O‘zbekiston | 15:26 / 11.10.2019
5028
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat ilmiy tashkilotlari xodimlari uchun 48 kunlik mehnat ta'tili beriladi

Davlat ilmiy tashkilotlarining ilmiy faoliyat yurituvchi xodimlariga 48 ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan hamda moddiy yordamni ko‘zda tutadigan mehnat ta'tili berish tartibi joriy qilinadi. Bu «Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida»gi Qonunda ko‘rsatilgan bo‘lib, mazkur qonun Senatning 23-yalpi majlisida ma'qullandi.

Ushbu qonun 7ta bob, 48ta moddadan iborat bo‘lib, ilmiy faoliyat yurituvchi jismoniy shaxslarning mehnat huquqlari, majburiyatlari, ularga beriladigan imtiyozlarni belgilab beradi.

Ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish hamda ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini moliyalashtirish masalalari batafsil ko‘rsatib berilgan. Xususan, bazaviy moliyalashtirish; ilmiy loyihalarni moliyalashtirish; stajyor-tadqiqotchilik, tayanch doktorantura va doktoranturani moliyalashtirish; noyob ilmiy obektlarni saqlashni moliyalashtirish; ilmiy asbob-uskunalardan jamoaviy foydalanish markazlarini moliyalashtirish ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasini moliyalashtirishning yo‘nalishlaridir.

«Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida»gi Qonun asosida jismoniy va yuridik shaxslar uchun ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalarini tuzish mumkinligi huquqi berilmoqda.

Муҳаббат Маъмирова
Tayyorlagan Муҳаббат Маъмирова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid