Sport | 18:30 / 22.11.2019
38808
16 daqiqa o‘qiladi

Mourning «Tottenhem»dagi birinchi o‘yini va grandlar to‘qnashuvi. Hafta o‘yinlari anonsi

Yevropa klublar futbolida milliy chempionat va yevrokuboklar o‘zining qizg‘in pallasini boshlamoqda. Bundan keyin, yangi yilgacha, klublar deyarli har hafta ikkitadan o‘yin o‘tkazib boradi. Ushbu dam olish kunlari uchun ham bir qator qiziqarli juftliklar tanlangan.

GALATASAROY – ISTANBUL B (22 noyabr, 22:30)

Istanbul jamoalari deganda, aslida biz uchta klubni tushunsak-da, so‘nggi yillarda Boshoqshehirning «Istanbul» jamoasi ham bu guruhga qo‘shildi va ayniqsa, «Galatasaroy» bilan qarama-qarshilik Turkiyada so‘nggi yillarning klasikasiga aylandi. Sababi ikki yildan beri «Istanbul chempionlik uchun juda yaqin kelyapti va faqat so‘nggi turlardagina, tajriba o‘z so‘zini aytib, «Galatasaroy» uloqni ilib ketayotgandi.

Esingizda bo‘lsa, o‘tgan mavsumning so‘nggi turlaridan birida «Galatasaroy» «Istanbul»ni qabul qilgan va 2:1 hisobida irodali g‘alabaga erishib, chempionlikni rasmiylashtirgandi. Jamoalarning o‘zaro o‘yinlari tarixi ham murosasiz – har ikki klubda yettitadan g‘alaba mavjud va uch o‘yin durang bilan yakunlangan. Ushbu mavsum ham katta ehtimol, bosh sovrin mana shu jamoalar o‘rtasida o‘ynalsa kerak.

Raqiblar turnir jadvalida bir xil (19) ochko jamg‘arib, 5-6 o‘rinlarni egallab turgan bo‘lishsa-da, bir g‘alaba ularni peshqadamga aylantirishi ham mumkin. Bu yilgi Superliga juda qiziqarli boshlandi – 8-o‘rindagi «Beshiktosh» 18 ochkoga ega va peshqadam «Sivaspor»dan atigi 3 ochko kam jamg‘argan, xolos.

Ushbu o‘yinda ikki oydan beri barcha musobaqalarda mag‘lubiyatsiz ketayotgan «Istanbul»ning imkoniyatlari biroz yuqori baholanmoqda. Zero mezbonlarning qariyb yarim tarkibi jarohat tufayli uchrashuvni o‘tkazib yuborishi mumkin. Jarohatlangan Andone, Falkao, O‘zbayroqli, Belhanda, Oqbobo kabi futbolchilardan tashqari, Muslera, Lemina va Babel kabi futbolchilarning ham maydonga tushishi so‘roq ostida qolgan. Mehmonlardan esa, faqat Irfan Jan Kahveji va Deniyel Aleksis jamoaga yordam bera olmaydi.  

VeST HEM – TOTTeNHEM (23 noyabr, 17:30)

Bu London derbisi, kim biladi, shuning o‘zi ham o‘yinga alohida e'tibor berishga yetarli bo‘larmidi, yo‘qmi, ammo Joze Mourino «Tottenhem» murabbiyiga aylangani butun Yevropa ham bu o‘yinni qiziqish bilan kutishiga zamin yaratmoqda. Joze shunaqa, bu yangilik emas.

Umuman olganda, o‘tgan oyning eng omadsiz jamoalarining to‘qnashuvi ancha shiddatli kechishini kutsa bo‘ladi. «Tottenhem»ning APLdagi g‘alabasiz o‘yinlari seriyasi 5 uchrashuvga yetib ulgurdi va jamoa 14-o‘ringa tushib ketdi. «Vest Hem»ning ahvoli undan badtar – Pellegrini shogirdlari so‘nggi marta ikki oy oldin «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinda g‘alaba qozongandi. So‘nggi besh o‘yinning to‘rttasi esa raqiblar foydasiga tugadi. «Vest Hem» 12 turdan keyin 13 ochko jamg‘arib, 16-pog‘onani band etib turibdi.

«Bolg‘achilar» uchun ayniqsa, asosiy futbolchilarning jarohati ham xalaqit beryapti. Darvozabon Lukash Fabianski yil oxiridagina safga qaytishi mumkin. Lansini yanvar oyigacha maydonga tusha olmaydi. Shuningdek, bu safar jamoa yetakchisi Mark Nobl, hujumchi Maykl Antonio kabi futbolchilarning ham qatnasha olmasliklari haqiqatga yaqinroq. Faqat Jyek Uilshirning mashg‘ulotlarga kirishgani va balki o‘yinga tayyor bo‘lishi mezbonlarni xursand qiladi. Mehmonlardan esa, ikki darvozabondan tashqari, Lamela va Vertongen sport formada emas. O‘z o‘zidan, yangi murabbiy ham tarkibda bir qator o‘zgarishlar qilsa kerak.

O‘zaro o‘yinlarda qiziq tarafi, negadir, «Vest Hem» «Tottenhem»ga qarshi safar o‘yinlarida muvaffaqiyatliroq harakat qilmoqda. O‘tgan mavsumdagi o‘yinda 1:0 hisobida g‘alabadan tashqari, ikki yil oldin, Liga Kubogida ham 3:2 hisobidagi g‘alaba bilan «Tottenhem»ni turnirdan chiqarib yuborishgan. 2017/18 yilgi mavsumda ham 1:1 hisobi qayd etilgandi. O‘z maydonida esa, aksincha, «Vest Hem» uch o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchrab kelmoqda. «Vest Hem»ning uyda «Tottenhem» ustidan qozongan so‘nggi g‘alabasi 2017 yilning may oyiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda Manuel Lansinining yagona goli mezbonlarga g‘alaba olib kelgandi.

ATALANTA - YuVeNTUS (23 noyabr, 19:00)

Katta ehtimol bilan «Yuventus» mavsumdagi eng qiyin safarlaridan birini o‘tkazadi. Birinchidan, «Atalanta» A Seriyaning eng hujumkor jamoasi hisoblanadi va bunday jamoa ayniqsa, o‘z uyida turinliklar uchun xavfli. Ikkinchidan, «Yuventus» shundog‘am uch o‘yindan beri «Atalanta» ustidan g‘alaba qozona olmay kelmoqda. Ayniqsa, o‘tgan yilgi Italiya kubogi o‘yinida bergamoliklar 3:0 hisobida ustun kelganini eslasangiz kerak. Uchinchidan, o‘yin terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng bo‘lib o‘tayotgani ham «Atalanta»ning imkoniyatlarini oshiradi. Zero, «Yuventus»ning turli terma jamoalarga safar qilgan futbolchilari sezilarli darajada ko‘proq hisoblanadi.

Bundan tashqari, kelasi hafta «Yuventus» «Atletiko»ga qarshi Chempionlar Ligasi o‘yinida maydonga tushishini ham e'tiborga olish kerak. Sarri jamoasi rasman keyingi bosqich masalasini hal qilgan bo‘lsa-da, guruhda 1-o‘rinni olish uchun kurashda madridliklarga yutqazmaslik shart.

«Atalanta» chempionatda juda yaxshi ketayotgandi va qatorasiga yirik g‘alabalarni qo‘lga kiritayotgandi. Lekin Chempionlar ligasida «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinlarga tayyorgarlik, shu tufayli bir qator o‘yinlarda yetakchilarga dam berilishi jamoa natijalariga ham ta'sir ko‘rsatdi. «Napoli» maydonidagi durangni aktivga yozish mumkin, lekin «Kalyari»ga qarshi uy o‘yinidagi mag‘lubiyat hammasidan ham og‘ir bo‘ldi. O‘tgan turda esa «Sampdoriya» bilan golsiz durangga imzo chekildi. Ya'ni, yuqorida tilga olingan tanaffus «Atalanta» uchun ayni muddao bo‘ldi. Gasperini shogirdlari yengil tin olib, yana bor imkoniyat bilan oldinga tashlanishlari mumkin.

Tarkiblarga kelsak, «Atalanta» o‘yinidagi pasayishga shuningdek, asosiy goleador Duvan Sapataning jarohat olgani ham sabab bo‘lgandi. U mashg‘ulotlarga kirishgan va balki zaxiradan bo‘lsa ham sheriklariga yordam berishi mumkin. Lekin boshqa yetakchi Iosip Ilichich o‘tgan o‘yinda qizil kartochka olgandi. Shuningdek, Ruslan Malinovski ham diskvalifikatsiya tufayli o‘yinda qatnasha olmaydi. Mehmonlardan biz bilgan, uzoq muddatga safdan chiqqan futbolchilardan tashqari, murabbiy bilan orasi buzilgan Krishtianu Ronaldu, shuningdek, Blez Matyuidi va Miralem Pyanichning maydonga tushishlari shubha ostiga olingan.

MILAN – NAPOLI (23 noyabr, 22:00)

«Roma»ga qarshi o‘yin oldidan milanliklarning juda qiyin taqvimga kirib borayotganliklari va kutilayotgan uchrashuvlar jamoaning yangi murabbiyi uchun ham haqiqiy sinov bo‘lishini taxmin qilgandik. Aytish mumkinki, natija borasida sinovdan o‘ta olinmadi. «Milan» «Roma»dan ham, «Latsio»dan ham, o‘tgan turda «Yuventus»dan ham mag‘lubiyatga uchradi. Faqat bu o‘yinlarda minimal hisoblar qayd etilgani hamda Turindagi o‘yinda «Milan» ancha mazmunli o‘ynagani muxlislarni biroz ovutishi mumkin. «Yuventus» bilan o‘yinda jamoa o‘yin borasida raqibidan kam ko‘rinmadi, darvozaga aniq zarbalar bo‘yicha ustunlik ham qildi. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb Voysex Shesni topilgani ham ko‘p narsadan darak bermoqda. Demak, «Napoli»ga qarshi o‘yin «Milan» o‘z o‘yinini topishida muhim qadam bo‘lishi mumkin.

«Napoli»ning ahvoli ham havas qilgudek emas. Barcha musobaqalarda besh o‘yindan iborat g‘alabasiz seriya, Italiyada so‘nggi 4 o‘yindan atigi 3 ochko olgan Anchelotti shogirdlari turnir jadvalida 7-o‘ringa tushib ketishdi. «Yuventus» bilan oradagi farq esa, endi 13 ochkoni tashkil qilmoqda. Tabiiyki, chempionlik uchun kurashishi kerak bo‘lgan murabbiyning kursisi ham qimirlab qolgan va bu o‘yinda nima qilib bo‘lsa ham, g‘alaba uchun harakat qilishi tayin. Umuman, Karlo Anchelottining qadrdon stadion – «Sansiro»ga kelishi ham o‘zgacha muhitni hosil qilsa kerak.

Mezbonlardan Ismoil Bennaser va Hoqon Chalxono‘g‘li diskvalifikatsiya tufayli jamoaga yordam bera olishmaydi. Shuningdek, Samu Kastelexo ham sonidan jarohat olgan. Himoyachi Mateo Musakkio esa shu hafta umumiy guruh bilan shug‘ullanishni boshladi. «Napoli» tarkibida Arkadiush Milikda kichik jarohat bor. Fayzi G‘ulom ham sonidan olgan jarohat tufayli o‘ynay olmasa kerak. 

MANCheSTeR SITI – CheLSI (23 noyabr, 22:30)

«Liverpul» uzoqlashib ketdi va endi «Manchester Siti» raqibiga bosim qila olmaydi. Faqat «Liverpul»ning o‘zida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolar Pep Gvardiola jamoasiga imkoniyat taqdim etishi mumkin. Buning uchun esa, har o‘yinda yuz foizlik natija uchun o‘ynalishi, avvalo, «Chelsi» ustidan g‘alaba qozonilishi shart.

Qiziq, negadir, xuddi liverpulliklarning ta'qibchisi «Manchester Siti»dek fikr yurityapmiz, aslida, turnir jadvaliga qarasak, «Chelsi» ko‘proq ochko to‘plagan va «Siti»dan oldinroqda turibdi. Bunga sabab esa, Lempard shogirdlari ko‘rsatayotgan ajoyib seriya bo‘ldi. «Chelsi» roppa rosa ikki oy muqaddam o‘z maydonida «Liverpul»dan mag‘lubiyatga uchragandi. Shundan beri, APLda 6 tur bo‘lib o‘tdi va bu o‘yinlarning barchasida «Chelsi» g‘alaba qozondi. 15 gol urdi, atigi 4ta o‘tkazib yubordi.

O‘zaro o‘yinlarga qarasak, tabiiyki, «Etihad»da bo‘lib o‘tgan so‘nggi shou esga keladi. «Manchester Siti» o‘shanda raqibini 6:0 hisobida mag‘lub etgan, ilk 25 daqiqadayoq hisob 4:0 ko‘rinishiga kelgandi. Oradan bir hafta o‘tib, raqiblar Liga kubogi finalida to‘qnash kelishdi va bu safar penaltilar seriyasida «Siti»ning qo‘li baland keldi. Ammo «Chelsi»ning Manchesterdagi g‘alabasiga ham ancha bo‘lmaganini, uch yil oldin Konte boshchiligida londonliklar bu stadiondan 3:1 hisobidagi g‘alaba bilan ketganliklarini unutmaslik kerak. «Siti» hatto ushbu mavsumda ham o‘z maydonida mag‘lubiyatga uchrab ulgurdi – «Vulverhempton» javobsiz ikki gol urgandi.

Terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng, har ikki jamoa futbolchilari ichida kim qanday formada bo‘lishini taxmin qilish oson emas. Aytish mumkinki, mezbonlardan Zinchenko tiklanib ulgurgani yo‘q. Darvozabon Edersonning safga qaytishi ma'lum emas. Bernardo Silva esa Liverpuldagi qizil kartochka tufayli diskvalifikatsiya qilingan. Mehmonlardan esa, Ros Barkli, Antonio Ryudiger, shuningdek, Kristian Pulishichda jarohat bor.

Lempardning sobiq jamoasiga raqibligi qanday kechishiga guvoh bo‘lish uchun ham ushbu o‘yinni ko‘rish kerak.

ReAL MADRID – ReAL SOSeDAD (24 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

Malorkadagi mag‘lubiyatdan so‘ng, «Real» juda yaxshi yo‘lga tushib qoldi, La Ligada 4 o‘yindan uch g‘alaba, shuningdek Chempionlar Ligasida «Galatasaroy» ustidan ikki marta g‘alaba qozonildi. Bu besh uchrashuvda «Real» raqiblar darvozasiga 16 marta gol urdi. Kurtua bu besh o‘yinda o‘z darvozasini daxlsiz saqladi va Keylor Navasning natijasini yaxshiladi. Hali turnir jadvalida «Barselona»ni quvib o‘tishning uddasidan chiqilmagan bo‘lsa-da, ushbu ijobiy seriyani davom ettirish ishtiyoqi baland ekani tabiiy. Raqib esa, anoyi emas.

Sosedadliklar yaqingacha turnir jadvalida peshqadamlik qilib turgandi. Ammo uy o‘yinlaridagi oxirgi ikki muvaffaqiyatsizlik vaziyatni yomonlashtirib qo‘ydi. «Levante» va «Leganes» jamoalariga qarshi o‘yinlarda 6 ochkodan umid qilgan Alguasil shogirdlari atigi 1 ochko bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi. Yo‘qotilgan bu besh ochko bilan basklar hozirda bemalol yakkapeshqadam bo‘lib olishlari mumkin edi.

«Sosedad» Madrid ustidan oxirgi 18 o‘yindan atigi 3tasida g‘alaba qozongan. Ammo bu g‘alabalarning ikkitasi o‘tgan mavsumga to‘g‘ri keladi. Shu yilning yanvarida «Bernabeu»da bo‘lib o‘tgan o‘yinda mehmonlar 2:0 hisobida zafar quchgandi.

Maydonga tushishi mumkin bo‘lgan futbolchilar safiga madridliklardan Marselo va Luka Yovich qo‘shildi. Bu futbolchilar mashg‘ulotlarda qatnashishni boshlashgan va agar lozim bo‘lsa, Zidan ularning xizmatidan ham foydalana oladi. Xames Rodriges, Lukas Vaskes va Nacho Fernandes hamon lazaretda qolmoqda. Mehmonlar safida Martin Odegardning o‘z sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushishi ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lardi, lekin ushbu yosh futbolchida kichik jarohat bor. Shuningdek, yana bir sobiq «realchi» Aser Ilyarramendi ham kelasi oy oxirigacha sheriklariga yordam bera olmaydi. Hujum chizig‘idagi asosiy figuralardan biri bo‘lgan Portu esa belidan olgan jarohati tufayli Madridga kelmasa kerak.

BOShQA O‘YINLAR

22 noyabr. BORUSSIYa D - Pederborn (23 noyabrga o‘tar kechasi, 00:30), PSJ - Lill (23 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45)

23 noyabr. Leganes - BARSeLONA (17:00), Fortuna - BAVARIYa (19:30), Union Berlin - BORUSSIYa M (19:30), ARSeNAL - Sauthempton (20:00), Kristal Pelas - LIVeRPUL (20:00) Torino - INTeR (24 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45)

24 noyabr. ROMA - Breshiya (19:00), Sheffild - MANCheSTeR YuNAYTeD (21:30).

Mavzuga oid