Iqtisodiyot | 10:33 / 17.09.2019
29960
3 daqiqa o‘qiladi

Birja savdolari: oltin va AI-91 benzini narxi ko‘tarildi

2019 yil 9-13 sentabr kunlari "O‘zRTXB" AJda o‘tkazilgan birja savdo natijalariga ko‘ra birja bozorining turli tovar segmentlarida narxlar dinamikasi turli yo‘nalishlar bo‘yicha shakllanib bordi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida 3572,3 tonna AI-91 rusumli benzin birja savdolariga qo‘yildi va sotildi. So‘nggi savdo haftasida AI-91 rusumli benzini bo‘yicha shakllangan birja kotirovkasi tovarning bir tonnasi uchun 6451,2 ming so‘mni, uning boshlang‘ich narxi esa – 6266,3 ming so‘mni tashkil etdi. AI-91 rusumli benzinning haftalik kotirovkasi avvalgi haftaga nisbatan jami 0,7 %ga o‘sdi.

O‘tgan haftada suyultirilgan gaz ishlab chiqaruvchilari birja savdolari orqali 20,5 mlrd so‘mlik 5019,0 tonna suyultirilgan gaz sotishdi. Gazning birjada shakllangan narxi oldingi haftaga nisbatan 3,5 %ga pasayib, bir tonna uchun 4084,3 ming so‘mni tashkil etdi. Savdolarda xaridor sifatida suyultirilgan gazni sotish huquqini beruvchi litsenziyaga ega korxonalar qatnashishdi.

Qora metall bozorida talab o‘sib bormoqda. ST 12-35 GS armaturaning narxi 7,3 %ga ko‘tarilib, bir tonnasi uchun 5779,3 ming so‘mni tashkil etdi. Birja orqali sotilgan barcha turdagi qora metallning hajmi jami 6769,0 tonnani tashkil qilgan. Qora metall sotuvchilari “O‘zmetkombinat” AJ tarkibiga kiruvchi korxonalar hisoblanadi.

O‘sish dinamikasi shuningdek qimmatbaho metallar bozorida ham qayd etildi. Savdo yakunlariga ko‘ra O‘zRTXB da 135,9 mln so‘mlik 300 gr Au-1 markali oltin sotilgan. Birja savdolarida sotuvchi sifatida “Olmaliq KMK” AJ ishtirok etdi. Birja kotirovkasi so‘nggi savdo yakunlariga nisbatan 14,6 %ga oshib, 1 gr oltin uchun 453,1 ming so‘mni tashkil qilgan.

Tsement bozori qurilish mavsumining yakuniy bosqichida narxlar trendi pasayishini namoyon etmoqda. Ps M-400 D-20 sement bo‘yicha narxlar avvalgi haftaga nisbatan 2,5 %ga pasayib, 479,6 ming so‘mni tashkil qildi. Faol sotilayotgan boshqa markali sementlarning narxlar diapazoni 376,6 - 485,0 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Birjada paxta tolasi uchun yuqori darajadagi talab saqlanmoqda. O‘tgan hafta 1 nav 4 tip (o‘rta klass)dagi paxta tolasi bo‘yicha narxlar 1,9 %ga o‘sib, bir tonna uchun 13,1 mln so‘mni tashkil etdi. Paxta tolasini boshqa navlarining narxlari o‘rtacha 10,9 mln so‘mdan 13,6 mln so‘mgacha bo‘ldi. Birja savdolarida asosan paxta tolasini qayta ishlash quvvatiga ega mahalliy to‘qimachilik korxonalari ishtirok etishdi.

Mavzuga oid