O‘zbekiston | 13:53 / 21.09.2019
5257
3 daqiqa o‘qiladi

«Donguz» poligonida «Markaz-2019» harbiy o‘quvlarining asosiy fazasi bo‘lib o‘tdi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

20 sentabr kuni “Donguz” poligonida (Orenburg viloyati) “Markaz—2019” strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvlarining asosiy fazasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston harbiy kontingenti ham ishtirok etdi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabariga ko‘ra, “Markaz—2019” strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvlari Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarida tezkor (jangovar) majmuaviy tadbirlarining yakunlovchi bosqichi hisoblanadi. O‘quvlar davomida xalqaro terrorizmga qarshi kurash va Markaziy Osiyoning strategik yo‘nalish bo‘yicha harbiy xavfsizlikni ta'minlash muammolarini hal qilishda koalitsiya qo‘shinlari (kuchlari)dan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘quv mashg‘ulotlarining aktiv fazasini Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin va Qirg‘iziston Respublikasi Sooranbay Jeenbekov, ishtirokchi davlatlarning mudofaa idoralari vazirlari, xorij qurolli kuchlari vakillari kuzatib bordi. O‘quvlarning asosiy epizodlarini bir kun oldin Rossiyaga yetib kelgan O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov ham bevosita kuzatib bordi.

Eslatib o‘tamiz, o‘quvlarda hamkorlikdagi harakatlarni amalga oshirish uchun Xitoy, Pokiston, Qirg‘iziston, Hindiston, Tojikiston va O‘zbekiston harbiy kontingenti jalb etildi.

Strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvlariga 128 mingga yaqin harbiy xizmatchi, 20 mingdan ortiq harbiy texnika va 600 ga yaqin uchish apparatlari, shuningdek, 15 ta ta'minot kemalari qatnashdi.

Mayor Ma'murjon Xamidov boshchiligidagi O‘zbekiston harbiy kontingentining vzvod-taktik guruhi Tojikiston harbiy xizmatchilari bilan birgalikda alohida ajratilgan hududni blokirovka qilish, shundan so‘ng shartni terrorchilar guruhini yakson etish mashg‘ulotini bajardi.

Ta'kidlash kerakki, O‘zbekiston va Tojikiston harbiy xizmatchilari o‘zlarining davlatlari hududida shartli ravishda amaliy harakatlar qildilar.

O‘quvlarning asosiy fazasi yakunida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilarni “Jangovar hamdo‘stlikni mustahkamlash yo‘lida” medali bilan taqdirladi. Taqdirlanganlar orasida uch nafar o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar ham bor — podpolkovnik Marat Zaripov, serjant G‘ayrat Donayev va shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi Nurbek Ismoilov.

Mavzuga oid