O‘zbekiston | 16:00 / 23.11.2019
9629
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekiston pochtasi»ning bosma nashrlardan 12 mlrd so‘m atrofida qarzi bor

Foto: pochta.uz

«O‘zbekiston pochtasi» aksionerlik jamiyatining bosma nashrlardan 12 mlrd so‘m atrofida qarzi bor va u yil oxirigacha to‘lab berilishi kerak. Bu haqda «O‘zbekiston pochtasi» moliyaviy direktori Rustam Dadamuhammedov ma'lum qildi.

«Bosma nashrlardan 12 mlrd so‘m atrofida qarzdorlik mavjud. Bu qarzdorlik 2019 yil davomida to‘lab berilishi kerak. Shartnomalarga asoslangan jadvallarimiz bor, grafiklarimiz bor. Hozir qarzdorlikni so‘ndirish bo‘yicha belgilangan muddatdan biroz ortda qolish kuzatilyapti. Har bir bosma nashr bo‘yicha qarzdorligimizni yilning oxirigacha bartaraf etamiz», - deya Rustam Dadamuhammedovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning iyulida «O‘zbekiston pochtasi»ga yangi rahbar tayinlangan hamda “O‘zbekiston pochtasi” 2018 yilni 27,8 mlrd so‘mlik zarar bilan yakunlagani ma'lum qilingandi.

6 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan «Hukumat soati»da AKT vaziri Shuhrat Sodiqov «O‘zbekiston pochtasi» faoliyatini jonlantirish, uni qarz botqog‘idan olib chiqib, daromadli sohaga aylantirish vazirlik oldida turgan muhim vazifalardan biri ekanini aytgan va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida hisobot bergan edi.

Mavzuga oid