O‘zbekiston | 13:50 / 17.10.2019
9207
5 daqiqa o‘qiladi

Ruslan Davletov O‘zbekistonda olib borilayotgan huquqiy islohotlarni sanadi

Adliya vaziri Ruslan Davletov tadbirkorlik sohasida 80ga yaqin litsenziya va ruxsatnomalar berish bekor qilingani haqida ma'lumot berdi.

Foto: KUN.UZ

17-18 oktabr kunlari Toshkent shahrida yuristlar, vazirliklar va idoralar mutaxassislari, ingliz huquqi sohasidagi milliy va xorijiy ekspertlar Adliya vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan «English Law Day in Tashkent» («Toshkentda ingliz huquqi») xalqaro konferensiyasida jam bo‘lishdi.

Tadbir avvalida Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya favqulodda va muxtor elchisi Tim Torlou, Angliya va Uels xalqaro yuristlar jamiyati qo‘mitasi a'zosi Sergey Ostrovskiy yig‘ilishni ochib berish uchun nutq so‘zladi. 

Adliya vaziri o‘z chiqishida yig‘ilish qatnashchilari, xorijlik mehmonlarga olib borilayotgan huquqiy islohotlar haqida ma'lumot berdi.

«Ayni vaqtda O‘zbekistonda bir necha huquqiy islohotlar ketmoqda. Birinchidan, mamlakatda davlat boshqaruvining yangi modeliga o‘tish bo‘yicha tub ma'muriy islohotlar olib borilmoqda. Bunda ham davlat organlarining imijini va mahsuldorligini oshirish, ham antikorrupsiyaviy choralar bilan tadbirkorlar uchun ma'muriy yengilliklar berish va bu bilan iqtisodning o‘sishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, islohotlarda asosiy e'tibor biznesda turli byurokratik protseduralarni qisqartirishga qaratilmoqda. Biz bu borada 80ga yaqin litsenziya va ruxsatnomalarni bekor qildik. Lisenziya va ruxsatnomalarning rasmiylashtirish muddati qisqartirildi.

Davlatga bo‘lgan ishonchni himoya qilish prinsipi yaratilgan bo‘lib, u halol sarmoyadorlar va tadbirkorlik sub'yektlarini mansabdor shaxslarning kutilmagan ma'muriy xatti-harakatlaridan himoya qilish mexanizmlarini nazarda tutadi.

Ikkinchidan, biznes va investitsiya kiritishda qulay sharoitlar yaratish maqsadida iqtisodiyot erkinlashtirilishi olib borilmoqda. Iqtisodiy faoliyatda turli sohalarda 300ga yaqin imtiyoz va preferensiyalar o‘rnatildi. Ayni vaqtda 21ta erkin iqtisodiy zona tashkil etilgan. Bu yildan soliq yukini keskin kamaytirishni o‘zida aks etgan soliq tizimi amalga kiritildi.

Uchinchidan, sud-huquq sohasida kompleks choralar ko‘rilmoqda. Jamiyat bu islohotdan ko‘p narsa kutmoqda. Balki biz ayni vaqtdagi sud-huquq sohasidan 100 foizli qoniqish hosil qilmasmiz, lekin o‘zgarishlar bo‘lmoqda», – deya Ruslan Davletovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Birinchi kun «English Law Day in Tashkent» mavzusidagi xalqaro konferensiya formatda bo‘lib o‘tmoqda. Unda ingliz huquqidagi so‘nggi o‘zgarishlar, xususan, ingliz huquqining xalqaro arbitraj bilan qo‘shilishi va singdirilishi bo‘yicha ish yuritishda qo‘llash masalalari muhokama qilinadi. Tadbir Angliya va Uels yuristlar jamiyati (The Law Society of England and Wales) va Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi.

Ikkinchi kun O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan «O‘zbekistonda ingliz huquqi normalarini joriy etish istiqbollari» mavzusidagi xalqaro konferensiya formatida o‘tkaziladi. Anjuman ishtirokchilari kontinental huquqqa ega mamlakatlarda ingliz huquqini joriy etishning dolzarb masalalari, xususan bu sohada xorijiy mamlakatlar tajribasi va O‘zbekiston istiqbollarini muhokama qiladi.

Ishtirokchilarni o‘z hududlarida ingliz huquqidan foydalanuvchi mamlakatlar tajribasi bilan tanishtirish maqsadida Adliya Lordi Piter Gross, MFsA boshqaruvi maslahatchisi Igor Rogov, MFsA sudi apparatining registratori va rahbari Kristofer Kempbell-Xolt, «Norton Rose Fulbright» xalqaro yuridik firmasining katta yuristi Saymon Kox kabi ekspertlar va huquqshunoslar hamda Buyuk Britaniya yuridik doira vakillari jalb qilingan.

Ma'lumot uchun, Qozog‘iston, XXR, BAA, Singapur va boshqa mamlakatlarda ingliz huquqidan foydalanish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning iyun oyida Adliya vazirligi delegatsiyasi Qozog‘istonga tashrifi doirasida «Astana» Xalqaro moliya markazining ingliz huquqini tatbiq etishga doir tajribasini o‘rgandi. Tashrif yakuni bo‘yicha ushbu tizimni «Navoiy» EIZ» hududida joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlandi.

Bundan tashqari, Adliya vaziri Ruslan Davletovning 2019 yil 25-28 iyun kunlari London shahriga tashrifi doirasida ham Buyuk Britaniyaning tegishli tashkilotlari bilan qator uchrashuvlar tashkil etilgan edi. Ularda O‘zbekiston rahbarining respublikamiz hududida ingliz huquqini joriy etishga doir tashabbusi muhokama qilingan edi.

Britaniya vakillari mazkur masalani o‘rganishda ekspert yordamini ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirgan. O‘zbekistonda ingliz huquqini joriy etish istiqbollarini muhokama qilish bo‘yicha konferensiya tashkil etishga kelishib olingan.

Баҳодир Аҳмедов
Tayyorlagan Баҳодир Аҳмедов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid