Iqtisodiyot | 19:21 / 19.11.2019
32577
3 daqiqa o‘qiladi

Biznesning soliq organlariga nisbatan uchta asosiy shikoyati ma'lum qilindi 

Korrupsiya, chuqur bilimga ega bo‘lmagan xodimlar va tekshiruvlar – O‘zbekistonda biznes yurituvchilarning soliq organlariga oid uchta asosiy shikoyati shulardan iborat.

Bu haqda yangi tahrirdagi Soliq kodeksi muhokamasi vaqtida Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Biznesning noroziligiga sabab bo‘layotgan birinchi narsa – soliq tekshiruvlari va soliq organlarining vakolatlari. Shuni ma'lum qilmoqchimanki, barcha xatolarimiz, o‘tmishdagi barcha og‘ir tajribalarni tahlil qildik. Ishonch bilan aytishim mumkinki, endi hech bir inspektor soliq tekshiruvini mustaqil tarzda belgilash huquqiga ega bo‘lmaydi», – dedi Sultonov 19 noyabr kuni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda.

Vazir o‘rinbosari barcha tekshiruvlar Davlat soliq qo‘mitasi orqali soliqlardan bosh tortish tizimlarini aniqlash va ularning oldini olish mexanizmlari asosida o‘tishini ta'kidladi.

«Biznes tomonidan tanbehlarga sabab bo‘layotgan ikkinchi yo‘nalish – soliq organlarining kompetentligi. Bu borada soliq xodimlarining attestatsiyasi o‘tkaziladi. Muayyan ko‘nikma va bilimlarsiz soliq tekshiruvlarini o‘tkazish huquqini hech kim qo‘lga kirita olmaydi», – deya qayd etdi Dilshod Sultonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uchinchi muammo – sohadagi korrupsiya bo‘lib, buni bartaraf etish uchun rag‘batlantirish tizimi ishlab chiqiladi.

«Bu tizimni yaratish uchun barcha imkoniyat va texnologiyalar ishga tushiriladi. Bu – har bir soliq inspektori uchun KPI’ga asoslangan rag‘batlantirish tizimi. Shuningdek, muayyan xodim noqonuniy faoliyatga aralashganini tezkorlik bilan aniqlash uchun qayta aloqa joriy etiladi», – dedi Moliya vaziri o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.

Mavzuga oid