O‘zbekiston | 11:13 / 25.09.2019
105497
20 daqiqa o‘qiladi

«Dunyo – foniy, propiska – boqiydir...» - Fuqarolarni toifalashtiruvchi tizim haqida

Jurnalist Karim Bahriyev o‘zbekistonliklarning eng jiddiy muammolaridan biri - propiska tizimining mantiqsizligi va salbiy oqibatlari xususida fikr yuritdi.

  • Propiska o‘zi nima?
  • Propiska qachon paydo bo‘lgan?
  • Nima uchun kerak?!
  • Propiska bekor qilinsa, nima bo‘ladi?

Oxirgi paytlar «propiska» mavzusi tez-tez tilga olinmoqda. U bizga qayerdan kelgan? Propiska — biz asoratidan qutulishga intilayotgan mustamlakachi va totalitar sovet tuzumning asorati. Mustaqillikka erishgan bir ozod mamlakat nega sobiq tuzumning butun dunyoda bo‘lmagan, possovet davlatlar ham allaqachon yo‘q qilgan bu jirkanch asoratidan hamon qutula olmayapti?

«Umrboqiy va o‘lmas tizim...»

Yaqin ikki asrlik tariximizda tuzumlar o‘zgardi – avval chorizm (mutlaq monarxiya) zulmi ostida bo‘ldik, keyin – harbiy kommunizm, so‘ng – sotsializm va nihoyat, mustaqillik davri keldi. Oq poshsholar, dohiylar, markazqo‘m bosh kotiblari va prezidentlar o‘rni almashaverdi, ammo o‘ris chorizmidan kelayotgan «propiska» tizimi qolavermoqda.

Propiskaning nomi turli davrlarda turlicha atalsa-da, uning mohiyati o‘zgarmadi – hukmdor unga itoat qiladigan xalq qay yerda ekanini bilishi kerak. Istasa, Konstitutsiyada erkin ko‘chib yurish nazarda tutilgan bo‘lsa-da, xalqning ko‘chish erkini chegaralashi lozim. Insonga mulk sifatida qaraydi bunday tizim – ko‘chib yuruvchi insonni «ko‘chmas mulk»ka aylantiradi, bir yerga daraxt kabi «ekib» qo‘yadi.

Byurokratizmning abadiy «qadriyati» bo‘lgan propiska turli ko‘rinishlarga evrilib yashab keladi.

XVII asrda Rossiya taxtiga Romanovlar sulolasi kelgach, xalqning bir yerdan ikkinchi yerga borish huquqini tobora qat'iy chegaralash boshlangandi, 1649 yilgi Sobor Tuzuklari batraklarning ko‘chish erkini umuman yo‘q qildi. Xalq boylarning mulkiga aylandi.

1721 yili Petr I doimiy yashash yerini tark etgan batraklar uchun majburiy pasportlar joriy etdi va shu tariqa pasport tizimi yuzaga keldi.

SSSRda bor edi bu propiska – o‘z yashash joyingni o‘zgartirishga ruxsat beradigan bir izn edi u. Vladimir Lenin oktabr to‘ntarishidan oldin Rossiya imperiyasida mavjud bo‘lgan propiska institutiga qarshi edi. 1903 yili yozgan «Qashshoq qishloqliklarga» atalgan maqolasida: «Biz, sotsial-demokratlar xalq uchun ko‘chib o‘tish va hunar bilan mashg‘ul bo‘lishning to‘la erkinligini talab qilamiz... Rossiyada pasport propiskasi yo‘qolsin va hech bir amaldor, hech bir jaydari boshliq hech bir insonga istagan yerida yashash va ishlashga to‘sqinlik qila olmasin».

Ammo mamlakatni egallagan zahoti kommunistlar «mehnat qochoqlari»ga qarshi kurashish maqsadida 1919 yili Moskva va Piterda mehnat daftarlarini – amalda propiskali pasportlarni joriy etdilar.

1922 yilda sho‘ro hukumati butun mamlakat hududida erkin ko‘chib yurish huquqi da'vosini qildi, ammo bu «erkinlik» o‘n yilga ham yetmadi. 1932 yilda pasport tizimi tiklandi va 1935 yilda ruxsat beruvchi propiska tizimi tugal joriy etildi. Industriallashtirish davrida dehqonlarning sanoat markazlariga ko‘chishiga imkon bergan tizim turli «aksilinqilobiy unsurlar»ga propiska bermadi va ular katta shaharlardan chiqib ketishga majbur qilindi.

Shu tariqa, yildan yilga kuchaygan propiska tizimi sovet davlatining oxirigacha yashab keldi. 1991 yilda SSSR Konstitutsiyaviy nazorat Qo‘mitasi propiskani konstitutsiyaga zid deb topdi va 1992 yil 1 yanvardan bekor qilinishini e'lon etdi. Ammo bu sanagacha sovet davlatining o‘zi quladi.

Konstitutsiya, inson huquqlari va propiska

Propiska tizimi – zolim o‘tmishning sharmandali sarqiti, zero u o‘z oldiga qo‘ygan biror vazifani ado etmaydi va eta olmaydi:

Birinchidan, u ommaviy tarzda buziladi, chunki turli qarorlar va farmoyishlar bilan «ruxsat etilganlar» va «istisnolar»ning ulkan tizimi orqali korrupsiyaga yo‘l ochadi, «yo‘lini topganlar» uchun propiska muammo emas. Tizim halol yo harom ishlashini nazorat qilish imkonsizdir. Qolaversa, xalqimiz qonunning «tirqish»ini topadi. Er-xotinining yoniga, xotin erining uyiga propiska qilinishi kerakligini bilgan holda, shaharlik qizga yoki juvonga «uylangan» qishloqlik uchar ZAGSdan o‘tadi va unikida «propiska» qilinadi va olti oy yoki bir yildan so‘ng ajraladi. Xotin ketadi, propiska qoladi. Bu kabi «tirqish»larni bilamiz. Chunki qonunni 150ta deputat o‘ylab topsa, uni qanday chetlab o‘tish ustida 33 million xalq bosh qotiradi.

Ikkinchidan, qayddan o‘tkazish, propiska qilish va qayddan chiqarish tizimida byurokratlarning ulkan tizimi ishlaydi va undan kun ko‘radi, agar tizim bekor qilinsa, ular kun ko‘rish manbaini yo‘qotadi hamda korrupsiyani to‘xtatadigan va budjetning salmoqli qismini iqtisod qiladigan bu islohotga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘ladi.

Uchinchidan, odamlarni propiska qiladigan bu tizim endi qo‘y va sigirlarga ham pasport berishni o‘ylab topdi.

To‘rtinchidan, propiska tizimi xalqaro huquqqa (O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktning 12-moddasi) va O‘zbekiston Republikasi Konstitutsiyasining 28-moddasiga ziddir.

Beshinchidan, hatto sobiq SSSRdan ajralib chiqqan mustaqil davlatlarning birortasida qolmagan bunday sarqit tizimning mavjudligi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro obro‘-e'tiboriga salbiy ta'sir o‘tkazadi. Xalqaro «Xyuman Rayts Votch» hisobotida aytilishicha, «O‘zbekiston sovet zamonidan qolgan propiskani meros qilib olgan va o‘z poytaxtini xalqi uchun yopiq shahar»ga aylantirgan... Avval propiska shunchaki bir taqiq va to‘siq bo‘lsa, bugun u o‘ziga xos biznesga evrilgandir». Mana – xalqaro tashkilotning bahosi! Qolaversa, faqat qimmat xonadonlarni sotib olganlarga propiska berish o‘laroq, xalq toifaga ajratiladi.

Oltinchidan, propiska va ro‘yxatga olish tizimi mavjudligi erkin iqtisodiyotga, jumladan, mamlakatda sayyohlik tizimi rivojlanishiga rahna soladi.

Davlat inson uchunmi yoki inson davlat uchun?

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2012 yil 1 maydagi 71-son buyrug‘i bilan takomillashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma asosida bugun mavjud bo‘lgan propiska «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida»gi xalqni tabaqalashtiruvchi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 16 fevraldagi 41-son «Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida»gi qaroriga asoslanishi aytiladi.

Mamlakatda Konstitutsiyaga emas, vazirlik tasdiqlagan «Yo‘riqnoma»ga rioya qilinadi. Bu me'yoriy hujjatga ko‘ra: «Doimiy propiska qilish ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi hamda jamoat xavfsizligini ta'minlash va huquqbuzarlikning oldini olish, shuningdek, aholi migratsiyasini hisobga olish maqsadi»da joriy etilgan.

«Jamoat xavfsizligini ta'minlash va huquqbuzarlikning oldini olish», ya'ni jinoyatchilarga qarshi kurashish uchun propiska qilish tizimini saqlab turish kulgili va ayanchlidir. Qaysi kallakesar, o‘g‘ri yo qotil avval propiska qilib, keyin jinoyat qiladi?! Jinoyatchi bir qonunbuzarlik qilish oldidan: «I-ya, propiskam yo‘q-ku?! Jinoyat qilmay qo‘ya qolay...» – deydimi?! Jinoyatning millati ham, makoni ham bo‘lmaydi. Jinoyat qasd qilganda, Toshkent propiskasi borlar ham, yo‘qlar ham jinoyat qilaveradi. Bu bahona tagida boshqa hududlardagi insonlarni, mamlakat fuqarolarini oldindan jinoyatchi tarzida ko‘rish, ya'ni irqchilik yashirindir. Korrupsiyalashgan tizimda aynan jinoyatchilarda pul yetarli bo‘ladi va ular hammadan oldin propiska oladilar.

«Aholi migratsiyasini hisobga olish» maqsad sifatida aholining muayyan toifalarini qayddan o‘tkazish uchun asos bo‘lishi mumkin emas, chunki migratsion statistika uchun ruxsat berish tizimi emas, xabardor qilish tizimi yetarlidir, ya'ni muayyan hududga kelib, yashay va ishlay boshlagan inson mahallani yoki turarjoy idorasini xabardor qilishi kifoyadir, unga ruxsat berish-bermaslik tizimi shart emas.

Qonunchilikda bo‘lmagan asosiy da'vo

Propiska nega kerak? Mantiq jihatidan umuman kerak emas.

Lekin bir asosiy da'vo bor va u qonunchilikda emas, mahalliychilik hidi ufurgan bu da'vo ayrim odamlar tomonidan, balkim, qay jihatdandir samimiy aytiladi: «Propiska ochilsa, shaharni odam bosib ketadi!».

Birinchidan, hozir Toshkentda kamida bir million propiskasiz ham yashab, ishlab yurgan viloyatliklar bor. Yashash joyi va ish bo‘lsa, ularga propiska xalaqit berolgani yo‘q. Bu holat faqat uchastka nozirlari uchun «qo‘shimcha daromad» rolini o‘ynamoqda va korrupsiyaga xizmat qilmoqda.

Ikkinchidan, viloyatliklar shaharlarga talpinishi oldini olish uchun «propiska» tizimini emas, qishloqlarda ham sharoit yaratish – gaz, elektr, toza suv bilan ta'minlash, ravon ko‘chalar va ijtimoiy infratuzilmalar yaratish hamda eng asosiysi, ishchi o‘rinlari barpo etish lozim. Shunda Toshkentga birovni chaqirsangiz ham talpinmaydi.

Bugungi ko‘rinishida ilk bor pasport-viza xizmati 1932 yili tuzilgan va NKVD tarkibiga kirgandi va 2019 yilda ham IIB tarkibida o‘sha holida yashamoqda. Avval oddiy xabardor qilib, qayd etib qo‘yish orqali amalga oshirilgan propiska 1935 yilga kelib, ruxsat berish-bermaslik tartibiga o‘tgan va hanuz shunday holatda ishlamoqda. Mansabdor istasa – ruxsat beradi, istamasa – bermaydi. Bu katta hajmda korrupsiyaga yo‘l ochadi. Propiskasi bor odam imtiyozli toifaga aylanadi, propiskasi yo‘q odam «ikkinchi sort»ga.

Propiska tizimi – o‘tmishdan qolgan o‘ta bahaybat va chalkash eskilik sarqitidir, globallashuv asrida, XXI asrda ayanchli va masxaraomuz unsurdir. Ichki ishlar xodimlari, sud ijrochilari, tergovchilar, prokurorlar, xavfsizlik idoralari xodimlari, chaqimchilar va ayg‘oqchilar bor yerda propiska orqali ham jinoyachilikka qarshi kurashish ortiqchadir.

Hech bir propiska va qarorsiz mobil telefonlar bazalariga, qo‘l telefonlaridagi oxirgi o‘n yilliklar ma'lumotlari arxiviga va geolokatsiyaga ega davlatda bugun insonning qaysi shahardaligi emas, shu onda shu shaharning qaysi ko‘chasining qaysi nuqtasida ekanini besh metr aniqlikda ham bilish mumkin. Insonning qaydaligini bilish uchun yuksak texnologiyalar asrida propiska shart emas. Internet-provayderlarning ma'lumotlar bazasiga, elektron pochtalar perlyustratsiyasiga va IP-manzilning joylashgan manziliga ega hukumat uchun insonni topish muammo emas. Bugun – osmondagi sun'iy yo‘ldoshlar orqali yerdagi mashinaning raqamini ko‘rish va zamindagi yurgan insonning yuzini tanish mumkin. Harbiy hisob, soliq hisobi (INN), nafaqaxo‘rlik hisobi, tibbiy hamda avtosug‘urta va hokazolar insonni qayd etadi. Yo‘llardagi, magazin va bankomatlardagi millionlab videokameralar insonni aft-angorigacha qayd etadi – har lahza, har oy. Istasak-istamasak nazorat ostidamiz. Inson propiskasiz yo‘qolib ketmaydi bu asrda. Bu eskilik sarqiti nega kerak yana?!

Hatto davlat insonni nazorat qilishi va kuzatishi kerak, degan g‘ayrikonstitutsiyaviy da'voni qabul qilganimizda ham, ulkan, murakkab va katta xarajattalab, fuqaroni mansabdorga yalintirib qo‘ygan propiska tizimi orqali buni amalga oshirish samarasizdir.

Dunyo...

Bizning amaldorlar ko‘pincha qashshoq va taloto‘pli Venesuela va Nikaragua tajribasini misol keltiradilar. Men inson odamday yashaydigan Amerikadan misol keltiray.

AQSh fuqarolarida pasport yo‘q. Asosiy hujjat — haydovchilik guvohnomasi (bizda ham shunday dunyoviy haydovchilik guvohnomalari kiritilgan). Albatta, xorijga chiqish pasporti olinadi, lekin yaqin mamlakatlarga (Karib orollari, Bagama, Markaziy  Amerika) AQSh fuqarolari pasporsiz, haydovchilik guvohnomasining o‘zi bilan bora oladi. O‘zbekiston yoki Rossiyaga kelmoqchi bo‘lgan AQSh fuqarosi viza oladi, ammo Yevropa davlatlariga kelmoqchi bo‘lsa, chegaradan o‘tilgan yerda shtamp bosilishi kifoyadir.

Demakki, AQShda 90-95 foiz aholining propiska tugul, pasporti ham yo‘q. Haydovchilik guvohnomasi olish ham – fuqaroning majburiyati emas, huquqidir. Ba'zida fotosurati bor yana bir hujjat talab qilinishi mumkin, bankda hisob raqami ochish uchun mahalliy kutubxonaning o‘quvchilik bileti ham kifoyadir. Ipoteka krediti olish uchun nomingizga yozilgan muayyan manzilda yashaganingiz uchun to‘langan kommunal xizmat kvitansiyasi yetarlidir. Ijtimoiy xizmatdan foydalanish, masalan, bolani davlat bog‘chasiga yo maktabga joylashtirish, ishga kirish va hokazo uchun turarjoyda qayd qilinish yo propiska shart emas. Maktabga sening yashash manzilingga pochtadan kelgan bir xatni ko‘rsatsang bo‘ldi – bu sening shu manzilda yashashingga dalildir.

Axir, propiska va qaydlarsiz ham yashasa bo‘larkan-ku?

Bosh-keti yo‘q doira

Propiskasiz yashash jinoyatdir, uni «bosdi-bosdi» qilish uchun doimo cho‘ntak kavlab turishingiz kerak, ya'ni yana boshqa jinoyatlarga kirishasiz, pora berasiz, soxta nikohga kirishasiz, hal qiladigan mansab egasiga sizning abadiy yalinchoq va tobe holatingiz kerak. Ishga kirmoqchi bo‘lsangiz, propiskangiz bor-yo‘qligini so‘rashadi. Propiska qilishni so‘rab borsangiz, ish joyingizdan «bizga shu xodim kerak» degan xat olib keling», deyishadi. Boshi-keti yo‘q doira ichida aylanaverasiz.

Ishga joylashish uchun, avtomashinani qayddan o‘tkazish, ma'lumotnoma olish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, poliklinikada davolanish, bolangizni bog‘chaga berish, o‘g‘lingizni maktabga joylashtirish va hokazo harakatlar uchun propiskangiz so‘ralaveriladi. Holbuki, Konstitutsiyaga ko‘ra odam toifalanmagan, hamma uchun barobar bepul maktab ta'limi va sog‘liqni saqlash kafolatlangan.

Migratsiya hisobini yuritishni qulaylashtirish bahonasida pasport stollari va qayd etish xizmatlaridagi tamagirlar armiyasini boqish uchun hokimiyat fuqarolarning konstitutsiyaviy erkinligini qurbon qilishi shartmi? Bu tizim mamlakatdagi korrupsiyaning tarkibiy qismi va odamlarni g‘ayriixtiyoriy tarzda jinoyatchiga aylantiradigan diskriminatsion hodisadir.

O‘zbekiston Oliy Majlisining Konstitutsiyaning inson huquqi va erkinliklari bo‘limini o‘qimagan yoki o‘qib ham uqmagan deputati Akmal Umurzoqov propiskani bekor qilishga qarshi chiqish qilgandi. IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Toshxo‘jayev hali propiska tizimidan voz kechish imkonsizligini aytadi – «buning uchun tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish kerak» emish. Amalga oshiring, sizga nima xalaqit beradi, janob Toshxo‘jayev?!

Darvoqe, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 22 yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan «Harakatlar strategiyasi» Dasturida propiska bilan bog‘liq barcha cheklovlarni bekor qilish topshirig‘i berilgan. Ammo bu dastur ijrosida, mana, ikki yildan beri zarracha oldinga siljilmadi.

Nima qilmoq kerak?

Yaqinda o‘tkazilgan so‘rovlardan birida ishtirokchilarning 49 foizi (8658 kishi) propiska tizimi «fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini cheklashi»ni e'tirof etdilar, yana 13 foiz ishtirokchi «poytaxtda propiska ololmagan malakali va ilmli kadrlar chet elga ketib qolayotgani»ni qayd etishdi.

Fuqaroning migratsiyaviy hisobot yuritish va xavfsizlik maqsadida real yashash yerida qayd etilishi mansabdor ruxsat berish-bermasligi tartibida emas, xabardor etish tartibida qayd etilishi kerak. Bir yerdan yangi joyga ko‘chib, uch oydan ortiq ishlayotgan yoki yashayotgan inson qayd etish idoralariga kelib, pasportini ko‘rsatib, yashash joyida qayd etilishi kerak, ya'ni xabardor qilib qo‘yishi lozim. Uning uchun buni kimdir ruxsat berishi-bermasligi g‘ayrihuquqiy holatdir.

Xizmatlar ko‘rsatishni (tibbiy yordam, bolalar bog‘chasiga joylashish, maktabda o‘qish va hokazo) va majburiyatlarni bajarishni (harbiy hisobga turish, soliq to‘lash kabi) yashash joyi yo propiskaga emas, insonning o‘ziga bog‘liq qilish lozim. Bugungi holatimiz – huquqiy anaxronizmdir. Rostdan ham, inson shifoxona yoki maktabga bog‘lab qo‘yilmasligi kerak, aksincha, shifoxona va ta'lim muassasasi insonga bog‘lansin. Demakki, kasalxona shu onda shu hududda yashayotgan barcha bemorlarni davolasin. Qishloqdan farzandini ko‘rgani kelgan ona bu yerda bemor bo‘lib qolsa, propiskasi yo‘q ekan, deb uni bepul davolamaslik – jinoyatdir.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish va migratsion hisob yuritish uchun propiska tizimini ushlab turish bugungi hayotda biror mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Qamoqxonalarda turli ma'lumotlarga ko‘ra 60-80 ming jinoyatchi o‘tiribdi. Hali qamoqqa tushmagan 80-120 ming, boringki, 300 ming jinoyatchi yuribdi, desak (kechirasiz, gumon iymondan ayiradi), bu aholining 1 foizi ham emas. Propiska 1 foiz potensial jinoyatchini aniqlash uchun foyda beradimi-yo‘qmi – bu noma'lum, ammo propiska aholining qolgan 99 foizi uchun og‘riqli muammoga aylangan va bu xalqning insoniy huquq hamda erkinliklarini barbod qilmoqda, ya'ni ularga ham potensial «jinoyatchi va firibgar» sifatida qaralishiga olib kelmoqda. Fuqarolarning aksariyati undan norozi ekani ham haqiqatdir.

Karim Bahriyev

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazariga mos kelmasligi mumkin.

Mavzuga oid