Jamiyat | 19:18 / 12.08.2019
57021
3 daqiqa o‘qiladi

Bolasini tan olmagan ota DNK xulosasi oldida ojiz qoldi

Foto: Pexels

“Farzandning begonasi va sobig‘i bo‘lmaydi”-, deydi dono xalqimiz. Lekin, keyingi vaqtlarda farzandga da'vo qilish, undan voz kechish yoki otasini belgilash degan murojaatlar ham kelmoqda. 

Biz tushunarli sabablarga ko‘ra, tomonlarning ism va familiyasini oshkor etmaslikni lozim topdik.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Guliston tumanlararo sudining qaroriga asosan qarzdor U.H.dan undiruvchi Sh.A. foydasiga 1 nafar farzandi uchun ¼ qism aliment undirish belgilangandi. 

Farzand ta'minoti uchun aliment pullari o‘z vaqtida to‘lanishi shart bo‘lsa-da negadir otaning "yelkasi qichisha" boshladi. Moddiy ta'minotdan o‘zini olib qocha boshladi. Eng taassuflisi ota bolani tan olmay, "meniki emas" deyishgacha bordi. 

Otalikka e'tiroz bildirish haqida sudga da'vo arizasi bilan murojaat qildi. Da'vogarning arizasini muhokama qilib, fuqarolik ishi mazmunan ko‘rib chiqilgunga qadar sudning hal qiluv qarori ijrosi vaqtincha to‘xtatib turildi.

Eng avvalo, bolaning tabiiy otasi kim ekanligini aniqlash yuzasidan DNK tekshiruvlari o‘tkazildi. Tekshiruv esa go‘dak U.H.ning pushti kamaridan ekanligini tasdiqlab berdi. Sudning hal qiluv qarori ijrosi bo‘yicha ijro harakatlari davom ettirildi.

Shunda bolaning manfaati davlat himoyasida ekanligi, otaning o‘zini u yoqdan bu yoqqa urishi hech bir mezonlarga to‘g‘ri kelmasligi tushuntirildi. Agar aliment pullarini 2 oydan ortiq to‘lamasa avval 15 sutkaga, keyinchalik esa ozodlikdan mahrum etilishgacha borishi ham ta'kidlandi. Vaziyatni har tomonga og‘dirish uchun qilgan o‘rinsiz vajlari o‘ziga jabr bo‘lishini tushunib yetgan ota boshini egishdan o‘zga iloji qolmadi.

Navbat endi Majburiy ijro byurosining xodimlarining harakatlariga bog‘liq bo‘lib turgandi. 

Masala bo‘yicha MIB Yangiyer shahar bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari natijasida qarzdor U.H. dan undiruvchi Sh.A. foydasiga 8 mln. so‘mdan ortiq aliment pullari to‘liq undirilib berildi. 

Moddiy ta'minotdan ta'minlangan go‘dakning tirik yetimlikdan kemtik qalbi to‘larmikan?! -degan savol ko‘pchilikda tug‘ilgan bo‘lsa ham ajab emas” – deyiladi MIB matbuot xizmatidan olingan xabarda.

Mavzuga oid