O‘zbekiston | 08:20 / 02.11.2019
6867
3 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi tashkil etildi

Prezidentning 30 oktyabrdagi qarorida Markazning asosiy vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari va maqomi belgilandi. Bu haqda Norma yozmoqda
 
Markaz – NNT, qayta tashkil etilayotgan Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining (FJShMQMI) huquqiy vorisi hisoblanadi. Markaz direktori lavozimiga ko‘ra Prezident huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashi rahbari o‘rinbosari hisoblanadi. 1 noyabrdan YaTS bo‘yicha xodimlarning lavozim maoshlarini belgilashda tegishli tarif koeffitsiyentlari ikki baravar oshiriladi.
 
Davlat organlari rahbarlari Markazga har tomonlama ko‘maklashadi, so‘ralgan ma'lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etadi, undan olingan materiallar va tavsiyalarni ko‘rib chiqadi. Markaz o‘z vazifalarini bajarishi uchun shartnoma asosida yetakchi, shu jumladan xorijiy muassasalar ekspertlarini jalb etish huquqiga ega.
 
Fuqarolik jamiyati institutlari huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan barcha NHH loyihalari majburiy tartibda Markaz bilan ham kelishiladi. Markaz tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar va tahlillarning natijalari Hukumat va Parlament tomonidan muntazam muhokama qilinadi hamda OAVda yoritiladi. Har yili Markaz O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatining holati va uni rivojlantirish tendensiyalari to‘g‘risidagi ma'ruzani Prezident huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha maslahat kengashiga ko‘rib chiqish uchun kiritadi, u esa davlat rahbariga axborot beradi.
 
Markazga fuqarolik jamiyati rivojlanishini, uning institutlarining davlat organlari va tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik darajasini, shuningdek, ularning mamlakatni sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy jihatdan rivojlantirishga, shu jumladan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish doirasida qo‘shgan hissasini baholash indikatorlarini ishlab chiqish va tasdiqlash tavsiya etilgan.
 
Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish tartibi saqlab qolinadi. Qo‘shimcha manbalar sifatida grantlar, homiylik xayriyalari, xo‘jalik faoliyati va xizmatlardan tushgan tushumlar va taqiqlanmagan boshqa manbalar nazarda tutiladi.

Mavzuga oid