O‘zbekiston | 12:50 / 21.10.2019
35461
10 daqiqa o‘qiladi

Aktam Hayitov: «YeOIIni SSSRga qiyoslash to‘g‘ri emas»

Joriy yilning dekabr oyida Oliy Majlisning Qonunchilik Palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Odatda siyosiy jarayonlarda o‘zlarini sezdirmaydigan O‘zbekistonda mavjud beshta partiya bugungi kunda ancha faol. Turli tadbirlar uyushtirishmoqda, saylovoldi targ‘ibotga e'tibor bermoqdalar.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi O‘zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Hayitov bilan suhbatda parlamentda eng ko‘p o‘ringa ega partiyaning YeOIIga a'zolik borasidagi pozitsiyasi bilan qiziqdik.

«Bu borada birinchidan, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlari, ikkinchidan partiyamiz elektoratining manfaatlarini e'tibordan qochirmasligimiz kerak. Masalaning tarixiga qisqacha nazar solsak. Bu tashkilotga O‘zbekiston tomonidan qiziqish bor. Uch yil davomida ekspertlar tomonidan juda chuqur o‘rganilyapti.

Bu yaqinda Rossiya federatsiyasi Federatsiya kengashi raisi Matviyenko xonimning kelishi bilan birdaniga kuchayib ketgani yo‘q. Esingizda bo‘lsa, iyun oyida muhtaram prezidentimiz Senat majlisida shu masalaga urg‘u berib o‘tgan edi. Aytgandilarki, biz mahsulotlarimiz sifatini yaxshilashga harakat qilishimiz kerak. Savdomizning 70 foizi [YeOII] mamlakatlariga to‘g‘ri keladi.

Qolaversa, avgust oyida Belarusga tashrif davomida ham bu masala ko‘tarilgan. Prezidentlarning qo‘shma bayonotida Belarus misolida [O‘zbekistonning] ittifoq bilan qanday darajada hamkorlik qilish masalalari ham bayon qilingan. Shuning uchun bu masalaga yondashganda, bu birdaniga bir kunda paydo bo‘lib qolmagan. O‘zbekiston bu masalani juda chuqur o‘rganyapti.

Partiyalarimizdan birining rahbari kuni kecha bunga juda qat'iy munosabat bildirib, YeOIIni SSSRga tenglashtirgan bayonotining qanchalik to‘g‘riligiga xalqimiz o‘zi baho beradi. Chunki hech kim SSSRning paydo bo‘lishiga xohish bildirmaydi ham. Rossiyaning prezidenti ham YeOIIdan bunaqa maqsad yo‘qligini bir necha marta aytgan.

YeOIIning tashabbuskori Rossiya emas, balki Nazarboyev janoblarining o‘zlari bo‘lganligini ham yodimizdan chiqarmasligimiz kerak. Ishonch bilan aytaman, O‘zbekiston hech qachon mustaqilligini birovga berib qo‘ymaydi. Siyosiy mustaqilligini bundan ham mustahkamlaydi.

Muhtaram prezidentimiz 2016 yil dekabrida O‘zLiDeP nomzodi sifatida ko‘pchilik xalqimizning ovozini oldi. [Tashqi siyosatda] konstruktiv, pragmatik yondashuv bilan boryaptilar. Ya'ni O‘zbekiston manfaati birinchi o‘rinda. O‘zbekiston manfaatiga zid biron bir qaror hali qabul qilingani yo‘q, qabul qilinmasligiga ham ishonchimiz komil.

70 foiz savdomiz YeOIIga a'zo mamlakatlar bilan bo‘lar ekan, bu ittifoq bilan hamkorlik qilish – birinchi navbatda tashqi savdo uchun ijobiy ta'sirga ega bo‘ladi. Ayrim minuslarini hisobga olmagan holda. Masalan, hozir qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini 2 mlrd dollar atrofida eksport qilyapmiz. Kelajakda bu raqamni 10 milliardga yetkazmoqchimiz. Buning uchun bizga ham boshqa mamlakatlardagidek sharoit kerak. Bu ittifoq bilan hamkorlik qilish iqtisodiy jihatdan bizga foyda keltiradi.

Ba'zilar aytishi mumkin, [YeOIIga qo‘shilsak] qaysidir fermerlar uchun qiyin bo‘ladi. Misol uchun, go‘sht, tuxum, don kirib kelishi masalasida. Marhamat, biz unga ham tayyormiz. O‘shanga ham biz bozor mexanizmlarini joriy qilib, tayyorgarligimizni ko‘rishimiz kerak.

Uchinchidan, migratsiya masalasi. Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizning 90 foizi – shu ittifoq mamlakatlarida. Tashqi mehnat migratsiyasini amalga oshirayotgan fuqarolarimizga yaratilgan sharoit ittifoqdosh bo‘lgan mamlakatlarning ishchi kuchlariga yaratilgan sharoitga nisbatan noqulayroq. Bizning fuqarolarimiz ko‘proq xarajat qilishyapti. Bitta migrantimiz Qirg‘izistondan borgan migrantga qaraganda bir yilda ming dollardan oshiqroq xarajat qiladi.

To‘rtinchisi – yagona transport koridori masalasi. Bizning dunyo bozoriga chiqish yo‘llarimizning katta qismi shu hududdan o‘tadi.

Siyosiy nuqtayi nazardan qaraganda, O‘zbekiston o‘zining kuchli lideriga ega. Dono tashqi siyosati bilan O‘zbekiston manfaatini dadil himoya qilayotgan liderimiz bor – muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev. Shu ittifoq doirasida ham O‘zbekistonning manfaatlarini yuqori darajada qo‘ya oladi va siyosiy mustaqilligimizni cheklovga olib boradigan biror bir xatti-harakat bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydilar», – deya fikr bildirdi Aktam Hayitov.

Suhbat davomida O‘zLiDeP yetakchisi «Biz ko‘p go‘sht yeyapmiz» degani shov-shuvlarga sabab bo‘lgani, davlat budjetidan partiya uchun ajratilgan 25 mlrd so‘m pul nimaga sarflanishi, dekabrdagi saylovdan nimalar kutayotgani va boshqa mavzularda so‘z yuritdi.

«Biz ko‘p go‘sht yeyapmiz»

«Bu gapimiz rosa muhokama qilinganini kuzatdik, albatta. Lekin boshqacha talqin qilinganini ham aytishim lozim. Gap go‘sht yildan yilga ko‘proq iste'mol qilinayotgani to‘g‘risida borgandi. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, bundan 8-10 yil muqaddam bir fuqaromiz yiliga o‘rtacha 35-37 kg go‘sht iste'mol qilgan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 43 kg.ga yetdi. O‘sha paytlari yillik umumiy iste'mol 1,1 mln tonnani tashkil qilgan, bugungi kunda 1,5 mln tonnaga yetgan, ya'ni 400 ming tonnaga oshgan. Albatta, aholi ko‘paygan, turizm kuchaygan. Bu faktorlar ham bor. Ammo umumiy iste'mol oshayotgani hech kimga sir emas. Qolaversa, bizning yoshimizda, ya'ni o‘rta yoshlilarning ko‘pchiligida ortiqcha vazn paydo bo‘layotgani ham o‘z isbotini topgan.

Lekin bu gapim zinhor muhtoj insonlarga qaratilmagan. Ular go‘sht sotib olishga qiynalish, bu mahsulot narxi oshib borayotganini juda yaxshi bilaman. Kim qancha go‘sht yeyishini faqat o‘zi biladi va kimdir uni cheklashga haqqi yo‘q.

O‘zim qishloqda ulg‘ayganman. Mol boqish, umuman chorvachilik mashaqqatini tushunaman. Go‘sht qimmatlashayotganini, yem-xashak bazasidagi muammolarni juda yaxshi bilamiz. Shu bois partiyamiz ham soha yuzasidan o‘z qarashlarini bayon etgan. Jumladan Ohangaron, Taxtako‘pir, Bo‘zatov kabi butun tumanlarni chorvachilikka ixtisoslashtirish, oilaviy chorva fermerlari tashkil qilish kabi takliflar partiyaning saylovoldi dasturiga kiritilgan».

25 mlrd. so‘m nimaga sarflanadi?

«Davlat budjetidan partiyamiz uchun 25 mlrd so‘m yillik mablag‘ ajratilgan. Bundan tashqari, a'zolik badallarimiz ham bor. Bu mablag‘ning 80-85 foizi tumanlar, viloyatlar va markaziy kengashda ishlovchi xodimlarimizning oylik maoshlariga sarflanadi. Qolgan 15-20 foizi targ‘ibot ishlariga, turli tadbirlarga yo‘naltiriladi».

Saylovlardan umidlar

«Umidimiz katta, marrani baland olganmiz. Parlamentda ham, mahalliy kengashlarda ham eng ko‘p ovoz olish, hukumatni shakllantirishda asosiy rolni o‘ynash. G‘olib chiqqanimizdan so‘ng xalqimiz farovonligini oshirish uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirish».

Rossiya parlamenti yuqori palatasi raisi Valentina Matviyenko shu oy boshida Toshkentga rasmiy tashrif bilan kelib, O‘zbekiston Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirish masalasini ko‘rib chiqayotganini aytgandi. Shundan so‘ng ma'lum bo‘lishicha, bu masala haqiqatan ham uch yildan buyon kun tartibida turibdi, buni o‘rganish bo‘yicha maxsus ishchi guruh ham tuzilgan.

Bunga qadar prezident Shavkat Mirziyoyev iyun oyidagi Senat yalpi majlisida YeOIIga a'zo bo‘lishning foyda-zararlarini qiyoslagan, ko‘p o‘tmay Belarusga rasmiy davlat tashrifi bilan borib, ushbu mamlakat tajribasidan kelib chiqqan holda O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorlik qilishi imkoniyatlarini o‘rganish masalasi ham ko‘zda tutilgan qo‘shma bayonotni imzolagandi.

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bu mavzuga to‘xtalar ekan, O‘zbekiston milliy manfaatlarga raxna soluvchi hech qanday shartnomaga qo‘l qo‘ymaydi, deb bayonot berdi. O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining o‘rinbosari Sanjar Valiyev Kun.uz bilan suhbatda YeOIIni siyosiylashgan tashkilot, deb hisoblamasligini bildirdi.

Vakillik organlariga saylovlar arafasida siyosiy partiyalar yetakchilari ham bu borada jim turishgani yo‘q. «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov YeOIIga qo‘shilishga qarshiligini aytib, «bu – nomigagina iqtisodiy, ortida esa siyosiy maqsadlar yashiringan ittifoq», deb fikr bildirgan bo‘lsa, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi yetakchisi Narimon Umarov partiya O‘zbekistonning YeOIIga qo‘shilishini yoqlashini, lekin bu «tahlillar bilan bo‘lishi, taroziga solinishi kerak»ligini ta'kidladi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid