Fan-texnika | 22:35 / 14.11.2019
10660
2 daqiqa o‘qiladi

Motorola buklanuvchi displeyli RAZR smartfonini taqdim etdi (video)

Motorola kompaniyasi 13 noyabrda Los-Anjyelesdagi tadbirda mashhur RAZR V3 mobil telefonini eslatuvchi, buklanuvchi displeyli RAZR smartfonini taqdim etdi.

Motorola RAZR’ning korpusi zanglamaydigan po‘latdan va 3D Gorilla Glass himoya oynasidan tayyorlangan. Smartfon 6,2-dyuymli va 2142x876 pikselli buklanuvchi ekran olgan. Smartfonning tashqi tomonida qo‘shimcha 2,7 dyuymli displey joylashgan bo‘lib, u orqali xabarlarga javob berish, kontaksiz to‘lovni amalga oshirish, musiqani boshqarish, selfi olish va Google Assistant ovozli yordamchisini qo‘llash mumkin. Smartfonning asosiy kamerasi 16 Mpli bo‘lib, qo‘shimcha ekran yonida, selfi uchun 5 Mpli kamera esa asosiy displeyda joylashgan.

Yangi RAZR smartfoni Qualcomm Snapdragon 710 protsessori ostida ishlaydi va 6 Gb tezkor xotira hamda 128 GB doimiy xotira bilan ta'minlangan. Korpusning pastki qismida barmoq izlari skaneri joylashgan. Qurilma Android 9 operatsion tizimi ostida ishlaydi. 

Smartfon 2020 yil 9 yanvardan Verizon operatori do‘konlarida 1499 dollardan sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. 

Fevralda Samsung va Huawei kompaniyalari o‘zlarining buklanuvchi ekranli smartfonlarini taqdim etgandi. Samsung Galaxy Fold sentyabrda sotuvga chiqqan, Huawei Mate X esa 15 noyabrdan sotuvga chiqadi. 

Mavzuga oid