O‘zbekiston | 21:09 / 06.09.2019
15732
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda aholiga bepul huquqiy maslahat olish tizimi yaratildi 

Aholiga huquqiy axborotni yetkazish va yuridik yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

Hujjatda ma'lum qilinishicha, Adliya vazirligi tomonidan “Advice.uz” (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portali ishga tushirilgan bo‘lib, mazkur portal orqali O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar onlayn rejimda bepul huquqiy maslahat olishlari uchun imkoniyat yaratilgan.

Qaror bilan Adliya vazirligi va “Yuksalish” umummilliy harakatining quyidagi takliflariga rozilik berildi:

a) “Madad” - muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkiloti hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘linmalarini, shuningdek, tuman (shahar)larda ularning huquqiy maslahat byurolarini tashkil etish;

b) Quyidagilarni Muassasaning asosiy vazifalari sifatida belgilash:

fuqarolarga huquqiy masalalar bo‘yicha shu jumladan, onlayn maslahatlar va tushuntirishlar berish yo‘li bilan birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatish;

fuqarolarning huquqiy bilimlarini ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda oshirib borish ishlariga ko‘ngillilarni safarbar etish;

fuqarolar tomonidan huquqiy maslahat berishga oid so‘rovlarni tahlil qilib borish, tahlil natijasiga ko‘ra huquqni qo‘llash amaliyoti va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish; 

aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda innovatsion usullarni, xorijiy davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribalarini tatbiq etish;

“Advice.uz” (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portalining muntazam ravishda yuritilishi va yangilab borilishini ta'minlash.

Mavzuga oid