Iqtisodiyot | 07:48 / 14.10.2019
5499
2 daqiqa o‘qiladi

QQSning ortiqcha summasini qaytarishning elektron tizimi yaratilmoqda

Foto: Shutterstock

Davlat soliq qo‘mitasi soliq to‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulayliklarni yaratish, ayniqsa, eksportyor korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida QQSning ortiqcha summasini qaytarishning avtomatlashtirilgan tizimini ishlab chiqmoqda.

DSQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu orqali nol darajali stavkani qo‘llash natijasida hosil bo‘lgan QQSning ortiqcha summasini korxonalarning bank hisobvaraqlariga qaytarib berish jarayoni yanada soddalashtiriladi.

2020 yil 1 yanvardan to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan mazkur tizim korxonalarga qator qulayliklarni taqdim etadi.

Birinchidan, arizalarni va boshqa qo‘shimcha hujjatlarni qog‘oz ko‘rinishida bevosita DSQga taqdim etish tartibidan voz kechiladi.

Ikkinchidan, QQSni qaytarish jarayoniga tegishli bo‘lgan barcha hujjatlar, ya'ni import va eksport bojxona yuk deklaratsiyalari, hisobvaraq-fakturalar, QQS hisob-kitoblari, eksport shartnomalari va korxonalar hisobvaraqlariga kelib tushgan valuta mablag‘lari to‘g‘risidagi ma'lumotlar hamda boshqa jadvallar tegishli davlat organlari ma'lumotlar bazasiga ulangan holda shakllantiriladi.

Uchinchidan, taqdim etilgan hujjatlarning o‘rganilish jarayonini soliq to‘lovchining “shaxsiy kabineti” orqali kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.

Mavzuga oid