O‘zbekiston | 01:10 / 31.10.2019
6403
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda “Valday” klubi anjumani bo‘lib o‘tadi

Samarqandda 10-11 noyabr kunlari “Valday” xalqaro munozara klubining Osiyo anjumani bo‘lib o‘tadi. Har yillik anjuman 10-marta o‘tkazilmoqda va u shu yillar davomida mintaqaviy muammolar va global chaqiriqlar bo‘yicha munozaralarning muhim maydonchasiga aylanishga ulgurdi.

Foto: Facebook/ValdaiClubRu

Klub yubiley sondagi Osiyo anjumanini o‘tkazish joyi sifatida ilk bor O‘zbekistonni tanladi.

Joriy yildagi anjumanning mavzusi “Markaziy Osiyo va Yevrosiyo: global tartibsizlik chaqiriqlari oldidagi ko‘p tomonlama hamkorlik” deb nomlanadi.

Anjumanning muhimligi shundaki, bugungi kunda Osiyo zamonaviy dunyoning eng muhim geosiyosiy markazlaridan biriga aylanmoqda va jahon iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashda muhim rol o‘ynaydi.

“Valday” klubining Samarqanddagi anjumanida 11 ta davlatdan, jumladan O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Xitoy, Hindiston, Tojikiston, Germaniya, Fransiya, Yaponiya va Shvetsiyadan 70 dan ko‘proq ekspert ishtirok etishi kutilmoqda.

O‘zbekistondan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Maxmudov, Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Qurmanov, Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasining raisi Akmal Saidov ishtirok etadi. Ekspertlar darajasida esa Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi direktori Doniyor Qurbonov, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universitetining Xalqaro iqtisodiy va siyosiy tadqiqotlar markazi direktori Sherzod Abdullayev qatnashadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid