O‘zbekiston | 21:30 / 26.08.2019
36932
11 daqiqa o‘qiladi

Prezident Samarqandda «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalini ochib berdi

Davlat rahbari mehmonlarni mamlakatimizda ko‘rishdan mamnunligini bildirib, yig‘ilganlarni mazkur ayyom bilan muborakbod etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 avgust kuni «Sharq taronalari» o‘n ikkinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Davlat rahbari mehmonlarni mamlakatimizda ko‘rishdan mamnunligini bildirib, yig‘ilganlarni mazkur ayyom bilan muborakbod etdi.

Ushbu anjuman turli sivilizatsiyalar, xalqlar va millatlar o‘rtasida o‘ziga xos madaniy hamkorlik hamda muloqot maydoniga aylanganini, Registon maydoniga qadam qo‘ygan har bir san'atkor, millati, tili va dinidan qat'i nazar, bashariyat farzandi sifatida dillarni dillarga, ellarni ellarga bog‘lashini ta'kidladi. 

Assalomu alaykum, 

Aziz vatandoshlar, 

Muhtaram mehmonlar!

Hurmatli festival qatnashchilari!

Xonimlar va janoblar!

Bugun siz, azizlar bilan go‘zal O‘zbekiston diyorida, “Yer yuzining sayqali” deb nom olgan qadimiy va betakror Samarqand shahrida ko‘rishib turganimdan baxtiyorman.

Barchangizni “Sharq taronalari” o‘n ikkinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilishi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Mana, yigirma ikki yildirki, biz bu festivalni YuNeSKO rahnamoligida o‘tkazib kelmoqdamiz. 

Bugun ushbu tashkilotning Bosh direktori Odri Azule xonim yurtimizga shaxsan tashrif buyurib, anjumanimizga alohida fayz va ko‘tarinki ruh bag‘ishlagani uchun samimiy minnatdorchilik bildiraman. 

Shuningdek, tantanamizda qatnashayotgan faxriy mehmonlarimiz Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi Sergey Lebedevga, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining madaniyat masalalari bo‘yicha maslahatchisi Vladimir Tolstoyga, Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport vaziri Aqto‘ti Raimqulovaga, Qirg‘iziston Respublikasi Madaniyat, axborot va turizm vaziri Azamat Jamanqulovga, Tojikiston Respublikasi Madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzodaga, Turkmaniston Madaniyat vaziri Atageldi Shamuradovga, Bangladesh Xalq Respublikasi Madaniyat vaziri Muhammad Xolidga, Butan Qirolligi Madaniyat va ichki ishlar vaziri Sherub Gyyel-tshenga, Polsha Respublikasi madaniyat va milliy meros vaziri o‘rinbosari Pavel Levandovskiga, Buyuk Britaniya Parlamenti Lordlar Palatasi a'zosi Muhammad Iltof Shayxga, Belarus Respublikasi Milliy Majlisi senatori Yekaterina Dulovaga, Yaponiyaning Nara shahri meri Moto-nobu Naka-gavaga, Koreya Respublikasi Andong shahri meri Kvon Yong-sega, Lal Bahodur Shastri instituti raisi, Hind-o‘zbek do‘stlik aloqalari kengashi prezidenti Anil Shastriga, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi muhtaram elchilari va vakillariga, festivalimizni jahon miqyosida yoritish maqsadida yurtimizga kelgan ommaviy axborot vositalari xodimlariga chuqur tashakkur izhor etaman.

Bugungi anjumanimizga dunyoning barcha qit'alaridagi 75 ta davlatdan 340 nafar aziz mehmonlarimiz ishtirok etmoqdalar. 

Biz ushbu taniqli madaniyat arboblari, mashhur ijodiy guruhlar va iste'dod sohiblarini, san'atning chinakam fidoyilari, tinchlik va ezgulik elchilari sifatida, hurmat qilamiz va yuksak qadrlaymiz. 

Xush kelibsiz go‘zal O‘zbekistonimizga, 

Xush kelibsiz muazzam Samarqand shahriga!

Hurmatli festival ishtirokchilari!

Hammamizga yaxshi ma'lum, dunyoning ko‘plab qit'a va mintaqalarida turli san'at va musiqa anjumanlari o‘tkazib kelinadi. 

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ular orasida o‘zining alohida o‘rni, shuhrati va maqomi bilan ajralib turadi.

Ushbu festival sababli bugungi kunda afsonaviy Samarqandning uzoq o‘tmishini aks ettiradigan munavvar koshonalari, muattar havosi bilan birga, bu muqaddas zamindan taralayotgan dilbar va maftunkor taronalar ham dunyo ahlini o‘ziga chorlamoqda. 

O‘tgan salkam chorak asr davomida Samarqandning moviy gumbazlari, yulduzli osmoni ostida qanchadan-qancha sehrli navolar, hayotbaxsh ohanglar yangradi. 

Festival o‘nlab mashhur xonanda va sozandalar, noyob yosh iste'dodlarni kashf qildi, ularning parvoziga qanot, kuch va ilhom bag‘ishladi. 

Eng muhimi, ushbu anjuman turli sivilizatsiyalar, xalqlar va millatlar o‘rtasida o‘ziga xos madaniy hamkorlik hamda muloqot maydoniga aylandi. 

Biz bu festivalning zaminida ulug‘ o‘zbek mutafakkir shoiri Alisher Navoiy bobomizning, Olam ahli, hamisha bir-biringizga do‘st bo‘ling, Yer yuzini o‘z mehnatingiz, iste'dodingiz bilan obod qiling! degan mazmundagi o‘lmas da'vati mujassam ekanini ko‘ramiz.

Ayni paytda, buyuk fransuz adibi Viktor Gyugoning “Ezgulik va hamjihatlik – inson ma'naviy olamining quyoshidir” degan hikmatli so‘zlari mana shunday yuksak g‘oyalar bilan uyg‘un va hamohangdir.

Bu fikrlar bundan necha yuz yillar avval aytilgan bo‘lsa-da, bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmasdan, bizning qalblarimizda, yuraklarimizda aks-sado bermoqda.

Mana shu yuksak sahnaga – ko‘rkam va muhtasham Registon maydoniga qadam qo‘ygan har bir san'atkor, millati, tili va dinidan qat'i nazar, bashariyat farzandi sifatida dillarni dillarga, ellarni ellarga bog‘laydi. 

Buning uchun sizlarga chin yurakdan har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi. 

Imkoniyatdan foydalanib, bir masalaga munosabatimni bildirib o‘tmoqchiman. 

Barchangiz guvohsiz, shu kunlarda generativ musiqa, sun'iy intellekt haqidagi bahslar qizg‘in tus olmoqda. Kelajak musiqasini endi faqat texnika yaratadi, degan bashoratlar ilgari surilmoqda. 

Lekin hammamiz yaxshi bilamizki, har qanday mukammal texnika vositasi ham tirik inson nafasini, uning yurak nolalarini, jonli ovoz jozibasini, chinakam san'at o‘rnini hech qachon bosolmaydi. 

Haqiqiy san'atni, sof va boqiy musiqani faqat Parvardigori olamning marhamati bilan hazrati Inson yaratadi.

Sayyoramizda turli kelishmovchilik va qarama-qarshiliklar, urush va nizolar avj olgan tahlikali zamonda, odamzot tobora o‘z dunyosiga o‘ralib borayotgan bir sharoitda musiqa insonga insonligini eslatib, uning qalbida kelajakka umid va ishonch uyg‘otadi. 

Musiqa san'ati madaniy fenomen sifatida yangi avlodni tarbiyalash va kamolga yetkazish borasida cheksiz imkoniyatlarga egadir.

San'at bilan oshno bo‘lgan yoshlarning hayotga munosabati, milliy urf-odat va umumbashariy qadriyatlarga hurmati baland bo‘ladi.

Va men ishonaman, ular dunyoni ma'naviy tanazzuldan qutqarishga qodir bo‘lgan, o‘zaro ahillik va birdamlikni ulug‘lovchi avlod bo‘lib maydonga chiqadi.

Shu ma'noda, musiqa – hech narsa bilan o‘lchab, solishtirib bo‘lmaydigan beqiyos ilohiy ta'sir kuchiga ega, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. 

Muhtaram mehmonlar!

Bugun biz mamlakatimizda milliy taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqdamiz. 

Hayotimizning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan jadal o‘zgarish va yangilanishlar madaniyat va san'at sohalarida ham izchil davom ettirilmoqda.

“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida orttirgan tajribamizga tayangan holda, biz birinchi marta Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom san'ati anjumanini, Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san'ati festivalini o‘tkazdik. 

Sentabr oyida Qo‘qon shahrida Xalq amaliy san'ati xalqaro festivalini o‘tkazishga katta tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.

Ushbu anjumanlar YuNeSKO, AYSeSKO, Xalqaro folklor san'ati tashkiloti singari nufuzli tuzilmalar, sizlar kabi san'at jonkuyarlari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun barchangizga rahmat aytmoqchiman.

Hozirgi kunda mamlakatimizda yuzlab musiqa va san'at maktablari, akademik litseylar, oliy o‘quv yurtlari, yuzlab teatrlar, tasviriy san'at va konsert zallari faoliyat olib bormoqda.

O‘ylaymanki, sizlar ana shu ijod maskanlariga ham tashrif buyurib, yoshlarimiz uchun mahorat darslari bo‘lib xizmat qiladigan uchrashuv va suhbatlar o‘tkazasiz.
Fursatdan foydalanib, barchangizga bir taklif bilan murojaat qilmoqchiman. 

Agar sizlarda yurtimizdagi konservatoriya yoki o‘quv yurtlarida yoshlarga saboq berish niyati tug‘ilsa, sizlarni shaxsan o‘zim qo‘llab-quvvatlayman.

Muhtaram festival qatnashchilari!

San'atni, kuy-qo‘shiqni sevadigan, ijod ahlini munosib qadrlaydigan el-yurtimiz ushbu anjumanni quvonch bilan kutib olmoqda. 

Tubdan yangilanayotgan O‘zbekiston bilan yaqindan tanishuv, olijanob va bag‘rikeng xalqimiz bilan uchrashuv va muloqotlar, Sizlarda, albatta o‘chmas taassurot qoldiradi, deb ishonaman.

Festival doirasida bo‘lib o‘tadigan “Sharq xalqlari an'anaviy musiqa san'atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ishiga ham omadlar tilayman. 

Bu ajoyib nafosat bayramini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida fidokorona mehnat qilgan barcha insonlarga, mehmondo‘st va olijanob Samarqand ahliga anjuman ishtirokchilari va butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorchilik izhor etaman.

Qadrli do‘stlar! 

Aziz mehmonlar! 

Musiqa san'atiga sadoqatingiz, uni asrab-avaylash va rivojlantirish yo‘lidagi mehnatu mahoratingiz, ulkan hissangiz uchun barchangizga yana bir bor cheksiz ehtiromimni bildiraman.

Yangi ijodiy yutuqlar, millionlab muxlislarning olqishi va mehr-muhabbati sizlarga hamisha yor bo‘lsin!

Jahonda tinchlik, xalqlar o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik rishtalari barqaror bo‘lsin!

E'tiboringiz uchun rahmat.

YuNeSKO Bosh direktori Odri Azule o‘z chiqishida festival o‘tayotgan Samarqand Amir Temurning buyuk davlati, Registon maydoni esa Mirzo Ulug‘bek merosidan dalolat berishini, bu meros asrlar davomida olimlar, hunarmandlar, san'atkorlarni bu yerga yetaklaganini qayd etdi. Umumbashariy tarixni asrash, universal til bo‘lgan musiqani rivojlantirish YuNeSKOning mas'uliyat doirasiga kirishini, tashkilot O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish niyatida ekanini ta'kidladi.

Shuningdek, marosimda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Bangladesh, Polsha, Belarus, Yaponiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlardan rasmiy shaxslar, faxriy mehmonlar ishtirok etdi.

Bu yilgi festivalda 75ta davlatdan 340 nafar vakil qatnashmoqda. Davlatimiz rahbari ularni san'atning chinakam fidoyilari, tinchlik va ezgulik elchilari deb atadi.

Festival doirasida «Sharq xalqlari an'anaviy musiqa san'atini rivojlantirish istiqbollari» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid