O‘zbekiston | 14:25 / 14.10.2019
30669
2 daqiqa o‘qiladi

Beeline’ning aloqa sifatini o‘rganish boshlandi - Davlat inspeksiyasi

Foto: RIA Novosti / Ilya Pitalev

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi «Unitel» MChJ (Beeline)da tekshiruv tadbirlarini amalga oshirmoqda.

Davlat inspeksiyasidagi manbaning Kun.uz’ga xabar berishicha, tekshiruv fuqarolarning mobil aloqa xizmatlarining qoniqarsiz taqdim etilishi bo‘yicha shikoyatlari asosida o‘tkazilmoqda. Bildirilishicha, fuqarolarning qonuniy huquqlari va manfaatlariga rioya etish jamiyat rivojida muhim ahamiyatga egadir.  

Taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini o‘rganish qator mezonlarga asoslanadi. Ular orasida: xizmatning mavjudligi - bu operator tomonidan iste'molchiga uning iltimosiga binoan tarmoq xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini taqdim etish; xizmatning yaxlitligi va uzluksizligi - telekommunikatsiya xizmatining sifati hamda uning yakunlanishini ta'minlashdan iborat.

Telekommunikatsiya xizmatlari sifati masalalari bo‘yicha murojaat qilishni istagan fuqarolar Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining 1144 ishonch telefonidan foydalanishlari mumkin.

Qayd etilishicha, kelib tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra, boshqa aloqa operatorlari va provayderlarni tekshirish tadbirlari tashkil etiladi. 

Ma'lumot uchun: «Unitel» kompaniyasi 1996 yilda tashkil topgan. Kompaniyaning tijorat faoliyati 1997 yilning 25 sentabr kuni boshlangan. 2006 yilning 12 sentabr kunidan «Unitel» MChJ «Beeline» savdo belgisi ostida xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Mavzuga oid