Jahon | 07:58 / 19.10.2019
112929
11 daqiqa o‘qiladi

Kurdlar kim? Feministlar, IShIDni yengganlar va bo‘lib tashlangan xalq

Kurdlarning harbiy otryadlari IShID ustidan qozonilgan g‘alabada muhim rolni o‘ynashgandi, ammo hozir amerikaliklar Suriya shimolidan ketishi va Turkiya qo‘shinlari bu hududga bostirib kirishi tufayli ularning taqdiri xavf ostida qolmoqda.

Kurdlarda ayollar urushda ham, hokimiyatda ham erkaklar bilan teng huquqlidir

Urush ichida qolgan Suriyada ular hokimiyatni desentralizatsiya tamoyillari asosida (markazlashgan sistemadan markazlashmagan sistemaga o‘tish), feminizm, ekologiya va ijtimoiy adolat qorishmasidagi mafkura ta'siridagi muxtoriyat tuzishga harakat qilishmoqda.

Bi-bi-si Suriya kurdlari - Yaqin Sharqdagi davlatlar o‘rtasida bo‘lib olingan 30 millionlik xalqning ilg‘or vakillari haqida hikoya qiladi.

Kurdlar kim?

Iroqning Sulaymoniya shahridagi kurd erkaklari / AFP

Kurdlar - hind-yevropa etnosi, ularning tarixiy vatani Kurdiston hozirgi Iroq, Eron, Suriya va Turkiyaning tog‘li hududlarida joylashgan.

Bu hududlarda bugungi kunda jami 30 mln nafar atrofida kurdlar yashaydi, bu soni bo‘yicha Yaqin Sharqdagi to‘rtinchi eng yirik xalq, mintaqaning o‘z davlatiga ega bo‘lmagan eng yirik xalqi.

Ular nima uchun kurashadi?

Kurdlarning aksar qismi - sunniy mazhabiga e'tiqod qiluvchi musulmonlardir, shu bilan birga ularning orasida boshqa mazhablar ham keng tarqalgan.

Shu jumladan, yezidlar - ko‘plab dinlarning elementlari qorishgan e'tiqod.

Bu sinkretik e'tiqod izdoshlari asrlar davomida «iblisga sig‘inuvchilar» sifatida ta'qib qilib kelingan, musulmon kurdlar tomonidan ham.

Nega kurdlarning o‘z davlati yo‘q?

XX asr boshida Yevropadagi derjavalar (superqudratli davlatlar) Usmonlilar imperiyasi hududida mustaqil Kurdiston davlatini tuzishni rejalashtirishgandi. Ammo bu g‘oya amalga oshmay qolgan.

AQShning Tel-Avivdagi elchixonasi oldidagi namoyish vaqtida ko‘tarilgan kurdlar bayrog‘i / Reuters

Hozirda kurdlar yagona davlat uchun emas, mavjud davlatlar ichidagi muxtoriyat uchun kurashishadi. Suriyada ham, Turkiyada ham kurdlar Iroqdagi millatdoshlari kabi (bu davlatdagi Iroq Kurdistoni muxtoriyati yangi konstitutsiya bo‘yicha keng vakolatlar bilan ta'minlangan) o‘z o‘zini boshqaruvchi hudud maqomini olishni istashadi.

Kurdlarning eng ko‘p qismi Turkiyada yashaydi, turli baholarga ko‘ra, Turkiya aholisining 15 foizdan 23 foizgacha bo‘lgan qismi kurdlardir. Bu raqam o‘sib bormoqda - demografik ko‘payishdan tashqari, mamlakatning asli kurd bo‘lgan fuqarolari o‘zlarini kurd sifatida identifikatsiyalashmoqda.

Turkiya ular terrorchiligini aytadi. Chindan ham shundaymi?

«Kurd masalasi» - XX asr mobaynida Turkiyaning asosiy bosh og‘rig‘i bo‘lib kelgan. Turklar hukumati bunday millat borligini ko‘p vaqt davomida tan olmagan va ularni «tog‘lik turklar» deb atashgan.

Kurdlarning huquq va muxtoriyat uchun kurashidagi hal qiluvchi rolni Abdulla O‘jalan bajargan, u 1970-yillarda Kurdiston ishchi partiyasiga - siyosiy va jangari tashkilotga asos solgan.

O‘jalan avvaliga markschi-leninchi bo‘lgan, ammo yillar o‘tib uning qarashlarida anarxizm va libertar-sotsializm g‘oyalari ham paydo bo‘lgan, shuningdek, aksilglobalchilar orasida mashhur bo‘lgan amerikalik faylasuf Myurrey Bukchin asarlarini o‘rgangan. Bularning barchasi ham Turkiyadagi, ham Suriyadagi kurdlarning elita tabaqalari tarkibini o‘zgartiradi: ular jamiyatning quyi qatlamlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Kurdiston ishchi partiyasining harbiy mashg‘uloti, 2007 yil, Iroq / AFP

Kurdiston ishchilar partiyasi Turkiyada, AQShda va Yevropaning qator davlatlarida terrorchi tashkilot sifatida tan olingan. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Suriyadagi kurd harbiy bo‘linmalari Kurdiston ishchi partiyasi tomonidan boshqarilishini va ular ham terrorchilar hisoblanishini ta'kidlab keladi.

Ammo ekspertlarning hisoblashicha, Suriya kurdlari KIPga bo‘ysunishmaydi, kamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa yo‘qligi aytiladi.

«Suriyadagi vaziyat haddan tashqari og‘ir, uni KIP rahbariyatining Iroq shimolidagi Kandil tog‘larida joylashgan qarorgohidan turib boshqarib bo‘lmaydi», - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti ilmiy xodimi Guney Yildiz.

Kurdlar partiyalari va otryadlari byurokratik tuzilishiga ko‘ra emas, mafkuraviy jihatdan gorizontal harakatlar sifatida bir-biriga bog‘langan, deydi Berlindagi Transmintaqaviy tadqiqotlar forumining madaniy antropologi va ilmiy xodimi bo‘lgan Yektan Turkyilmaz.

«Hech qanday markaziy qo‘mita yo‘q - bu oksimoron bo‘lgan bo‘lardi, chunki tarmoq hokimiyatni markazsizlashtirish tamoyili ustiga qurilgan», - deydi Turkyilmaz.

Kurdlar Suriyada nima uchun kurashadi?

Suriya shimoli-sharqida taxminan 1,5-2 mln kurd yashaydi. Ammo ularning huquqlari rasmiy Damashq tomonidan doimiy ravishda inkor etib kelingan, chunki Suriyani boshqaradigan yagona arab davlati tuzish g‘oyasi bayroqdori bo‘lgan Baas partiyasi arab millatchiligi mafkurasidan chekinmaydi.

Suriya rejimi hatto mintaqaning ko‘plab xalqlari orasida tarqalgan Navro‘z bayramini nishonlashni ham cheklab qo‘ygan.

Fuqarolik urushi boshlangach Damashq va kurdlar munosabatlari yaxshilana boshladi. Kurdlar Asadga qarshi harakatlarga qo‘shilmadi, o‘z navbatida Suriya armiyasi ham kurd otryadlari nazorat o‘rnatgan shimoli-sharqdagi hududlarga bostirib kirmadi.

Suriyaning Al-Qamishli shahrida chiqish qilgan Rojava orkestri /AFP

Bu yaqinlashuv finali Rossiyaning Xmeymimdagi bazasida Suriya hukumati va kurdlar o‘rtasidagi kelishuv bitimi bo‘ldi. Kurdlar taklifi bilan Suriya armiyasi Rossiya harbiylari hamrohligida mamlakat shimoliga, Turkiya va uning ittifoqchilari hujumiga qarshi jo‘natildi.

«Erdo‘g‘an ikki kun ichida Rossiya yillar davomida qila olmagan ishni qildi», - deydi Bi-bi-siga Rossiya fanlar akademiyasi sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi Konstantin Truyevsev.

Kurd muxtoriyati qanday tashkil qilingan?

2012-2013 yillarda kurd otryadlari Suriya shimoli-sharqidagi katta hududni qo‘lga kiritishdi. Hozir ular mamlakatning to‘rtdan bir qismini nazorat qilishadi. 2014 yilda ular o‘zini o‘zi boshqarish organlarini tuzishgan, bu avvalboshdan milliy muxtoriyat uchun asos sifatida ko‘rilgan.

Suriya shimoli-sharqida muxtor hudud tuzilgani e'lon qilinishi / AFP

Vaqt o‘tishi bilan arablar, turkmanlar, ossurlar va armanlar yashaydigan hududlar ham kurdlar boshqaruviga o‘tdi. Natijada Suriya Shimoliy-Sharqiy muxtoriyati (Rojava) ma'muriyati faqat kurdlarni emas, hududdagi barcha xalq vakillarini o‘z xalqi deb hisoblaydi.

Bu muxtoriyatda hokimiyatning har bir organida - mahalliy kengashlardan tortib hududiy rahbariyatlarga qadar - hamraislarga ega, bu lavozimlardan birini albatta ayol kishi egallaydi. Ma'muriyat rahbarligida ayni vaqtda arab Mansur Selam va kurdlar vakili Ilham Ahmad (ayol kishi) turibdi.

Suriya kurdlarining demokratik g‘oyalari muxtoriyat hududida ko‘pxotinlikni taqiqlaydi; kurd ayollari IShIDga qarshi janglarda ham qatnashishdi.

«Ular muvaffaqiyat bilan ham siyosiy tuzilmalarni qurishdi, ham qurolli kuchlarni tashkil etishdi», - deydi Konstantin Truyevsev.

AQSh va Rossiya bilan muzokaralarni kim olib boradi?

Suriya kurdlari nomidan jahondagi yirik davlatlar bilan muzokaralarni Suriya demokratik kuchlari (SDF) - AQSh tomonidan qurollantirilgan va qo‘llab-quvvatlanib kelingan, kurdlar, arablar, ossurlar va mamlakat shimoli-sharqidagi boshqa xalqlardan tarkib topgan harbiy tuzilma qo‘mondoni, general Mazlum Abdi olib boradi.

Abdi - Suriya shimolidagi Kobani shahrida tug‘ilgan. U o‘z vaqtida Kurdiston ishchi partiyasida ta'lim olgan va partiya yetakchisi Abdulla O‘jalan bilan do‘stlashgan.

Kurd otryadlari qo‘mondoni general Mazlum Abdi, u jahon derjavalari bilan muzokara o‘tkazadi /AFP

Lekin bu o‘z vaqtida amerikalik senatorlar Jon Makkeyn va Lindsi Gremga Suriyaning ozod etilgan shaharlariga general Mazlumning mehmonlari sifatida tashrif buyurishiga xalal bermagandi.

Aynan KIP va O‘jalan bilan aloqalari tufayli Turkiya Abdini terrorchi deb hisoblaydi.

Nima uchun kurdlar AQSh ittifoqchisiga aylangan?

Chorshanba kungi matbuot anjumanida AQSh prezideni Donald Tramp ikki marta kurdlar jang qilishni bilishi haqida gapirib o‘tdi. Bu ertak emas. Chindan ham, AQSh rahbarligidagi koalitsiya IShID bilan janglardagi muvaffaqiyatlari tufayli kurdlarga ishonch bildirishgandi.

Amerikaliklar IShIDga qarshi kurash boshlagach, AQSh aviatsiyasi hamkorligida quruqlikda terrorchilarga qarshi jang olib bora oladigan ittifoqchilarni qidirishgandi.

Kurdlar bu borada eng umidli va ishonchli ittifoqchi bo‘lib chiqdi. O‘z navbatida aviatsiya va artilleriya kuchlariga ega bo‘lmagan kurd otryadlari uchun ham bu taktik bilimlarga ega bo‘lgan bunday harbiy alyans manfaatli edi.

Aynan kurd otryadlari Raqqani ozod etish va Suriyada jangarilar xalifaligiga barham berishda koalitsiya tarkibida asosiy ishni bajargan quruqlikdagi kuchlar bo‘lgandi.

Kurdlar va Rossiya

Kurdlarning Rossiya bilan munosabatlari o‘tgan asr boshlariga borib taqaladi - Birinchi jahon urushi vaqtida barzoniylar urug‘iga mansub bo‘lgan otryadlar Rus imperatori armiyasiga qo‘shilgan, deydi Bi-bi-siga Konstantin Truyevsev.

Iroq Kurdistonining birinchi prezidenti Ma'sud Barzoniy Moskvada o‘sgan / AFP

Ikkinchi jahon urushi vaqtida sovetlar Eronni okkupatsiya qilishi oqibatida kurdlarning Mexabad Respublikasi tuzilgandi, ammo sovet askarlari ketgach, 1946 yilda Eron shohi bu davlatni yo‘q qiladi.

Mexabad harbiy kuchlariga boshchilik qilgan general Barzoniy SSSRga qochib boradi, u bu yerda 1958 yilgacha yashaydi va keyin Iroqqa keladi. Uning o‘g‘li Ma'sud Barzoniy 2005 yilda Iroq Kurdistoni muxtoriyatining birinchi prezidentiga aylanadi.

«Men 1986 yilda Ma'sud Barzoniy bilan uchrashganimda, u Moskvada yashagani va mahalliy bolalar bilan futbol o‘ynaganlarini eslashi haqida aytib bergandi», - deydi Truyevsev.

Sharqshunosning so‘zlariga ko‘ra, Moskva hamisha kurdlar bilan aloqalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Rossiya Suriyadagi nizoga aralashgach, rossiyalik diplomatlar kurdlar va Damashqni kelishtirish uchun harakat qilib kelishadi.

Rasmiy Moskva Suriya Kurdistonida hukmron bo‘lgan, aholining 80 foizidan ortig‘i tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Demokratik ittifoq hamraislari bilan aloqa o‘rnatgan.

Ammo rossiyalik harbiylarning bir qismida AQSh bilan ittifoq tuzgani uchun ularga ishonchsizlik mavjud, deya qo‘shimcha qiladi Truyevsev.

Mavzuga oid