Sport | 18:55 / 23.11.2019
13935
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda VAR tizimini joriy qilish sanasi ma'lum bo‘ldi

Foto: AFP/Getty Images

O‘zbekiston futbolida VAR (Video Assistant Referee – hakamning video yordamchisi) tizimini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Shu maqsadda Toshkentda VAR tizimini yo‘lga qo‘yish, ushbu tizimdan samarali foydalanish bo‘yicha seminar o‘tkazildi.

O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu seminarda FIFA Hakamlar boshqarmasidan Maykl Bossler, FIFAning futbolda zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish boshqarmasidan Bxveshan Morgen va IFAB vakili Tibo Niysen bu boradagi o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.

Qayd etish joiz, FIFA va IFAB tavsiyalariga muvofiq VAR tizimini yo‘lga qo‘yish uchun 7 oydan 12 oygacha vaqt talab etiladi va bu 3 bosqichda amalga oshiriladi. 

Dastlabki ikki bosqichda bu borada yetarli tajribaga ega VAR provayderi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi, ushbu tizim bo‘yicha ishlaydigan mutaxassislar, videoperatorlar tayyorlanadi, stadionlar VAR tizimidan foydalanish uchun moslashtiriladi, VAR bo‘yicha ishlovchi hakamlar malakasi oshiriladi, shuningdek, yakuniy bosqichda futbolchi, murabbiylar, futbol jamoatchiligiga VAR tizimining ishlash tartibi bo‘yicha zarur ma'lumotlar taqdim etiladi. Shundan keyin VAR tizimidan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Endi bu tizimni O‘zbekistonda ham joriy etish bo‘yicha keng qamrovli ish olib boriladi. VAR tizimidan rejaga muvofiq tarzda, bosqichma-bosqich, 2021 yildan boshlab foydalaniladi.

Mavzuga oid