovini to‘g‘ri qabul qilib, haykalning balandligini 17,5 metrga tushiradi. Shundan 16 metri yodgorlik, 1,5 metr poydevorni tashkil qiladi. UNESCO tarixiy binolar atrofida undan baland inshoot bo‘lishini oqlamaydi, chunki bunday bino yoki yodgorliklarning ko‘pligi qadimiy binoni to‘sib qo‘yishi mumkin. Bu esa uning qadrini pasaytiradi.

Ro‘yxatingizdan chiqaravering, bizga ko‘prik kerak

2009 yilda Germaniyaning Elba daryosi bo‘yida joylashgan Drezden vodiysi UNESCO ro‘yxatidan chiqariladi. Ammo bunga mahalliy aholi qarshilik qilmaydi. Elba daryosi ustida ko‘prik qurilgani sabab vodiy tashkilotning obro‘li ro‘yxatidan chiqariladi, chunki ko‘prik vodiyning tarixiy landshafti o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Drezden rahbariyati bu qarorni o‘zi qabul qilmaydi. Xalq orasida ko‘prik qurilishi borasida referendum o‘tkaziladi va ko‘pchilik uning qurilishini qo‘llaydi, chunki bu qurilish aholining uzog‘ini yaqin qilardi. Shu tariqa UNESCO Drezden vodiysini o‘z ro‘yxatidan chiqaradi, ammo bundan Germaniya xafa bo‘lgani yo‘q, chunki ko‘prik qurilishi xalqning tanlovi edi.

Xuddi shunga o‘xshash muammo Reyn daryosi bo‘yida ham kuzatilgandi. Germaniya hukumati daryo bo‘yidagi Lorelei qal'asi oldida ko‘prik qurishni rejalashtiradi. Ammo tarixiy landshaftga xalaqit beradi degan xulosaga kelgan UNESCO qurilishni oqlamaydi va loyiha bekor qilinadi. Ko‘prik o‘rniga ipli yo‘l qurish taklifi esa tashkilot tomonidan ijobiy qabul qilinadi.

UNESCO ro‘yxatidagi eng chuqur meros

Dunyoning eng chuqur ko‘li Baykal UNESCO ro‘yxatining tabiat durdonalari bo‘limidan o‘rin olgan. Baykalning atrofidagi qurilishlar tashkilotni doim xavotirga solib kelgan. Ayniqsa ko‘l yaqinida faoliyat boshlagan qog‘oz ishlab chiqarish korxonasi Baykalga zarar yetkaza boshlaydi. Shu bois, 2013 yilda o‘z chiqindilarini ko‘lga oqizadigan bu korxona yopiladi.

Bitta ibodatxonaga ikkita mamlakatdan eshik

Tailand va Kamboja chegarasida joylashgan Shiva ibodatxonasi «meniki-meniki» bo‘lib uzoq yillar ikki mamlakatning tortishuviga sabab bo‘ladi. Ikki mamlakat ham uni o‘ziniki deb hisoblaydi. Vaziyat shunchalikka boradiki, 2008 yilda davlatlar o‘rtasida qurolli to‘qnashuv sodir bo‘ladi va afsonalarda to‘rt qo‘lli deb tasvirlanadigan Shivaga atab qurilgan ibodatxonaga zarar yetadi. Oqibatda UNESCO o‘z ro‘yxatidagi ibodatxonani xavf ostida qolayotgan obektlar ro‘yxatiga kiritadi va mojaroni hal qilishni tavsiya qiladi. Muammoga o‘ziga xos yechim topiladi. Tomonlar kelishgan holda ibodatxonaga har ikki mamlakatdan ham eshik qo‘yishadi. Natijada Shiva ibodatxonasi «doimiy ro‘yxat»ga qaytariladi.

UNESCO ro‘yxatidan chiqarilgan birinchi obekt

Jahon tarixiy merosini himoya qiluvchi UNESCO ro‘yxatini birinchi bo‘lib 2007 yilda Ummondagi qo‘riqxona tark etadi. Bu qo‘riqxonada antilopalar brokonerlar tomonidan ko‘p marta ovlangani aniqlangach, UNESCO uni o‘z ro‘yxatidan chiqaradi. Bu elit ro‘yxatni tark etgan ilk obekt bo‘lib tarixda qoladi.

AQSh va Isroil UNESCOdan chiqib ketgan

2019 yilda AQSh va Isroil UNESCO’ni tark etishga qaror qilgan. Har ikki mamlakat o‘z xohishiga ko‘ra ro‘yxatni tark etadi. Isroilning BMTdagi doimiy vakili mamlakatning bu qarorini shunday izohlaydi: «UNESCO tarixni doimiy o‘zgartirib kelayotgan tashkilot. Ular Isroilning Quddus bilan bog‘liqligi borasidagi ma'lumotlarni o‘chirib borishadi. Bu tashkilotni yahudiylarni o‘ziga dushman deb biladiganlar boshqaradi». AQSh ham Isroil-Falastin ziddiyatidagi fikrlar qarama-qarshiligi sabab UNESCO’dan chiqib ketadi. Isroil qilgan ishni AQSh ham takrorlagani aslida ajablanarli narsa emas.

Mamlakatning obro‘si har narsadan muhim

O‘zbekiston shaharlarining UNESCO ro‘yxatidan chiqishi mumkinligi haqidagi xabarlar qurilishlar bilan bog‘liq. Odamlar orasida yuqorida aytganimiz kabi UNESCO qurilgan uylarni buzarmish degan gap ko‘paygan, ammo yana takrorlaymiz, bu tashkilot hech bir mamlakatga buyruq bermaydi, aksincha davlatlar o‘z obektlari UNESCO ro‘yxatiga kirishi uchun harakat qilishadi, buni obro‘ deb bilishadi.

Samarqand bu boradagi eng katta yo‘qotish bo‘lishi mumkin va keling, mana shu shahar misolida fikr yuritsak. UNESCO Samarqandning tarixiy qismida amalga oshirilayotgan qurilishlar tashkilotni xavotirga solayotganini ma'lum qildi. Bunga javoban tarixiy qismda qurilgan belgilanganidan baland binolar buzilishi aytildi, lekin Samarqandda buziladi degan ko‘p qavatli uylarning birortasi buzilganini ko‘rmadik. Oshib borsa, buzishni boshlagandek bo‘lib to‘xtatib qo‘yishdi. Hamma gaplar faqat gapligicha qolmoqda. Balki shahar rahbariyatiga UNESCO ro‘yxatida turish-turmasligining sariq chaqalik ahamiyati yo‘qdir, ammo bu mamlakatning obro‘si uchun juda muhim.

Mamlakat 4-5ta oilani uyli qilaman deb butun boshli tarixiylik nomidan rasman mahrum bo‘lishi kerak emas. Birinchidan, tarixiy qismdagi yangi qurilayotgan uylarning narxi o‘ta qimmatligini inobatga olsak, ularni chindan uyga ehtiyoji borlar sotib olishi amri mahol. Ikkinchidan, Samarqand kichkina shahar emas va shahar tashqarisida xohlagancha uy qurish mumkin. Bundan tashqari, shaharni to‘rt tomonga kengaytirish mumkin va bu kerak bo‘lsa yana bir shahar qurish imkonini beradi.

Biz avvalo o‘z tariximizni hurmat qilishimiz, uni qadrlashimiz kerak. Shaharning tarixiy qismi aniq ajratib ko‘rsatilishi va u yerlar imkon boricha o‘zgacha ko‘rinishga keltirilishi kerakki, keyinchalik bu hududlarda qurilish qilish hech kimning xayoliga ham kelmasin (albatta, agar biz UNESCO ro‘yxatida qolishni istasak). Ya'ni falon yerdan falon yergacha shaharning tarixiy qismi hisoblanadi deb jamoatchilikka e'lon qilinishi ko‘p muammoning oldini oladi.

Yuqorida bir nechta misollar bilan UNESCO ro‘yxatiga mamlakatlar qanday jiddiy qarashlarini ko‘rsatishga urindik. Ishoning, mamlakat uchun eng asosiysi xalqaro maydondagi obro‘. Atrofingizga qarang, dunyoning yuzlab mamlakatlaridan odamlar kelib tarixiy shaharlarimizni tomosha qilmoqda. Ular o‘sha pulga Dubayga, Turkiyaga yoki Misrga borib dam olishi ham mumkin, ammo nega shuncha odam O‘zbekistonga safar qilish juda qimmat bo‘lsa-da, bizning shaharlarga kelmoqda?

Sayyohlar bizdagi 5 dollarlik ham sharoiti yo‘q, ammo 50 dollarlik mehmonxonalarimizda yotish yoki bizdagi tushunarsiz qurilishlarni tomosha qilish uchun kelishmaydi, bizda ularni o‘ziga tortadigan ko‘ngilochar joylar, sohillar-u dengizlar ham yo‘q. Bizda maqtanadigan faqat tariximiz bor va bu tarixni boricha saqlab qolishga intilishimiz kerak. Mayli, biz turizmdan milliardlab dollarlar ishlamaylik, mayli biz hech qachon turizm mamlakatiga aylanmaylik, ammo o‘z kelajagimiz uchun tariximizni saqlab qolaylik. Bizdan pala-partish qurilgan uylar, tushunarsiz qurilishlar emas, o‘z holicha saqlangan tarix, hashamatli bo‘lmasa-da, tarixni eslatadigan, haqiqiy sharqning nafasi ufurib turgan shaharlar qolsin...

O‘tkir Jalolxonov

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish