Iqtisodiyot | 17:23 / 25.09.2019
38907
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tashqi qarzi 20,7 mlrd dollarga yetdi

Foto: REUTERS

O‘zbekiston Respublikasi tashqi qarzining umumiy hajmi 2019 yil boshidan 20 %ga yoki 3,4 mlrd. dollarga oshgan holda, 2019 yil 1 iyul holatiga 20,7 mlrd. dollarni tashkil qildi.

Markaziy bankning 2019 yilning I yarim yili uchun to‘lov balansi va xalqaro investitsion pozitsiyasi, shuningdek, tashqi qarz bo‘yicha ma'lumotlarida aytilishicha, 2019 yilning I yarim yilligida qarzdorlikning o‘sishi asosan davlat sektoriga to‘g‘ri keldi (3,1 mlrd. dollar), shundan 1 mlrd. dollari xalqaro obligatsiyalar hisobiga shakllangan.

Banklar va iqtisodiyotning boshqa sektor korxonalari tomonidan qarz olish hajmining oshishi natijasida xususiy sektor qarzdorligi 330,3 mln. dollarga oshdi.

UMUMIY TAShQI QARZ TARKIBI VA UNDAGI O‘ZGARIShLAR 

2019 yilning I yarim yilligida xususiy sektor tomonidan umumiy miqdorda 1 mlrd. dollar qarzdorlik jalb qilindi. Qarzlarni jalb qilish asosan banklar – 534,3 mln. dollar, neft-gaz va energetika tashkilotlari – 206,0 mln. dollar, to‘qimachilik sektori korxonalari – 40,7 mln. dollar va iqtisodiyotning boshqa sektorlari – 230,5 mln. dollar tomonidan amalga oshirildi.

Shuningdek, o‘rganilayotgan davr mobaynida davlat tashqi qarzi bo‘yicha 203,4 mln. dollar miqdordagi asosiy qarz va 103,7 mln. dollar miqdordagi foiz to‘lovlari amalga oshirilgan.

Xususiy tashqi qarz to‘lovlari asosiy qarz bo‘yicha 706,6 mln. dollar va foiz to‘lovlari bo‘yicha 182,8 mln. dollarni tashkil qildi. Bunda, asosiy qarz va foizlar bo‘yicha to‘lovlarning eng katta qismini hanuzgacha neft-gaz va energetika sektori korxonalari hamda banklar amalga oshirmoqda.

Mavzuga oid