O‘zbekiston | 08:21 / 25.10.2019
253467
3 daqiqa o‘qiladi

To‘y o‘tkazish tartibini buzganlar qancha jarimaga tortilishi ma'lum bo‘ldi

Foto: toylarmuborak.uz

To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazish tartibini buzganlik uchun qancha miqdorda jarima belgilanishi ma'lum bo‘ldi. “O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi quyidagi mazmundagi 192-1-modda bilan to‘ldiriladi:

“192-1-modda. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazish tartibini buzish

To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazish tartibiga qo‘yiladigan talablarga mazkur tadbirlarni o‘tkazuvchi shaxslar tomonidan rioya etmaslik, –

fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida (2 230 000 - tah.) jarima solishga sabab bo‘ladi.

To‘yxona, kafe va restoranlarning mansabdor shaxslari tomonidan to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarni o‘tkazishga qo‘yiladigan talablarni buzish, –

bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida (6 690 000 - tah.) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, –

bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida (11 150 000 - tah.) jarima solishga sabab bo‘ladi”.

Bundan oldin, To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish to‘g‘risidagi nizom e'lon qilingandi.

To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar faqat bir kun (dafn etish marosimi bundan mustasno) soat 06:00 va 23:00 oralig‘ida o‘tkaziladi.

Hududlarning sharoitlaridan kelib chiqib, xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan osh berish marosimining vaqti alohida belgilanadi.

Soat 23:00 dan keyin to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarni davom ettirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarda 200 nafargacha, mazkur tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashadi.

Qo‘shaloq to‘ylarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.

Mavzuga oid