Jamiyat | 11:05 / 24.08.2019
28468
2 daqiqa o‘qiladi

Tashqi ishlar vazirligi Ryazandagi voqea bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi

Foto: KP-Ryazan

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Konsullik bo‘limi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilning 20 avgust kuni Ryazan oblastidagi sobiq «Ximvolokno» zavodi hududida neft mahsulotlarini saqlash omborini tozalayotganda 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi zaharlandi

TIV xabarida tasdiqlanishicha, ulardan biri - Z.A. voqea joyida vafot etdi, ikki nafariga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, bir nafariga esa vrachlar tomonidan ruxsat berilgan.

Elchixonaning Konsullik bo‘limi vaziyatni o‘z nazoratiga olgan hamda Ryazan viloyatidagi o‘zbek diasporasi va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi Vakolatxonasi bilan birgalikda marhumning jasadini vatanga yuborish bo‘yicha tashkiliy va boshqa masalalar bilan shug‘ullanmoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a'zolari va yaqinlariga ta'ziya bildirgan va eslatishicha, Rossiyaning Markaziy federal okrugi (Belgorod oblasti, Bryansk oblasti, Vladimir oblasti, Voronej oblasti, Ivanovo oblasti, Kaluga oblasti, Kostroma oblasti, Kursk oblasti, Lipetsk oblasti, Moskva shahri, Moskva oblasti, Orlov/Oryol oblasti, Ryazan oblasti, Smolensk oblasti, Tambov oblasti, Tver oblasti, Tula oblasti, Yaroslav oblasti) va Armaniston hududidagi fuqarolar zarur vaziyatlarda Moskva shahridagi elchixonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: : +7 499 230-00-76, +7 499 238-36-20.

Mavzuga oid