Light | 21:01 / 28.08.2019
20620
2 daqiqa o‘qiladi

Vaqti-vaqti bilan och qolishning foydasi ma'lum qilindi 

36 soat davom etuvchi vaqti-vaqti bilan och qolish vazn yo‘qolishi, qondagi xolesterin darajasi pasayishiga yordam beradi va yurak-tomir tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Bunday xulosaga avstriyalik olimlar o‘zlari olib borgan tadqiqot natijasida kelishgan. 

Tajribada normal vaznga ega bo‘lgan 60 kishi ishtirok etgan. Grats universiteti mutaxassislari ularni 2 guruhga bo‘lishgan. 1-guruhdagilar odatdagidek ovqatlanishlari, 2-guruh qatnashchilari esa 36 soat davomida och qolishlari kerak bo‘lgan. Keyinchalik 2-guruhdagilarga 12 soat ichida istalgan narsani yeyishga ruxsat berilgan.

Natijalar ishtirokchilardan hech kim semizlikdan aziyat chekmagan bo‘lsa-da, ma'lum miqdorda vazn yo‘qotganini ko‘rsatgan. Bundan tashqari, organizmning qarish sur'atlari ham sekinlashgan. Olimlar kunora bir oy davomida och qolishdan keyin 30 ishtirokchi o‘rtacha 3,5 kg vazn tashlagani, 35 foiz kamroq kaloriya iste'mol qilgani va oshqozonda deyarli yog‘ qatlamlariga ega bo‘lmaganini aniqlashgan. Shu bilan birga mutaxassislar yarim yil davomida och qolishni davom ettirganlarda ham bunday amaliyotning biror bir nojo‘ya samarasini aniqlashmagan.  

“Biz bunday amaliyot yurak-tomir tizimi ishi yaxshilanishiga olib kelganini aniqladik. Arterial bosim va uzoq yashash bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar – markerlar yallig‘lanishi pasaygan”, deb aytgan universitet professori Xarald Surij.

Biroq mutaxassislar bunday turdagi och qolishga ehtiyotkorlik bilan yondashish va unga amal qilishdan oldin shifokorlar bilan maslahatlashish kerakligidan ogohlantirishgan. Jumladan, virusli infeksiyaga ega odamlarga bunday amaliyot qat'iyan qarshi ko‘rsatilgan. Bu infeksiya bo‘lgan vaqtda organizmga viruslarga qarshi kurashish uchun qo‘shimcha energiya zarurligi bilan bog‘langan, u esa organizmga asosan ovqat bilan keladi.  

Mavzuga oid