Hindistonda 5 kishini o‘ldirgan Bin Lodin laqabli fil tutildi
Hindistonning Assam shtatida 5 kishini o‘ldirgandan so‘ng Bin Lodin laqabini olgan quturgan fil tutildi. Bu haqda NDTV telekanali xabar berdi.
Fil oktyabrda g‘azabda qishloqlardan birida 5 kishini o‘ldirgan va bir oy davomida mahalliy aholini qo‘rquvda ushlab turgan. Odamlar filning g‘azabiga duchor bo‘lmaslik uchun uylaridan chiqishga qo‘rqqanlar.
Filni tutish bo‘yicha amaliyot 11 noyabrda nihoyasiga yetgan. Fil bir necha kun davomida qidirilgan, uni tutishda dronlar va qo‘lga o‘rgatilgan fillardan foydalanilgan. Mutaxassislar filni trankvilizatorli nayzalar yordamida uxlatib qo‘yishgan.
Times of India nashrining xabar berishicha, fil 12 noyabrda qo‘riqxonaga topshirilishi kerak.
Ma'lum qilinishicha, quturgan fillarga “Al-Qoida” terrorchilik guruhi yetakchisi Usoma Bin Lodinning nomini berish an'anasi terrorchilik guruhining faollashgani bilan bog‘liq holda 2006 yildan boshlangan. Jumladan, bunday laqabli bir fil 10 dan ko‘proq odamni o‘ldirgan va shu sababli uni otib tashlashga to‘g‘ri kelgan.
Statistikaga ko‘ra, Hindistonda oxirgi 5 yil ichida 2 mingdan ko‘proq odam fillar hujumi qurboniga aylangan. O‘ldirilgan fillar soni esa 2011 yildan beri 700 ga yaqinni tashkil qiladi.
Fillarning qishloqlarga bostirishining asosiy sababi ularga tabiiy muhitda oziqa yetishmasligi hisoblanadi.
Mavzuga oid
21:03 / 27.09.2024
Botsvana ocharchilik tufayli 20 ming filni o‘ldirmoqchi
17:13 / 22.08.2024
40 yillik tutqunlikda - Janubiy Afrika hayvonot bog‘idagi so‘nggi fil ozod etildi
18:50 / 22.04.2023
Bojxonachilar fil tishi hamda 180 dona bug‘u shoxini ushlab qolishdi
23:25 / 28.06.2021