Jahon | 16:15 / 15.10.2019
25926
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Turkiyaga Suriyaga bostirib kirgani uchun sanksiya joriy qildi

AQSh Suriya shimolidagi vaziyat tufayli Turkiya Mudofaa vazirligi va Turkiya Energetika vazirligiga qarshi sanksiya qo‘lladi. AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan imzolangan farmon qo‘shimcha sanksiyalarga ham yo‘l ochadi.

Foto: Reuters

Turkiya bosh shtabining sobiq qo‘mondoni, ayni vaqtda mudofaa vaziri hisoblangan Xulusi Aqar, energetika vaziri Fotih Do‘nmez, Adolat va taraqqiyot partiyasi rahbari o‘rinbosari Sulaymon So‘ylu ham sanksiya ostiga tushgan.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo sanksiyalardan maqsad - Turkiyani Suriyadagi harbiy harakatlarini to‘xtatishga va AQSh bilan muloqotga qaytishga majburlash hisoblanadi. Aks holda, Turkiyaga nisbatan yangi sanksiyalar qo‘llanishi mumkin.

«Prezident Tramp Turkiya Suriyaning shimoli-sharqidagi hujumlarini to‘xtatishi va zudlik bilan o‘t ochishga barham berishiga qaratilgan qarorni imzoladi. Bu qaror Moliya vazirligi va Davlat departamentiga Suriyada barqarorlik va xavfsizlikka rahna solayotgan, fuqarolar uchun tahdid tug‘dirayotgan harakatlari uchun Turkiya tizimlari va shaxslariga qarshi sanksiyalar qo‘llash huquqini beradi», — deyiladi Pompeoning bayonotida.

AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens ham Donald Tramp Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqotida Suriyada o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilgani haqida ma'lum qildi. Oq uydagilar yaqin vaqtlar ichida Tramp topshirig‘i bilan Anqaraga amerikaliklar delegatsiyasi yo‘l olishi haqida aytishmoqda. Xabarlarga ko‘ra, bu delegatsiyani Pensning o‘zi boshqaradi.

Bundan avvalroq sanksiyalar qo‘llanishi haqida ogohlantirgan Tramp Turkiya bilan savdo muzokaralari to‘xtatilishi uchun ko‘rsatma bergani, may oyida import uchun 25 foizga tushirilgan boj yana 50 foiz miqdoriga qaytarilishini ma'lum qilgandi.

«Men tez orada yangi farmonimni imzolayman, unga ko‘ra Turkiya rahbariyatidagi amaldagi va sobiq rasmiylarga, shuningdek, Suriya shimoli-sharqidagi vaziyat barqaror bo‘lishiga qarshi barcha shaxslarga sanksiya qo‘llanadi. Turkiyalik rahbarlar bu xavfli yo‘lda yurishda davom etsa, men Turkiya iqtisodiyotini butunlay vayron qilaman», deya yozgandi Tramp.

Turkiya armiyasi 9 oktabr kuni Suriya shimoliga kirib, kurdlarga qarshi harbiy amaliyot boshlagandi.

IShIDga qarshi urush vaqtida AQSh boshchiligidagi koalitsiyaga quruqlikdagi harakatlarda asosiy ko‘makchi bo‘lgan kurdlarning yetakchilari Donald Tramp amerikalik harbiylarni Suriya shimolidan olib chiqishga ko‘rsatma berishini Turkiya Suriya hududiga bostirib kirishiga rozilik bildirgani sifatida qabul qilishmoqda va AQShni «orqadan pichoq urish»da ayblamoqda.

Trampning o‘zi esa bir tomondan Turkiyaning Suriya hududiga kirishiga to‘sqinlik qilmadi, amerikalik harbiylar bu ziddiyatda ishtirok etmasligi ma'lum qilindi va Amerika kurdlarga yordam qo‘lini cho‘zmadi. Boshqa tomondan Tramp Anqara amerikaliklar prezidentiga yoqmaydigan ishlarni qilishda davom etsa, Turkiya iqtisodiyoti yakson etilishi bilan tahdid qilindi.

Yakshanba kuni kurdlar rasmiy Damashq bilan kelishuvga erishdi va Suriya arab respublikasi hukumati qo‘shinlari shimolga yo‘llandi. Bashar Asad va kurdlar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, armiya Turkiya bilan chegaralar bo‘ylab joylashmoqda.

Turkiya kurd ayirmachilarini Suriya shimolidan surib tashlashni istaydi. Turklar suriyalik kurdlarni ham Turkiya hududida qariyb 30 yildan buyon mustaqil bo‘lib chiqish uchun hukumatga qarshi kurashib kelayotgan Kurdiston ishchi partiyasi bilan aloqador deb hisoblaydi.

9 oktabr kuni Rajab Toyyib Erdo‘g‘an «Tinchlik bulog‘i» amaliyoti boshlanganini e'lon qildi. Bu harbiy amaliyotdan maqsad kurdlar yashab kelayotgan hududlarni tozalab, o‘zining janubiy chegaralari xavfsizligini ta'minlash, Suriya shimolida esa «xavfsiz zona» tashkil etib, o‘z hududidagi suriyalik qochqinlarni ushbu hududga joylashtirish ekani aytilgan.

Mavzuga oid