O‘zbekiston | 16:05 / 11.10.2019
20077
3 daqiqa o‘qiladi

SMTI Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqini siyosiylashgan tashkilot deb hisoblamayapti

Foto: Sabyr Ailchiyev

Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) savdo va iqtisodiy maqsadlarni ko‘zlamoqda, deya hisoblaydi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktorining o‘rinbosari Sanjar Valiyev.

«Men tashkilot siyosiylashgan xarakterga ega, degan fikrga qo‘shilmayman», - dedi u Kun.uz muxbirining savoliga javoban.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir tashkilot o‘zining asosiy vazifalarini belgilaydigan fundamental nizom hujjatlariga ega. Ulardan kelib chiqsa, YeOIIda kapital, tovarlar va xizmatlar, shuningdek, mehnat resurslarining erkin harakatlanishini ta'minlash bo‘yicha maqsadlar qo‘yilgan. «Bu tashkilotning asosiy maqsadlari. Bu maqsadlar qanchalik siyosiy ekani - ikkinchi masala», - deya ta'kidlab o‘tdi Valiyev.

«YeOII iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilganidan kelib chiqsak, unda bu, umuman olganda, siyosiy maqsaddir. Ammo bundan chetga chiqmaslik kerak, chunki tashkilot siyosiy sammitlarni o‘tkazmaydi, xalqaro vaziyat yoki muayyan mintaqadagi xavfsizlik muammolarini muhokamaga olib chiqmaydi. Har doim savdo-iqtisodiy masalalar muhokama qilinadi», - dedi ekspert.

Bundan oldin, Milliy tiklanish demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov Kun.uz’ga bergan intervyusida YeOII «nomigagina iqtisodiy, ortida esa siyosiy maqsadlar yashiringan ittifoq» ekanini ma'lum qilgandi.

«Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi – qisqa davr uchun iqtisodiy manfaatlarga tayangan va uzoq davr uchun esa siyosiy manfaatlarga tayangan ittifoq. 

Yaqin oylarda ma'lum bo‘lgan va jarayonlari ancha vaqtdan buyon davom etayotgan bu urinishlar O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning yuragi, ko‘pgina davlatlar bilan chegaradosh va geopolitik murakkab o‘rnini hisobga olgan holatda bo‘lmoqda.

O‘zbekistonning ittifoqqa kirishiga undalishi, uni a'zolikka tortishga nisbatan bo‘layotgan harakatlarda birinchi navbatda o‘sha a'zolarning manfaatlari turibdi. Buni keskinroq tarzda ikkinchi SSSR desa ham bo‘ladi», - dedi Qodirov.

Avvalroq, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston milliy manfaatlarga raxna soluvchi hech qanday shartnomaga qo‘l qo‘ymasligi haqida aytgandi.

«O‘zbekiston oxirgi uch yil davomida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan munosabatlar masalasini juda ko‘p marta muhokama qilgan edi. Tushunarliki, bu tashkilotga a'zo barcha davlatlarning O‘zbekistondek yirik mamlakatning unga kirishidan manfaatlari bor. Lekin hech qachon bu qandaydir tazyiq, bosim sifatida bo‘lmagan», - dedi Safoyev.

Mavzuga oid