O‘zbekiston | 12:58 / 16.11.2019
40642
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ishsizlik darajasi ma'lum qilindi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda 2019 yilning yanvar-sentabr oylarida ishsizlik darajasi 8,9 foizni tashkil etdi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining rasmiy axborotida aytilgan.

Qayd etilishicha, sentabr oyida vazirlikning Respublika bandlik va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi respublikaning 108 ta shahar va tumanlarida navbatdagi ijtimoiy so‘rovni o‘tkazdi. Unda 485 ta fuqarolarni o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, 4,9 mingta uy xo‘jaliklari hamda 26 008 nafar fuqaro qamrab olindi.   

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatganki, ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholining 8,9 foizini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2019 yilning yanvar-iyun oylari bilan solishtirganda, 0,2 foizga (9,1 foiz) pastroq. 2018 yilning mos davriga nisbatan esa ishsizlik darajasi 0,1 foizga pasaygan. 

2019 yilda ilk bor rasmiy sektorda band aholi soni ortdi. Uning ko‘rsatkichi 9 oy davomida 307,9 mingni tashkil etib, 5 691,2 mingga kishiga yetdi.  

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, respublikadan tashqariga ishga ketganlar soni 2,6 mln kishini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda, 100,7 foizga teng.

2019 yilning yanvar-sentabr oylarida aholini ish bilan ta'minlashga ko‘maklashish maqsadida tuman (shahar) Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga 595 707 fuqaro ish topishga yordam so‘rab murojaat qilgan (ular orasida 30 yoshgacha bo‘lganlar soni 213 707 nafarni tashkil etgan). Murojaatchilarning 267 470 nafari ish bilan ta'minlandi, 216 778 kishi jamoat ishlariga jalb qilindi. 30 645 nafar fuqaro kasbga o‘qitishga jalb qilingan bo‘lsa, 47 960 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.

Ishsiz fuqarolarni ish bilan ta'minlashga ko‘maklashadigan yangi xizmat turiga ehtiyoj paydo bo‘layotgani sababli Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi fuqarolarga moddiy yordam shaklida Davlat jamg‘armasi hisobidan subsidiya va grantlar taqdim etishni yo‘lga qo‘ydi. Xususan 10 666 nafar ishsizga 8,9 mlrd. so‘m miqdorda subsidiyalar, shuningdek ishsizlarni kasb-hunarga o‘qitayotgani uchun ish beruvchilarga ham shu turdagi moddiy rag‘bat ko‘rsatilgan.

Yana 8,5 mingdan ortiq o‘zini-o‘zi ish bilan ta'minlagan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari berildi. Bu ularga ish stajini hisobga olish va pensiya olishga imkon beradi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnat resurslari miqdori va sifatini har tomonlama tahlil qilish, sifatli va obektiv baholash, shuningdek aholini ish bilan ta'minlash va bandligini oshirish maqsadida mehnat bozorini o‘rganishda davom etadi.

Mavzuga oid