O‘zbekiston | 11:00 / 20.10.2019
9828
3 daqiqa o‘qiladi

Ulug‘bek Ro‘ziqulov Vetnam prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Qarorgohi Indoneziya poytaxti Jakarta shahrida bo‘lgan O‘zbekistonning Vetnamdagi elchisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov 16 oktabr, chorshanba kuni Vetnam prezidenti Nguyen Fu Chongga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Rasmiy marosim doirasida bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Vetnam o‘rtasidagi munosabatlarni ikki tomonlama jihatdan va ko‘p tomonlama formatlarda yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi», deyiladi TIV xabarida.

Vetnam rahbari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan o‘zgarishlar nafaqat O‘zbekistonning kompleks rivojlanishiga, balki butun mintaqada o‘zaro ishonch va hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga ham xizmat qilishini qayd etgan.

Nguyen Fu Chong savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik istiqbollariga alohida to‘xtalib o‘tgan. Xususan, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmining oshayotganini, qishloq xo‘jaligi va akvamadaniyat sohalaridagi hamkorlikning rivojlanayotganligini mamnuniyat bilan e'tirof etgan.

«Shu bilan birga, prezident Nguyenning fikricha, Xanoy shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan ikki tomonlama hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi hamkorlikning yanada ko‘proq yangi yo‘nalishlarini ochadi», deb yozadi TIV matbuot xizmati.

Suhbat so‘ngida Vetnam rahbari O‘zbekiston rahbariyati va xalqiga omad va farovonlik tilaklarini yetkazib qo‘yishni so‘ragan.

Ulug‘bek Ro‘ziqulov muqaddam O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari va «O‘zavtosanoat» rahbari sifatida faoliyat yuritgan Ulug‘bek Ro‘ziqulov 2017-2018 yillarda «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi bosh direktori bo‘lgan, Aqto‘be fojiasidan so‘ng, Ro‘ziqulov «O‘zbekiston havo yo‘llari»​ MAK bosh direktorligidan va O‘zbekiston Respublikasining Indoneziyadagi favqulodda va muxtor elchisi sifatida ish boshlagandi.

Mavzuga oid