O‘zbekiston | 21:40 / 02.10.2019
22885
6 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish masalalarida yig‘ilish o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 oktabr kuni yo‘l xo‘jaligini rivojlantirish va ushbu sohaga investitsiyalarni keng jalb qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi

«Mamlakatimizda jami yuklarning 98 foizi va yo‘lovchilarning 88 foizi avtomobil yo‘llari orqali tashiladi. Keyingi yillarda yurtimiz eksportida tayyor mahsulotlar ulushi ko‘payib bormoqda. Kelgusida uni yanada oshirish rejalashtirilgan. Tovarlarni manzilga tez va sifatli yetkazish uchun esa rivojlangan yo‘l infratuzilmasi kerak.

Yig‘ilishda ushbu sohani rivojlantirish, qurilish loyihalarini barqaror moliyaviy manba bilan ta'minlash masalalari muhokama qilindi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida. 

Avtomobil yo‘llarini qurish yoki ta'mirlash ishlariga xalqaro tashkilotlar va xususiy sheriklarni faol jalb qilish zarurligi ta'kidlandi. Jumladan, xalqaro va davlat ahamiyatiga ega 1 ming 600 kilometr uzunlikdagi yo‘llarga doir 18ta yirik loyihani shunday hamkorlik asosida amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Ichki yo‘llarni ta'mirlashda hududlarning ishtiroki sezilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Moliya vazirligiga respublika budjetidan faqat umumiy foydalanishdagi yo‘llarga, ichki yo‘llarga esa mahalliy budjetdan mablag‘ ajratish tartibini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.

Xorijiy davlatlarda yo‘l xo‘jaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik yaxshi rivojlangani qayd etildi. Yo‘l bo‘yi infratuzilma obektlarini berish orqali loyihalarga investorlarni jalb qilish mumkinligi ta'kidlandi.  

Mutasaddilarga davlat-xususiy sheriklik asosidagi loyihalar doirasida yo‘l bo‘yi obektlarini joylashtirish va ulardan foydalanish tartibini ishlab chiqish topshirildi. 

Reklama qurilmalarini umumiy foydalanishdagi yo‘llarga joylashtirish uchun ruxsat berish vakolatini Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga o‘tkazish taklif etildi. 

Umuman, avtomobil yo‘llari sohasini tubdan isloh qilish uchun manfaatdor vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzib, 2020-2030 yillarda Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish zarurligi ta'kidlandi. 

Bu strategiyada, avvalo, avtomobil yo‘llarini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish choralari belgilanadi.   

Hozirda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasida ham buyurtmachi, ham pudratchi, ham ekspluatatsiya qilish funksiyalari to‘planib qolgani oqibatida tizimdagi korxonalar xalqaro loyihalarda ishtirok eta olmayapti. Shu bois qurilish tashkilotlarini qo‘mita tarkibidan chiqarib, ular negizida «O‘zavtoyo‘l» aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, xususiy sheriklar ishtirokida tezkor avtobanlar qurishga katta e'tibor qaratiladi. 

Davlatimiz rahbari yo‘llar sifatini oshirishni loyihalashtirishdan boshlash kerakligini ta'kidladi. Buning uchun loyiha tashkilotlarini ko‘paytirish, ularning moddiy-texnika bazasini va kadrlar tarkibini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Germaniyalik hamkorlar bilan birgalikda avtomobil yo‘llari qurilishi sohasida qo‘shma loyiha institutini tashkil etish, yurtimiz iqlimi va qatnov xususiyatlarini hisobga olib, yo‘l qurilishi sohasidagi normativ hujjatlarni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligi qayd etildi. 

Masalan, mamlakatimizda yo‘l qurishda hanuzgacha asosan asfalt-beton ishlatiladi. Bunday yo‘llarning xizmat muddati 10-15 yil bo‘lib, 4-5 yildayoq ta'mirtalab ahvolga kelib qoladi. 

Tsement-beton qoplamali yo‘llarni qurish 15-20 foizga qimmat bo‘lsa-da, ekspluatatsiya muddati 2-3 baravar ko‘p va saqlash xarajatlari 3 baravar kam.

Yurtimizda sement ishlab chiqarish hajmi ortayotganini inobatga olib, yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan davlat ahamiyatiga ega yo‘llarni bosqichma-bosqich sement-beton qoplamaga o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yana bir muammo yo‘llarni monitoring qilish bo‘yicha avtomatlashgan tizim yo‘qligidir. Qaysi yo‘ldan qancha og‘irlikdagi yuk tashish mumkinligi hammaga ma'lum emas. Me'yordan ortiq og‘irlikda yuk tashuvchi avtotransport vositalarining harakati nazorat qilinmayapti.

Shu bois yig‘ilishda barcha yo‘llarning elektron bazasini shakllantirish, maxsus avtomatlashgan o‘lchash vositalarini o‘rnatish bo‘yicha dastur ishlab chiqish muhimligi ta'kidlandi. Xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, yo‘l bo‘yi infratuzilmasini xalqaro andozalar asosida loyihalashtirish, xalqaro yo‘llarda sifatli servisni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Qator ko‘priklar ta'mirtalab, ayrimlari umuman beega ekani tanqid qilinib, barcha ko‘priklarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish, ularni ta'mirlash va tiklash bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. 

Kadrlar masalasiga ham e'tibor qaratilib, sohadagi institutlarni yirik loyihalarga biriktirish, ular doirasida ilmiy xodimlar uchun sinov maydonlari va tadqiqot laboratoriyalari tashkil qilish, iqtidorli talabalarning xorijda malakasini oshirish zarurligi ta'kidlandi.

Yig‘ilishda belgilangan vazifalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

Mavzuga oid