O‘zbekiston | 20:42 / 29.10.2019
8126
3 daqiqa o‘qiladi

Parlament «Metrologiya to‘g‘risida»gi qonun loyihasini qo‘mitaga qaytarib yubordi

29 oktabr kuni parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotiga doir bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.

Jumladan, «Metrologiya to‘g‘risida»gi qonun loyihasi deputatlar o‘rtasida turli bahs-munozaralarni keltirib chiqardi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Majlisda qonun loyihasining dolzarbligi haqida gapirgan deputat Qutlimurat Babashevga ko‘ra, shu yilning 22 iyul kuni deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual ma'qullangan mazkur loyiha ayni sohadagi xalqaro hujjatlar talablariga muvofiqlashtirib, uyg‘unlashtirishga qaratilgan.

«Loyiha, shuningdek, ichki bozorni xavfli tovarlardan himoyalash, sinov, kalibrlash, qiyoslash laboratoriyalarining texnik omilkorligini oshirish hamda faoliyat natijalarining xalqaro darajada e'tirof etilishini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Hozirda amalda bo‘lgan qonun 1993 yil qabul qilingan bo‘lib, unda 16ta havolaki norma mavjud. Bugungi kunda ushbu xujjat metrologiya to‘g‘risidagi xalqaro talablarga mos kelmasligi natijasida milliy akkredatsiya tizimining xalqaro darajada tan olinishiga imkon bermayapti hamda sanoatning barcha tarmoqlarida yuqori aniqlikka erishish yo‘lida to‘siq bo‘lib turibdi», deydi u. 

Qonun loyihasining moddama-modda muhokamasi davomida ushbu masalalar tanqidiy tahlil qilindi. Jumladan, spiker Nurdinjon Ismoilov va deputatlar tomonidan yangi loyihaning o‘zida ham bir qancha kamchiliklar sanab o‘tildi.

Unga ko‘ra, loyihaga asosiy tushunchalar sifatida kiritilgan izohlar ko‘payib ketgan, «Metrologiya» tushunchasi fan sifatida izohlab o‘tib ketilgan va boshqa bir qancha tuzatish kiritish kerak bo‘lgan o‘rinlar bor.

Qonun loyihasi bir soatga yaqin vaqt davom etgan tortishuvlardan keyin, ko‘pchilik deputatlar fikriga ko‘ra, ikkinchi o‘qishdan o‘tkazildi. Loyiha qo‘mita tomonidan uchinchi o‘qishda ham o‘tkazish so‘raldi, biroq, deputatlar loyihadagi kamchiliklar va to‘g‘rilanishi kerak masalalar ko‘p bo‘lgani uchun o‘tkazish masalasini rad qilib, takomillashtirish uchun Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasiga qayta yuboradigan bo‘ldi.

Mavzuga oid