O‘zbekiston | 07:41 / 31.08.2019
13784
7 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori: O‘zbekistonda Yoshlar akademiyasi tashkil etildi

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining:

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasini yuridik shaxs maqomisiz tashkil etish;

Yoshlar akademiyasiga rahbarlikni O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosariga yuklash;

Yoshlar akademiyasiga o‘zlarining innovatsion loyihalari va g‘oyalariga ega iqtidorli yoshlar va talabalar, 40 yoshgacha bo‘lgan olimlar va tadbirkorlardan tashkil topgan jamoalarni tanlov asosida qabul qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Belgilanishicha, Yoshlar akademiyasining jamoalari a'zolari Yoshlar akademiyasi a'zolari hisoblanadi.

Yoshlar akademiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini oshirish;

iqtidorli va tashabbuskor yoshlar bo‘yicha yagona ma'lumotlar bazasini shakllantirish va muntazam yangilab borish hamda ularning mamlakatning yetakchi olimlari va ishbilarmonlari bilan hamkorligini ta'minlash;

ilmiy-tadqiqotlarni bajarish ishtiyoqiga ega iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borishlariga imkon yaratish, yangi avlod yosh olimlarini tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish;

yosh olimlar tomonidan aniq vazifalarni hal etishga, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ilg‘or texnologik ishlanmalarni ishlab chiqishga qulay sharoitlar yaratish;

ilmiy-innovatsion akselerator va biznes-inkubatorlarni tashkil etish asosida tashabbuskor yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish;

yoshlarning startap loyihalarini xo‘jalik boshqaruvi organlari va davlat ulushi mavjud korxonalarni izchil rivojlantirish bo‘yicha zamon talablariga javob beradigan, tijoratlashtirish darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirish;

iqtidorli yoshlarning rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirishlariga ko‘maklashish;

xalqaro va mahalliy darajada e'tirof etilgan tashkilotlar, universitetlar, ilmiy markazlar bilan yaqindan aloqalar o‘rnatish, ularning olimlari va mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari, treninglar, shuningdek, dolzarb ilmiy-innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiyalar, seminarlar va tanlovlar o‘tkazish.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi tugatildi va uning 5 ta shtat birligi amaldagi moliyalashtirish tartibi saqlab qolingan holda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tizimiga o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining markaziy apparati tuzilmasida vazirlikka o‘tkazilayotgan shtat birliklari hisobidan Iqtidorli yoshlar bilan ishlash boshqarmasi tashkil etildi va u Yoshlar akademiyasining ishchi organi etib belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasining iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash Jamg‘armasi yuridik shaxs maqomisiz tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ustav fondining (kapitalining) 50 foizi va undan ortig‘i davlat ulushi yuqori bo‘lgan korxonalarga tegishli yuridik shaxslarning innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari jami mablag‘larining yiliga 10 foizi miqdoridagi mablag‘larini har yili Jamg‘armaga o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Yoshlar akademiyasi a'zolarining ilmiy-ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida 2020 yilning 1 apreliga qadar quyidagi platformalarni tashkil etadi:

“G‘oyalar generatorlari” – Yoshlar akademiyasining asosiy yo‘nalishlariga tegishli bo‘lgan ma'lum bir muammoning yechimiga qaratilgan innovatsion g‘oyaga ega jamoalar platformasi;

“Startaplar” – o‘z g‘oyasi va ushbu g‘oyani amalga oshirishga qaratilgan startap loyihalari va ularni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejaga ega jamoalar platformasi;

“Biznes vakillari” – faoliyatida ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini qo‘llagan va tegishli sohada kamida 1 yillik tajribaga ega bo‘lgan jamoalar platformasi;

“Bo‘lajak akademiklar” – yuqoridagi platformalarda faol ishtirok etgan, mamlakatning ilm-fan rivojlanishiga katta hissa qo‘shayotgan yuqori ilmiy salohiyatga ega olimlar platformasi.

Belgilanishicha, Yoshlar akademiyasi faoliyati doirasida mamlakatimiz kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan sun'iy intellekt, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, robototexnika va mexatronika, farmatsevtika, biotexnologiya, dasturlash, sanoat dizayni, 3D modellash va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda amaliy, innovatsion va startap loyihalari amalga oshiriladi.

Yoshlar akademiyasi a'zolari uchun zamonaviy infratuzilmaga ega sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi, Ilg‘or texnologiyalar markazi va “Yashnobod” innovatsion texnoparkining binolari, laboratoriyalari, akseleratori va kovorking markazlarini Yoshlar akademiyasiga bepul foydalanish uchun ajratadi;

2020 yil 1 yanvarga qadar Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda Yoshlar akademiyasining a'zolariga dunyoning yetakchi mamlakatlari tajribasi asosida Toshkent viloyati Nurafshon shahrida barpo etilayotgan “aqlli shahar” hududida zamonaviy infratuzilmaga ega kichik va ixcham “Science Park” (Saynspark) tashkil etish bo‘yicha takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid