O‘zbekiston | 19:32 / 24.10.2019
17555
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda siyosiy partiya liderlari nega debat o‘tkazmaydi? – Ekspert bilan suhbat

«Afsuski, bizning siyosiy partiyalarimiz yangi piar texnologiyalarni yetarli darajada ishlata olmaydilar, nomzodlar siyosiy texnologiyalar ustida ishlamaydilar».

22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylov bo‘lib o‘tadi.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori Surayyo Odilxo‘jayeva Kun.uz muxbiri bilan suhbatda vakillik organlariga saylovlarning o‘ziga xos jihatlari haqida gapirib berdi.

Surayyo Odilxo‘jayeva – yuridik fanlari doktori, professor. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) va Toshkent davlat yuridik institutini tugatgan. 250dan ortiq ilmiy-ommabop materiallar muallifi. Ayni paytda JIDUning Xalqaro ommaviy huquq va davlat-huquqiy fanlar kafedrasi mudiri sifatida ishlab kelmoqda.

– Surayyo Mahkamovna, bu yil bo‘lib o‘tishi kutilayotgan saylovlarning oldingilaridan farqi nimada?

– Parlament saylovlari har qanday mamlakat uchun demokratiya va xalq irodasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ifodasi bo‘lish bilan birga davlat taraqqiyotini belgilovchi juda muhim siyosiy jarayon hisoblanadi. Saylovlar – davlat landshaftini o‘zgartiruvchi, siyosiy kuchlar tafovutini ko‘rsatuvchi, davlatning kelajagini belgilovchi eng demokratik uslubdir.

Endi 2019 yil 22 dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlarga kelsak, ularning o‘ziga xos jihatlari ko‘p. Birinchidan, bu saylovlar barcha xalqaro standartlarni o‘zida aks etgan O‘zbekiston Respublikasining yangi Saylov kodeksiga asosan bo‘lib o‘tadi. 

Ikkinchidan, saylovlar Saylov kodeksining 28-moddasiga ko‘ra, ishtirokchilarning yagona elektron ro‘yxatiga ko‘ra amalga oshiriladi. Bu ro‘yxat haqqoniyligini maxsus saytda kuzatib borish mumkin.

Uchinchidan, Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Ekologik harakati uchun belgilangan 15 deputatlik kvota bekor qilindi. Endi 150 o‘rin uchun (oldin 135 o‘rin edi) barcha partiyalar teng kurash olib boradilar.

– Fikringizcha, nima sababdan biz partiya liderlarining real debatlarini kuzatmaymiz? Mavzu yo‘qmi, ular andisha qiladilarmi yoki bu narsaga norasmiy taqiq qo‘yilganmi. Axir bu bahslar ko‘p jihatga oydinlik kiritishi mumkin-ku.

– Savolingizga huquq normalariga asoslanib javob beradigan bo‘lsam, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 45-moddasiga ko‘ra, saylovoldi targ‘ibotlari nomzodlarni ro‘yxatga olishning oxirgi muddatidan keyingi kundan boshlanadi. Ayni kunlarda barcha besh partiya ro‘yxatga olib bo‘lindi, endi partiyalar s'yezdlarida deputatlikka nomzodlarni ilgari surish boshlanadi. Demak, debatlar haqida gapirishga hali erta.

Bundan tashqari, yuqoridagi moddada targ‘ibot oshkora debatlar, bahslar, matbuot anjumanlari, fuqarolar yig‘ilishlari, intervyular, omma oldida chiqishlar, OAVdagi turli roliklar tarzida o‘tkazilishi aniq belgilab qo‘yilgan. Bu norma esa saylovchilarga har bir partiya yoki uning nomzodlarining maqsadlari, dasturlari va vakolatlari haqida ma'lumot olish imkonini beradi.

Endi partiyalar bu normadan qay darajada foydalana olishlari – boshqa masala. Afsuski, bizning siyosiy partiyalarimiz yangi piar texnologiyalarni yetarli darajada ishlata olmaydilar, nomzodlar siyosiy texnologiyalar ustida ishlamaydilar.

AQSh tajribasiga yuzlansak, kuchli siyosiy infratuzilma va saylovlarda siyosiy texnologiyalardan ustalik bilan foydalanishlari tufayli Respublikachilar va Demokratik partiya bu davlatda yetakchi pozitsiyalarni egallaydilar. OAV orqali nomzodlarning debatlari muntazam yoritib boriladi, saylovchilarga bu jarayonni kuzatish juda oson.

Demak, aytganingizdek ochiq bahslar ko‘p narsaga oydinlik kiritadi.

– O‘zbekiston partiyalari davlatning moddiy ta'minotisiz mavjud bo‘la oladilarmi?

– Albatta. Zamonaviy partiyalar davlat moliyaviy ko‘magisiz ham bemalol faoliyat yuritishlari mumkin. Chunki «Partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi qonunning 3-moddasiga ko‘ra, partiyalarni moliyalashtirish manbalari davlat budjetidan tashqari a'zo bo‘lish va a'zolik badallari, qonunchilikka ko‘ra tadbirkorlik faoliyatidan olingan daromadlar, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining xayriya mablag‘lari bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, mazkur qonun bo‘yicha bu partiyalarning Qonunchilik palatasi va davlatning boshqa organlariga saylovlari jaryonida moliyalashtirish belgilangan tartibda aynan mana shu maqsadlar uchun ajratilgan davlat mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Saylovlarda partiyalarga boshqa manbalardan moliyalashtirish yoki moddiy yordam berish taqiqlanadi. Bu norma o‘zini oqlaydi, deb hisoblayman, chunki bu barcha partiyalarga teng imkoniyatlar beradi. Mazkur talab saylovchilarga ham to‘g‘ri tanlovga zamin yaratadi, shubhali kuchlarning, jumladan tashqi kuchlar aralashuvining oldini oladi. 

– Nima deb o‘ylaysiz, bu yilgi saylovlarda kurashayotgan partiya vakillari orasidan prezident saylovlarida ishtirok etadigan haqiqiy lider yetishib chiqishi uchun qanday sharoit kerak? Yoki partiyalar bunda nimalarga e'tibor berishlari zarur?

– Rahmat, bu juda yaxshi savol. Bugungi kunda siyosiy partiyalar jamiyatning markaziy institutlari bo‘lib, demokratiyaning barcha zamonaviy modellarida davlat hokimiyatini shakllantirishda ularga asosiy rol ajratiladi.

«Siyosiy partiyalarsiz parlamentarizm bo‘lmaydi» degan so‘zlar aksioma darajasiga chiqishi bejizga emas. Zamonaviy siyosiy partiyalar elektoral, tashkiliy, jamlovchi, nazorat, kommunikativ va mafkura kabi bir necha funksiyalarni bajarishlari lozim.

Elektoral funksiya – bu partiyalarning istiqbolli kadrlarni saralab olish va ularning malakasini oshirish, turli yo‘nalishlarda bu nomzodlarni ilgari surish, aholining imkon qadar ko‘p qismini o‘z tomoniga og‘dirishga harakat qilish hamda buning ortidan ko‘proq ovozga ega bo‘lishdan iborat.

Fikrimcha, partiya mutaxassislarini saralash va tarbiyalash siyosiy partiyalar uchun juda muhim vazifa va bu ishni yoshlar bilan ishlashdan boshlash lozim.

Ammo hozirgi paytda siyosiy partiyalarimizning bu yo‘nalishdagi ishlari qoniqarli emas. Siyosiy partiyalar orasida haqiqiy liderlar yetishib chiqishi uchun yuqoridagi jarayonlarni kuchaytirish, ayniqsa mafkuraviy, tashkiliy va elektoral yo‘nalishda faol harakat qilish lozim.

Agar partiyalar orasida g‘oyalar kurashi ketsa, elektorat uchun raqobat yuzaga kelsa, o‘z-o‘zidan partiya liderlari ham yetishib chiqaveradi. Shu bois kadrlar bilan ishlashni tizimli yo‘lga qo‘yish, ta'lim, tahliliy infratuzilmani kuchaytirish zarur.

– Siyosiy partiyalarning hukumatga ta'sirini qanday baholaysiz?

– Demokratik mexanizmlarga ko‘ra, siyosiy partiyalarning hukumatga bevosita ta'siri ko‘zda tutilmagan. Ammo siyosiy partiyalarning maqsadi parlamentda, viloyat, tuman va shahar kengashlarida o‘z deputatlari sonini oshirish orqali hokimiyatga, parlament faoliyatini kuchaytirish va buning ortidan hukumat va ijroiya hokimiyatining boshqa organlari qarorlariga ta'sir etish bo‘lishi mumkin. 

Siyosiy partiyalar hukumatga uch usulda ta'sir o‘tkazish imkoniyatiga egalar.

Birinchidan, qaysidir partiya parlamentda eng ko‘p ovoz olsa, shu partiya bosh vazir nomzodini ilgari sura oladi.

Ikkinchidan, siyosiy partiyalar fraksiyalari parlamentda so‘rovlar tashabbusi bilan chiqishi, hukumatga savollar yo‘llashi, yoki hukumatning qaysidir vakilini biror masala muhokamasiga chorlashlari mumkin. Bosh vazirning yillik hisoboti ham parlament nazoratining bir shakli bo‘lib, bu jarayonda har bir fraksiya o‘z dasturi va elektorati manfaatlaridan kelib chiqib o‘z fikrlarini bildirish imkoniyatiga ega.

Uchinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechimi yuzasidan yillik hisobot ularni qoniqtirmasa, parlament siyosiy fraksiyalari bosh vazirga ishonchsizlik votumini bildirish vakolatiga egalar. Bunday holatda hukumat iste'foga chiqishi kerak bo‘ladi.

Shu tarzda, qonunchilikka ko‘ra, siyosiy partiyalarning hukumatga ta'siri bo‘yicha qator mexanizmlar mavjud. Lekin bu imkoniyatdan deputatlar qay tarzda foydalana oladilar, buni kutilayotgan saylovlar ko‘rsatadi. Shu sababli shunday nomzodlarni ilgari surish kerakki, chindan ham saylovchilarning qonuniy manfaatlariga xizmat qilsin, tashabbuskor bo‘lsin va o‘zining yetakchilik qobiliyatini ko‘rsata olsin.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid